O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovning savollariga javoblari

Savol. Muhtaram Prezident, avvalo, gazetamiz uchun intervyu berishga rozilik bildirganingiz uchun Sizga minnatdorlik izhor etamiz.

Ma’lumki, keyingi besh yil davomida mamlakatimizda keng miqyosdagi demokratik o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. “Yangi O‘zbekiston” degan tushuncha real voqelikka aylanmoqda. Siz davlat boshlig‘i, ana shu ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning tashabbuskori va ularning markazida turgan islohotchi rahbar sifatida bu yangilanishlarning mazmun-mohiyatini birinchi navbatda nimalarda ko‘rasiz?

Javob. Avvalo shuni aytish kerakki, o‘z yurtida ozod va erkin hayot, adolatli jamiyat barpo etishdek ulkan maqsadni o‘z oldiga qo‘ygan har qanday xalq, har qanday millat og‘ir, mashaqqatli va murakkab taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tadi.

Kelajakka katta umid va ishonch bilan qarab, hamisha sabr-matonat bilan yashagan o‘zbek xalqi ham 1991 yil 31 avgustda muqaddas orzusiga erishdi – jonajon Vatanimiz o‘z davlat mustaqilligini qo‘lga kiritdi.

Nasib etsa, yana sanoqli kunlardan keyin ana shu qutlug‘ sananing 30 yilligini ulkan shodiyona sifatida keng nishonlaymiz.

Bu shonli bayram oldidan mamlakatimizda katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Joylarda keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari shiddat bilan olib borilmoqda. Jumladan, poytaxtimizga tutash 100 gektardan ortiq ulkan hududda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i hamda betakror Mustaqillik majmuasi jadal sur’atlar bilan bunyod etilmoqda. Nasib etsa, bu yil eng ulug‘, eng aziz bayramimizni mana shu yangi maydonda o‘tkazamiz.

Hech shubhasiz, istiqlol yillarida yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish yo‘lida tarixiy ishlar amalga oshirildi, mard va olijanob xalqimizning bukilmas irodasi va ulkan salohiyati bilan katta marralar zabt etildi. Tarixan qisqa muddatda mamlakatimiz Konstitutsiyasi – Asosiy qonunimiz ishlab chiqildi va qabul qilindi. Vatanimiz suveren davlat sifatida jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladi. O‘zbekistonda zamonaviy davlatchilik asoslari yaratilib, konstitutsiyaviy tuzumga asos solindi. Davlat hokimiyatining uchta mustaqil tarmog‘i – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari qaror topdi. Tom ma’nodagi konstitutsiyaviy davlat barpo etildi.

O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti va davlat mustaqilligini, sarhadlarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti hamda milliy manfaatlarimizni ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan Qurolli Kuchlar tashkil etildi. Milliy valyutamiz – so‘m joriy etildi va oltin-valyuta zaxiralarimiz shakllantirildi.

Qadimiy tariximiz, boy madaniy merosimiz, milliy-diniy qadriyatlarimiz, o‘zligimiz tiklandi.

Mana shunday unutilmas tarixiy jarayonlarda faol ishtirok etish nasib etganidan baxtiyorman.

Mustaqil taraqqiyot borasida erishgan ulkan yutuqlar bilan birga, yo‘limiz ayrim xato va kamchiliklardan ham xoli bo‘lmaganini ochiq aytish lozim. Mustabid tuzumdan voz kechib, demokratik jamiyat barpo etishga qaratilgan jarayonlar, murakkab va tahlikali davrning o‘zi turli muammo va vazifalarni oldimizga ko‘ndalang qo‘ydi. Ularni muvaffaqiyatli hal etish uchun bilim va tajribamiz, iroda va qat’iyatimiz ba’zan yetsa, ba’zida yetmagan holatlar ham bo‘ldi.

Shu bois mamlakatimiz taraqqiyotini yangi, yuksak bosqichga ko‘tarish, buning uchun yangi islohotlarni amalga oshirish ob’ektiv zarurat, eng muhim strategik vazifaga aylandi.

Darvoqe, “yangi” degan so‘zning biz uchun alohida ahamiyati bor. Masalan, eng ko‘hna bayramlarimizdan biri Navro‘z – Yangi kun deb atalishini esga olaylik. Ushbu qadimiy bayram bilan bog‘liq qadriyat va an’analar hayotimizga shu qadar singib ketganki, xalqimiz asrlar davomida, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy aytganlaridek, “Har tuning qadr o‘lubon, har kuning bo‘lsin Navro‘z!” degan ezgu tilaklar, pok niyatlar bilan yashab keladi.

Yoki o‘tgan asrning boshlarida yurtparvar, millatparvar bobolarimiz “jadidchilik”, ya’ni, yangilanish va erkinlik, adolat va tenglik, ilm-ma’rifat va milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini bayroq qilib, kurash maydoniga mardona chiqqanlarini barchamiz yaxshi bilamiz. Bu ulug‘ zotlarning maqsadi – jaholat va qoloqlik girdobida qolib kelayotgan Turkiston xalqini dunyoviy ilm-fan, ilg‘or kasb-hunarlar bilan qurollantirib, umumbashariy rivojlanish yo‘liga olib chiqishdan iborat edi.

Jadidlar tomonidan tashkil etilgan yangi usuldagi maktablar, teatr, kutubxona va muzeylar, gazeta va jurnallar, Turkiston farzandlarini chet ellarga o‘qishga yuborish maqsadida tuzilgan xayriya jamiyatlari xalqimizni necha asrlik g‘aflat uyqusidan uyg‘otdi, milliy ozodlik harakati uchun beqiyos kuch berdi. Afsuski, yurtimizda bolsheviklar diktaturasi o‘rnatilgani, chor mustamlakachilik siyosati yangicha shaklda davom ettirilgani ma’rifatparvar bobolarimizga o‘z maqsad-muddaolarini to‘liq amalga oshirish imkonini bermadi. Lekin ularning ezgu orzu-niyatlari xalqimizning qon-qonida, tarixiy xotirasida saqlanib qoldi va hanuz yashamoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Shu ma’noda, bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi zamirida ana shunday ulug‘ ajdodlarimiz, umuman olganda, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi uyg‘onish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari ham mujassam, desak, adashmagan bo‘lamiz.

Insoniyat tarixi shundan dalolat beradiki, har qaysi xalq hayotidagi ma’naviy uyg‘onish jarayonlari milliy o‘zlikni anglashga olib keladi hamda mamlakatning iqtisodiy, madaniy taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘taradi. Bunday ijtimoiy noyob hodisa “Renessans” – uyg‘onish, qayta tiklanish, yuksalish deb atalishi barchamizga ayon.

Ma’lumki, bugungi O‘zbekiston zamini qadimda ikki buyuk uyg‘onish davriga – Birinchi (ma’rifiy – IX-XII asrlar) va Ikkinchi (Temuriylar – XIV-XV asrlar) Renessansga beshik bo‘lgan. Bu – jahon ilm-fanida o‘z isbotini topgan va tan olingan tarixiy haqiqatdir.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda yana bir muhim Uyg‘onish jarayoni kechmoqda. Shuning uchun “Yangi O‘zbekiston” va “Uchinchi Renessans” so‘zlari hayotimizda o‘zaro uyg‘un va hamohang bo‘lib yangramoqda, xalqimizni ulug‘ maqsadlar sari ruhlantirmoqda.

bugungi kunda O‘zbekiston demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanib bormoqda. Aynan mana shu jarayon men uchun islohotlarimizning eng katta natijasidir. Chunki, maqsadning aniqligi – harakatlar samarasini ta’minlaydigan eng muhim mezondir.

Agar biz bundan besh yil oldin qabul qilgan Harakatlar strategiyasining tub mazmun-mohiyatini muxtasar ifoda etadigan bo‘lsak, ushbu noyob hujjatda o‘z oldimizga Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek buyuk vazifalarni strategik maqsad qilib qo‘ygan edik.

Ta’kidlash kerakki, Yangi O‘zbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, sub’ektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo‘lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to‘la javob beradigan ob’ektiv zaruratdir.

Yangi O‘zbekiston – demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umume’tirof etilgan norma va prinsiplarga qat’iy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan do‘stona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat bo‘lgan davlatdir.

O‘tgan tarixan qisqa davrda islohotlar tufayli erishgan natijalarimiz haqida uzoq gapirmoqchi emasman. Bu mavzuda mamlakatimiz hamda chet el ommaviy axborot vositalari orqali nufuzli davlat va siyosat arboblari, ekspert va tahlilchilarning fikrlari muntazam e’lon qilib kelinmoqda.

Bunday xolis baholar barchamizni quvontiradi. Ayni vaqtda shuni ta’kidlashni istardimki, biz bu demokratik o‘zgarishlarni kimlargadir yoqish, maqtanish, turli reytinglarga kirish uchun emas, aksincha, demokratik jarayonlar o‘zimizga suv bilan havodek zarur bo‘lgani uchun, xalqimiz, avvalambor, yosh avlodimizning bugungi hayoti va ertangi istiqbolini o‘ylab, milliy manfaatlarimiz yo‘lida amalga oshirmoqdamiz.

Biz – O‘zbekiston fuqarolari jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi shiddat bilan o‘zgarib, hayotimizda yangicha munosabatlar, yangi imkoniyat va qadriyatlar shakllanayotganini hammadan ham ko‘proq his etmoqdamiz. Ayniqsa, “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “so‘z erkinligi”, “din va e’tiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy ko‘nikmalar hozirgi vaqtda real voqelikka aylanib borayotgani e’tiborlidir.

Bir haqiqatni ochiq tan olishimiz lozim: vaqt o‘tishi bilan islohot jarayonlari tobora kengayib bormoqda, shiddatli zamon oldimizga yanada ulkan vazifalarni qo‘ymoqda. Hayotning o‘zi bizni ko‘p narsaga o‘rgatmoqda. Shu sababli biz doimiy izlanishdamiz. Izlanish bor joyda yutuqlar bilan birga kamchilik va nuqsonlar ham bo‘lishi tabiiydir.

Eng asosiysi, “Harakatda – barakat” deganlaridek, biz eng qiyin bosqichdan o‘tdik, ya’ni, yo‘limizni aniq belgilab, katta ishlarni boshladik. Endi hamma gap islohotlar yo‘lini qat’iyat bilan davom ettirish va mantiqiy yakuniga yetkazishda. Bu albatta oson emas, ammo biz bunga qodirmiz. Muhimi, keyingi yillarda bunday ulkan va murakkab vazifani amalga oshirish uchun yetarli siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy-institutsional zamin yaratildi.

 Savol. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy islohotlar jarayonida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan muhim konstitutsiyaviy tamoyilni joriy etishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Buning sababi nimada?

Javob. Men ko‘p yillar davlat boshqaruvining eng quyi bo‘g‘inidan boshlab, o‘rta va eng yuqori pog‘onagacha – barcha bosqichlarda mas’ul lavozimlarda ishlaganman, Oliy Majlis deputati ham bo‘lganman. Shuning uchun ham eski boshqaruv tizimining barcha nuqson va kamchiliklarini, aholini qiynayotgan dardu muammolarni quyi bo‘g‘indan boshlab, ich-ichidan, boshqalardan ko‘proq bilaman, deb to‘liq ishonch bilan ayta olaman.

Buyuk Amir Temur bobomizning Shahrisabzdagi Oqsaroy qarorgohi peshtoqiga bitilgan “Adolat – davlatning asosi va rahbarlar shioridir” degan hikmatli so‘zlarida juda chuqur ma’no bor.

Ma’lumki, ajdodlarimiz azaldan “Zulm qilma, insofli bo‘l, xalq uchun adolat qo‘rg‘onini bunyod et”, deb yosh avlodga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatganlar. Biz ham sud-huquq tizimini isloh etishda ana shunday sodda va hayotiy talablardan kelib chiqdik. Xususan, “Sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik bo‘lishi kerak” degan g‘oyani ilgari surdik va amalga oshirishni boshladik.

Shu o‘rinda mamlakatimizda davlat va hokimiyat idoralari uzoq vaqt davomida xalq hayotidan uzilib qolganini qayd etish lozim.

Siyosiy-huquqiy nuqtai nazardan davlatga “xalq xohish-irodasini ifoda etadigan organ” deb ta’rif beriladi. Davlatni kim shakllantiradi? Xalq va uning muxtor vakillari. Binobarin, davlat va uning organlari avvalo kimga xizmat qilishi kerak? Albatta, xalqqa, turli mansab egalariga ovoz bergan va ishonch bildirgan fuqarolarga.

Shu ma’noda, xalqimiz davlat xizmatidan rozi bo‘lishga har tomonlama haqli va munosibdir.

Ana shunday tamoyillar asosiga qurilgan davlat hokimiyatigina tom ma’noda xalqchil, demokratik hokimiyat hisoblanadi. Bunday davlat va jamiyatning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy ildizlari mustahkam va baquvvat bo‘ladi. Shu sababdan biz xalqimizning og‘irini yengil qilish, uning muammolarini vaqtida va samarali yechish, odamlarimizning hayot darajasi va sifatini yaxshilashni barcha islohotlarimizning bosh maqsadi etib belgiladik.

Men davlat rahbari sifatida faoliyat boshlagan 2017 yilga mamlakatimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, deb nom berganimiz zamirida ham aynan shunday intilish va harakatlarimiz mujassam ekanini anglash qiyin emas, deb o‘ylayman.

Albatta, biz eski tizimni batamom o‘zgartirib, o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadga to‘liq erishdik, deb aytishga hali erta. Takror aytaman, biz har kuni izlanishdamiz. Bu yo‘lda dastlabki qadamlarni qo‘ymoqdamiz, xolos. Lekin “Bu o‘zgarishlar – vaqtinchalik kampaniya, o‘tadi-ketadi”, deganlar yanglishadi. Bu – Prezident va uning komandasi uzoqni ko‘zlab yuritayotgan pragmatik xalqchil siyosatning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri va uni xalqimiz bilan birgalikda albatta oxirigacha olib boramiz, hech qachon ortga qaytmaymiz.

bugungi kunda biz erishgan eng muhim natija ham aslida shu – demokratik islohotlarimiz ortga qaytmaydigan tus oldi.

Mamlakatimizda davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tobora kengayib bormoqda. Senator va deputatlar, vazir va hokimlar, barcha bo‘g‘indagi mansabdor shaxslar fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning dardu tashvishlari bilan qog‘ozda emas, amalda jiddiy shug‘ullanmoqda. Ya’ni, avvalambor, davlat organlari xalq uchun, har bir fuqaro uchun ochilib, ular bilan faol muloqot olib bormoqda.

Biz hayotimizda majburiy mehnat, xususan, bolalar mehnati, ishsizlik, kambag‘allik, korrupsiya, aholini uy-joy bilan ta’minlash, ta’lim va tibbiyot bilan bog‘liq muammolar mavjudligini ochiq tan olib, ularni keng jamoatchiligimiz bilan birgalikda bartaraf etmoqdamiz.

Bugun odamlarda adolatga, haqiqatga ishonch paydo bo‘lmoqda. Ular turli darajadagi rahbar va mansabdorlarning ish faoliyatiga xolisona baho bermoqda, kamchiliklarni oshkora tanqid qilmoqda. Milliy taraqqiyotimiz uchun bu juda muhim ahamiyatga ega. Chunki, atoqli shoirimiz Erkin Vohidov aytganidek, “Yaxshidir achchiq haqiqat, lek shirin yolg‘on yomon”.

Bugun odamlar uyg‘onmoqda, jamiyat uyg‘onmoqda. Ma’naviy uyg‘oq jamiyat – bu, hech shubhasiz, qudratli kuchdir.

O‘zingiz ayting, atigi bir necha yil oldin bunday natijalarni tasavvur qilish mumkinmidi? Yo‘q, albatta. Shuning uchun bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston emas, bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Ayni paytda yana bir haqiqatni unutmasligimiz lozim: bugungi O‘zbekiston – bu hali tom ma’nodagi, biz orzu qilayotgan, intilayotgan Yangi O‘zbekiston emas. Hali bu marraga yetish uchun oldimizda juda olis va mashaqqatli yo‘l turibdi. Yo‘limiz shu paytgacha oson bo‘lgani yo‘q, bundan keyin ham oson bo‘lmaydi. Lekin biz dadil oldinga borishdan, kerak bo‘lsa, kutilmagan, ammo pirovard natijasi samarali va xalqimiz manfaatlariga javob beradigan noan’anaviy qarorlar qabul qilishdan cho‘chimasligimiz zarur.

Mana, so‘nggi paytda ko‘pgina masalalarda, jumladan, “propiska”, xorijga chiqish uchun “stiker”, majburiy mehnat, paxta va g‘allaga davlat buyurtmasini belgilash kabi eski tartiblardan mutlaqo voz kechish bo‘yicha g‘oyat muhim qarorlar qabul qildik.

Sodda qilib, jaydari tilda aytadigan bo‘lsak, bu bilan osmon uzilib, yerga tushgani yo‘q. Aksincha, byurokratiya, vazifani suiiste’mol qilish, tamagirlik ko‘rinishlari kamayib, jamiyatimiz hayoti erkinlashdi, odamlar yengil nafas ola boshladi. Xalqimiz ham, dunyo jamoatchiligi ham bu qadamlarimizni ijobiy baholamoqda.

Yangi O‘zbekiston – bu, avvalo, yangicha iqtisodiy munosabatlar, yangicha iqtisodiy dunyoqarash demakdir. Shu bois mamlakatimiz iqtisodiy tizimi to‘liq qayta qurilmoqda, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, bozor mexanizmlarini amalda joriy etishni boshladik.

Hozirgi vaqtda elektron kartochkadagi pullarni bankomatlar orqali naqd pulga aylantirish, milliy valyuta kursining “qora bozor”da – bir xil, banklarda esa boshqacha bo‘lishi, xorijiy valyutalarni sotib olish, fuqarolikka ega bo‘lish, O‘zbekistonning istalgan hududidan uy-joy va mol-mulk sotib olish hamda ularni ro‘yxatga qo‘yish bilan bog‘liq muammolar tarixda qoldi.

Islohotlar aholining barcha qatlamlari manfaatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda: tadbirkorlar o‘z biznesini rivojlantirish uchun erkinlik va yangi-yangi imkoniyatlarga ega bo‘lmoqda, dehqon va fermerlar, klaster xo‘jaliklari o‘zlari yetishtirgan hosilning haqiqiy egasiga aylanmoqda. Holbuki, sobiq mustabid tuzum davrida “tepa”dan buyruq bo‘lmasa, bir qadam bosishga ham haqqimiz yo‘q edi. Ahvol shu darajaga yetib borgan ediki, uyimizning tomigacha paxta ekdik, lekin kosamiz oqarmadi. Maktab bolalarini ham paxtaga haydadik. Sevimli shoirimiz Abdulla Oripov o‘z davrida chuqur dard va iztirob bilan “Million egatlarga sochilgan o‘zbek”, deb yozganidek, yuz yil egilib paxta terdik.

Yaqin-yaqingacha har yili taxminan 6-7 million odam paxta terimiga majburan safarbar etilardi. Mana, uch yildan buyon ular bu mashaqqatdan qutuldi. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu sohada biz bozor iqtisodiyotining sinalgan va samarali usullarini, jumladan, klaster tizimini joriy etdik. Klasterlar yordamida gektaridan paxta bo‘yicha – 50 sentner, g‘alla bo‘yicha 100 sentnerdan hosil olishni ko‘zlayapmiz va bu marralarga albatta erishamiz.

Afsuski, mamlakatimizda tezlik bilan hal etish kerak bo‘lgan o‘tkir muammolar boshqa sohalarda ham yig‘ilib qolgan edi. Hammasi joyida, degan kayfiyat bilan ularni bilib – bilmaganga, ko‘rib – ko‘rmaganga olib, g‘aflat uyqusiga botib yuraverish ham mumkin edi. Lekin bu o‘zimizga, xalqimizga, kelajakka nisbatan xiyonat bo‘lardi.

Ochiq aytmoqchiman: mening tabiatim bunday soxta hayotni mutlaqo qabul qilolmaydi. Xalqimiz menga ishonch bildirdi, ana shu yuksak ishonchni oqlash, el-yurtimizga munosib hayot sharoitini yaratib berish – men uchun hayotimning ma’no-mazmunidir. Men millionlab insonlarning taqdiri uchun mas’uliyatni zimmamga olgan ekanman, islohotlar borasida boshqacha yo‘l tutishim, hammasini avvalgidek qoldirishim aslo mumkin emas.

Takror aytaman: oldimizda turgan ishlarning barchasini o‘zimiz, o‘z kuchimiz bilan qilishimiz kerak, hech kim chetdan kelib biz uchun bironta muammoni hal qilib bermaydi.

Savol. Mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida oldimizda turgan eng ustuvor vazifalar nimalardan iborat?

Javob. O‘tgan yil dekabr oyida Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomada bu haqda atroflicha to‘xtalib o‘tgan edim. Shu bois savolingizga qisqacha javob bermoqchiman.

Birinchi ustuvor vazifa: ijtimoiy siyosat mamlakatimizda davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelgan, hozir ham shunday va kelgusida ham shunday bo‘lib qoladi.

bugungi kunda xalq farovonligini, odamlarning hayot darajasini har tomonlama oshirish, buning uchun yangi ish o‘rinlari, daromad manbalarini yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, qishloq va shaharlarimizni obod qilish iqtisodiy strategiyamizning eng muhim yo‘nalishlari hisoblanadi.

Yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning mutlaqo yangi va o‘ziga xos tizimi yaratildi. Siz, jurnalistlar, bundan albatta yaxshi xabardorsiz. Keyingi paytda “temir daftar”“ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullari aynan shu maqsadda joriy etilmoqda. Shu asosda muammoga oid mavhum ko‘rsatkichlar emas, balki yordam va ko‘makka muhtoj har bir oila va fuqaroning, xotin-qizlar, yoshlarning muammolari o‘z joyida aniq o‘rganilmoqda, ular vaqtida va samarali hal etilmoqda.

Keksalar, nogironlar, og‘ir ahvolga tushib qolgan insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga mehr va muruvvat ko‘rsatish kabi ezgu an’analar bugungi kunda yangicha ma’no-mazmun, amaliy harakatlar bilan boyib, takomillashib bormoqda. Bu borada, ayniqsa, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” kabi dasturlar o‘z ijobiy natijasini bermoqda.

Birgina “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 2021 yilda barcha shahar va tumanlardagi jami 7 ming 794 ta qishloq va mahallada umumiy qiymati 20,8 trillion so‘mlik qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ta’kidlash kerakki, milliy tariximizda qishloq va mahallalarimizni obodonlashtirishga hech qachon bunchalik katta mablag‘ ajratilmagan, eng muhimi, ularning rivojiga bu qadar jiddiy e’tibor berilmagan.

Ana shunday keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish uchun rahbarlar qulay va shinam kabinetlardan chiqib, bevosita pastga, mahalla darajasiga tushib ishlamoqda.

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning aniq manzilli xususiyatga ega ekani har bir muhtoj insonga uning real ehtiyojini hisobga olgan holda yordam ko‘rsatish imkonini bermoqda. Bunda ushbu toifaga mansub hech bir inson e’tibordan chetda qolmasligiga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz.

Taklif va tashabbuslar ilgarigidek faqat “tepa”dan emas, balki ko‘proq quyidan bo‘lmoqda. Ularni amalga oshirishda esa quyi, o‘rta va yuqori bo‘g‘indagi davlat boshqaruv idoralarining samarali hamkorligi ish bermoqda. Shu asosda jamiyatimizning ijtimoiy manzarasi butunlay o‘zgarmoqda, samarali boshqaruvning natijadorligi oshmoqda, eng muhimi, odamlarning hayotga, mehnatga, o‘zining taqdiri va ertangi kunga ishonchi ortmoqda.

Men bunday o‘zgarishlarni jamiyat taraqqiyotining eng asosiy sifat ko‘rsatkichlari, deb hisoblayman.

Albatta, ijtimoiy himoya tizimidagi ayrim kamchilik va nuqsonlar saqlanib qolmoqda. Biz ularni bosqichma-bosqich bartaraf etamiz, ushbu tizimni takomillashtirib, yaxshi natija beradigan, jamiyatdagi barcha sog‘lom kuchlarni shu maqsad atrofida birlashtiradigan darajaga yetkazamiz.

Muhtoj fuqarolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri, aniq maqsad bilan moddiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishda asosiy e’tibor aholining kam ta’minlangan qatlamlariga dotatsiya berish emas, balki ularga daromad topish uchun zarur sharoit va imkoniyatlar tug‘dirishga qaratilmoqda.

Ikkinchi ustuvor vazifa: iqtisodiy taraqqiyot sohasida o‘sish nuqtalarini aniqlash va ularga alohida ahamiyat qaratish, shu tariqa Yangi O‘zbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish muhim rol o‘ynaydi.

Masalan, biz uchun o‘ta muhim bo‘lgan to‘qimachilik tarmog‘ini olaylik. Korxonalarimiz bu sohada paxtani yetishtirishdan boshlab uni chuqur qayta ishlashgacha, yakuniy mahsulot ishlab chiqarishga qadar bo‘lgan barcha texnologik jarayonlarni puxta o‘zlashtirib, eksport va foyda hajmini bir necha barobar oshirgan taqdirdagina mazkur yo‘nalishda yetakchi mamlakatlarning ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatlasha olishi mumkin.

Ona zaminimiz bag‘ridagi boy xomashyo va qazilma boyliklarni el-yurtimiz manfaatlari yo‘lida ishlatish maqsadida yuqori samarali, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilmoqda. Shu boradagi sa’y-harakatlarimiz tufayli keyingi yillarda Qandim gazni qayta ishlash kompleksi, Toshkent metallurgiya zavodi kabi yirik va noyob ob’ektlar ishga tushirildi, Navoiy kon-metallurgiya majmuasi hamda O‘zbekiston metallurgiya kombinatining ishlab chiqarish quvvatlari kengaytirildi. Ana shu ishlarimizning davomi sifatida yaqinda yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda loyiha qiymati 2 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining yangi mis boyitish fabrikasi qurilishi boshlanganidan xabaringiz bor.

Biz iqtisodiyotimizni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishda alohida ahamiyatga ega bo‘lgan xususiylashtirish jarayonida faqat davlat korxonalarini sotish emas, balki ularning raqobatdoshligini oshirish, iqtisodiy sohadagi milliy manfaatlarimizni mustahkamlashga xizmat qiladigan mutlaqo yangi yondashuvlarni qo‘llashga ustuvor ahamiyat bermoqdamiz. Davlat aktivlarini sotishda shaffoflik va samaradorlikni, keng jamoatchilik ishtirokini ta’minlaydigan kafolatlarni yaratish ayniqsa o‘ta muhimdir.

Uchinchi ustuvor vazifa: biz hozirgi global pandemiya davrida aholi sog‘ligini muhofaza qilish, jumladan, tadbirkorlarni o‘z muammolari girdobiga tashlab qo‘ymaslikni asosiy maqsadlarimizdan biri sifatida ko‘ramiz. Chunki har bir tadbirkorlik tuzilmasi ortida qancha-qancha insonlarning ish o‘rni, oilalarning daromadi, bugungi va ertangi taqdiri turibdi.

Yangi O‘zbekistonda kichik va xususiy biznes sub’ektlari soni keyingi paytda ikki barobar ko‘paydi, ushbu tarmoqdagi 50 foizdan ziyod korxonalar faqat keyingi uch yilda tashkil etilgan. Bu esa mamlakatimizda muhim ijtimoiy qatlam – o‘rta sinfning kuchayishi uchun puxta zamin bo‘lmoqda.

Shuning uchun ham biznesni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik va xususiy mulkni himoya qilish barcha iqtisodiy islohotlarning bosh masalasi bo‘lib qolmoqda. Tadbirkorlar ularni qo‘llab-quvvatlash haqidagi chiroyli so‘zlarni ko‘p eshitgan, endi bu gaplarning amaliy ta’siri va natijasini o‘z kundalik faoliyatida his etishi kerak.

Biznes ahli haqida faqat soliqlarni to‘lash va tekshirishlar paytida eslaydigan zamonlar o‘tib bo‘ldi. Shu nuqtai nazardan, soliq qonunchiligini maqbullashtirish borasida biz ancha ish qildik, lekin hali oldimizda yanada katta vazifalar turibdi va biz ularni albatta amalga oshiramiz.

Ayrim mahalliy hokimiyat organlari tomonidan tadbirkorlar ishiga aralashish, “telefon huquqi”dan foydalanib, ularga tazyiq o‘tkazish holatlari uchrab turgani ham bor gap. Biz bunday muammolarga uzil-kesil nuqta qo‘yish ustida ishlayapmiz. Agar biz tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlamasak, ularga sharoit yaratib bermasak, xususiy korxonalar sonini ko‘paytirmasak, shahar va tumanlarning mahalliy byudjeti nochor ahvolda qolaveradi.

Barchamiz bir haqiqatni chuqur anglab olishimiz kerak: tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash – fuqarolar, xalqimiz farovonligini oshirishning eng samarali yo‘li, Yangi O‘zbekistonni barpo etishning pirovard maqsadidir.

