Kuz fasli boshlanishi bilan issiqlik ta’minoti ob’ektlari va uskunalarini hamda turar-joylar va ijtimoiy soha ob’ektlarini kuz-qish mavsumiga puxta qilib tayyorlash ishlari boshlanib ketadi.

To‘g‘ri-da, hademay sovuq, qish-qirovli kunlar boshlansa, hamma xonadonda, hamma muassasa va ob’ektlarda isitish tizimlari ishga tushiriladi va issiqlik ta’minoti ob’ektlari va uskunalarining katta bosim bilan ishlashiga to‘g‘ri keladi. Agar mazkur tizimlarda biror muammo va kamchilik bo‘lsa, bu muammolar ortidan yana boshqa ko‘plab muammolar, tashvishli holatlar yuzaga kelishi turgan gap.

Bu borada hayotimizda ko‘plab voqealarni ko‘rganmiz, eshitganmiz. Qo‘ni-qo‘shnilarimizning uylarida yoxud ijtimoiy soha ob’ektlarida issiqlik tizimlari bilan bog‘liq turli avariyalar, qolaversa, ko‘p qavatli uylarning tom qismlaridan chakki o‘tish hollari hammamizga tanish manzaralar. Bu kabi muammolarga duch kelmaslik uchun ayni kunlarda tayyorgarlikni puxta qilish talab etiladi.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi mutasaddilari bilan bog‘landik. Vazirlik matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, issiqlik ta’minoti ob’ektlari va uskunalarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilayotgan ekan. Jumladan, 28 ta markaziy va mahalliy qozonxonani mukammal ta’mirlash reja qilingan bo‘lib, shu kunga qadar  17 ta markaziy va mahalliy qozonxona mukammal ta’mirlangan. Ushbu qozonxonalarning 94 ta qozon uskunalaridan 65 tasi mukammal ta’mirlangan.

Markaziy va mahalliy qozonxonalarning 210,7 km issiqlik tarmoqlarini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib, 137,7 km qismi ta’mirdan chiqqan. Shuningdek, joriy ta’mirlanishi rejalashtirilgan 563,8 km issiqlik tarmoqlarining 410,1 km qismi ta’mirdan chiqqan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi qaroriga asosan 2021 yilda markaziy va mahalliy qozonxonalarni hamda issiqlik tarmoqlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlarini amalga oshirish uchun jami 23,1 milliard so‘m markazlashgan mablag‘lar ajratilgan.   Mazkur mablag‘lar xisobidan 2021 yilda 56 ta ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan,   Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm viloyatlarida rejalashtirilgan ob’ektlar doirasida ekspertiza xulosalari olinib, pudrat tashkilotlari aniqlangan, qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.   Toshkent shahrida esa rejalashtirilgan ob’ektlar doirasida qurilish-montaj ishlari yakuniga yetkazilib, ob’ektlar foydalanishga topshirilgan.

Hududlarda ham ko‘p kvartirali uy-joylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Masalan, Navoiy shahar hududida faoliyat yuritib kelayotgan “Kommunal Innovatsiya” uy-joy mulkdorlari shirkati boshqaruvida bo‘lgan ko‘p kvartirali uylarda ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

–  Shirkatimiz tomonidan Islom Karimov ko‘chasi 48-son ko‘p kvartirali uy-joyning 460 kv.m tom qismini mukammal ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan, – deydi shirkat raisi R.Normayev. — Shuningdek, shirkat boshqaruvida bo‘lgan Islom Karimov ko‘chasi 64-son uyning 4 ta kirish yo‘laklarida ham mukammal ta’mirlash ishlarini olib bormoqdamiz.

Xuddi shu kabi Angren shahrida ham kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari qizg‘in kechmoqda. “Angren issiqlik energiyasi” DUK ishchi-xodimlari tomonidan kuz-qish mavsumida ko‘p qavatli uylarga sifatli issiqlik ta’minoti yetkazib berish maqsadida amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Jumladan, hududdagi “Bobotog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini 5/1b MISH nasos stansiyasida elektr kuchlanish kabeli va ochib-yopish moslamalarini ta’mirlash hamda “Angren” nasos stansiyasida nazorat asboblarini o‘rnatib, ochib-yopish moslamalarini almashtirish ishlari qizg‘in pallaga kirgan. Shuningdek, “Karvon”, “Kimyogar” va “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi issiqlik tarmoqlari quvurlarini almashtirish va  payvandlash kabi  qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, joylarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish ishlari qizg‘in amalga oshirilmoqda. “Qish g‘amini yozda ye”, deganlaridek, ayni paytdagi puxta hozirlik, rejalashtirilgan ishlarni mukammal tarzda, maromiga yetkazib amalga oshirish qish kunlarida xotirjam, turli ko‘ngilsizliklardan, tashvishlardan xoli yashashimizga asos bo‘ladi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA