Prezidentimiz kuni kecha “Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan tadbirkorlarning bir guruhiga minnatdorchilik bildirish to‘g‘risida”gi farmoyishni imzoladi. Ana shu tadbirkorlar safida Sirdaryo viloyatidagi “Wang da group” korxonasi rahbari Go‘zalxon Tojimirzayeva ham bor.

Bugun ertalab “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida bo‘lib o‘tgan marosimda Go‘zalxonga “Eng ko‘p ish joylari yaratgan tadbirkor” nominatsiyasi bo‘yicha davlatimiz rahbarining minnatdorlik tabriknomasi topshirildi.

– Yuksak e’tirofdan juda xursandman. Prezidentimizning minnatdorligi bizni benihoya ruhlantirib yubordi, – deydi Go‘zal Tojimirzayeva. – Korxonamiz 2015 yilda tashkil etilgan. Asosiy maqsadimiz –faoliyatimizni rivojantirish. Albatta, bu o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Konvertatsiya masalasi, investorlarga sharoit yaratish, ularning huquqlarini himoya qilish, yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar tufayli bugungi natijalarga erishdik. 24 yoshdaman. Ishim bo‘yicha turli davlat tashkilotlariga murojaat qilsam ijobiy javob olayapman. Bu ham davlatimiz rahbarining e’tibori tufayli.

Korxonamizda metall qayta ishlanib, qurilishda ishlatiladigan turli mahsulotlar ishlab chiqariladi. Faqatgina Sirdaryo viloyatining o‘zida 600 nafardan ziyod, mamlakatimiz bo‘yicha mingdan ortiq kishining bandligini ta’minlaganmiz. Joylarda 11 dan ortiq turli yo‘nalishlarga ixtisoslashgan ko‘shma korxonalar tashkil etganmiz.

Korxonamiz har yili 50 million dollar miqdoridagi import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarib, mahalliy bozorni ta’minlayapti. Masalan, oldinlari samorezlar import qilingan, o‘zimizda tayyorlanganlari ham u qadar sifatli emasdi. Korxonamiz mazkur muammoni hal qilgan holda, bu turdagi mahsulotlarni sifatli tayyorlashni boshladik.

Bundan keyin ham ishimizni kengaytirish va sifatli mahsulotlarimiz bilan xorijiy bozorlarni egallash asosiy maqsadimiz bo‘ladi.

 

Abdulaziz Musav yozib oldi, O‘zA