O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati tomonidan taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Tatariston Prezidenti Rustam Minnixanov bilan uchrashdi.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya Qozonga tashrifi chog‘ida “TCI – 2021” global konferensiyasida ishtirok etadi va «Ximgrad» texnopolisi va Innopolis shaharchasi faoliyati bilan tanishadi.

O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasida ilm-fan, innovatsiyalar va texnologiyalar sohasida hamkorlik uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Rustam Minnixanov Tatariston Rossiyaning eng iqtisodiy va innovatsion jihatdan eng barqaror rivojlangan hududlaridan biri ekanini, axborot texnologiyalar rivojiga alohida e’tibor berilishini ta’kidladi.

Shu o‘rinda R. Minnixanov O‘zbekistonda oxirgi besh yildagi o‘zgarishlar haqida gapirarkan, O‘zbekistonning jahon maydonidagi imiji ijobiy tomonga o‘zgarganini, bu o‘z navbatida davlatlararo turli yo‘nalishlarda hamkorliklar uchun keng yo‘l ochib berganini aytdi.

Innovatsion rivojlanish vaziri R. Minnixanovning joriy yil iyun oyida Toshkentga tashrifi natijalari yuqori baholandi. Tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlar jadal amalga oshirilayotani haqida fikrlar almashildi.

Vazir O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasida qo‘shma startap loyihalarni amalga oshirish hamda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlari uchun Tataristonda «Innovatsion menejment» yo‘nalishida maxsus kurslar tashkil etish taklifini bildirdi. R. Minnixanov tomonidan O‘zbekiston delegatsiyasi takliflari qabul qilindi va mazkur loyihalarni amalga oshirishga kelishildi.

Shuningdek, ikki davlat vakillari O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi binosining ko‘rgazmalar zalida Tatariston burchagini tashkil etish zarurligini inobatga olib, bu bo‘yicha tashkiliy ishlarni rejalashtirdi. O‘z navbatida, noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan “InnoWeek-2021” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligiga Tatariston delegatsiyasining tashrifi kutilmoqda.

 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA