Bir oila bekasi, ona va ishlovchi ayol sifatida “Milliy tiklanish”dan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzod Alisher Qodirovning tarbiya va ta’lim tizimi islohotlari samaradorligini oshirish uchun oilada ayollarga munosib sharoit yaratish, bolali ayollarning maoshini kamaytirmagan holda ularning ish vaqtini qisqartirish bo‘yicha bildirgan taklifini qo‘llab-quvvatlashni lozim topdim.

Ayol bir qo‘lida beshikni, bir qo‘lida dunyoni tebratadi, deya bejiz aytishmagan. Bugun ayollarga munosib ish sharoiti yaratilmas ekan, tarbiya va ta’limda ortda qolaveramiz. Ayol ertalabdan bolalarini bog‘chaga, maktabga, turmush o‘rtog‘ini ishga kuzatish barobarida o‘zi ham ishga shoshadi. Bu orada nonushta, kiyim-kechaklarni tayyorlashi, qaynona-qaynotasining hurmatini joyiga qo‘yishi lozim. Albatta, biriga ulguradi, biriga esa yo‘q.

Farzand dunyoga kelar ekan, eng avvalo, tarbiyani oilada oladi. Vatan ichra kichik Vatan deya e’tirof etilayotgan oila va mahallada katta bo‘lgan bola, kelajakda o‘z yo‘lini topa bilishi allaqachon isbotlangan. Alisher Qodirov dasturida oila, bog‘cha va maktab, ya’ni bu uchta institut yagona tizimga birlashtirilishi taklifi ilgari surilmoqda. Haqiqatan ham bir-birini to‘ldiruvchi bu tizim hamkorlikda ishlamas ekan, bu borada ko‘zlagan maqsadlarga erisha olmaymiz. Taklif qilinganidek, “Yangi avlod” davlat dasturi qabul qilishi esa bu boradagi muammolarga aniq yechim bo‘ladi.

Men barcha xotin-qizlar, ayollarni saylovda Alisher Qodirov nomzodiga ovoz berishga chaqiraman! Dasturida biz ayollarning manfaatini hech kimnikiga o‘xshamagan takliflari bilan himoya qilayotgan ekan, nima uchun bu nomzodni qo‘llab-quvvatlamasligimiz kerak!

 

Muqaddasxon SHOKIROVA,

Farg‘ona shahri, Jomiy mahallasi