Bu sohadagi mavjud kamchilik va nuqsonlarni hal etishda mamlakatimiz hayotini yanada erkinlashtirish, ochiqlik va oshkoralik muhitini, jamoatchilik nazoratini kengaytirish muhim rol o‘ynaydi, deb ishonaman.

To‘rtinchi ustuvor vazifa: pandemiya qishloq xo‘jaligida tub o‘zgarishlar amalga oshirilayotgan davrga to‘g‘ri keldi. Bu davr oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, agrar sektorni zamon talablari asosida rivojlantirish butun insoniyat, jumladan, biz uchun ham eng dolzarb vazifaga aylanib borayotganini yaqqol tasdiqladi.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ulkan salohiyatga, qadimiy tajriba va boy an’analarga ega. Ammo uzoq vaqt mobaynida ushbu tarmoqda bozor iqtisodiyotiga xos yondashuv va moddiy rag‘batlantirish mexanizmlari joriy etilmadi, uni rivojlantirishga mablag‘ va ilmiy innovatsiyalar yetarlicha jalb qilinmadi. Oqibatda yerning madori quridi, tuproq unumdorligi pasaydi.

Tasavvur qiling, mustaqillik davrida, ya’ni, keyingi 30 yilda O‘zbekiston aholisi 15 million nafarga ko‘paydi. Bu o‘rtacha bir mamlakat aholisi, demakdir. Qolaversa, vaqt o‘tishi, hayot o‘zgarishi bilan odamlarning iste’mol talabi va ehtiyojlari ham muttasil ortib bormoqda. Yerimiz, suvimiz esa ko‘paymasligi tabiiy, albatta. Bunday resurslar nafaqat bizda, butun dunyoda cheklangan. Binobarin, biz endi aqlimizni, intellektual salohiyatimizni, bilim va tajribamizni oshirishimiz, aynan ana shu omillarni iqtisodiy o‘sish nuqtalari va resurs manbalariga aylantirishimiz shart.

Bu nimaning hisobidan bo‘ladi? Albatta, bunga bilim va tajriba, tinimsiz o‘qib-o‘rganish, izlanish, yangilikka intilish, yuqori texnologiyalarni joriy etish, islohotlarni samarali olib borish hisobidan erishish mumkin.

Shu sababli biz agrar sektorni yalpi va tizimli transformatsiya qilishni boshladik. Ushbu sohani iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biriga aylantirish – bosh maqsadimizdir. Shu maqsadda 2020-2030 yillarga mo‘ljallab ishlab chiqilgan Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasida tarmoqni rivojlantirish borasidagi asosiy vazifalar aniq-ravshan belgilab qo‘yildi. Xususan, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sektori va qishloqlarni yaqin o‘n yilda jadal taraqqiy ettirish rejasi ko‘zda tutildi.

Agrar sohada ishlarni butunlay yangi asosda tashkil etish orqali tarmoqning samaradorligi va raqobatdoshligini oshirish, ushbu yo‘nalishda minglab yangi ish o‘rinlari yaratish va qishloq joylarda odamlarning hayot darajasini yuksaltirish sari muhim qadamlar qo‘yilmoqda.

Beshinchi ustuvor vazifa: pandemiya davrida xalqimizning sog‘ligi va hayotini asrash biz uchun eng muhim vazifa bo‘lib qolmoqda. Shu maqsadda 2021 yil uchun davlat byudjetida 3 trillion so‘m zaxira shakllantirildi. Ushbu mablag‘ hisobidan tibbiyot sohasida ko‘pgina chora-tadbirlar, jumladan, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Barcha tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni ko‘paytirish, poliklinika va kasalxonalarni elektron ish yuritishga o‘tkazish, respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari va ularning filiallari o‘rtasida telemeditsina xizmatini yo‘lga qo‘yib, diagnostika va davolash uchun joylardagi imkoniyatlarni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, birlamchi bo‘g‘inda umumiy amaliyot shifokori shtat birligi o‘rniga oilaviy shifokor va unga yordamchi sifatida 5 nafar o‘rta tibbiyot xodimidan iborat “tibbiy brigadalar” tashkil etilmoqda.

Mamlakatimizda xususiy tibbiy klinikalar ochishga keng imkoniyatlar yaratib berilayotganiga qaramasdan, joylarda gemodializ, tibbiy diagnostika va reabilitatsiya xizmatlari bo‘yicha shifoxonalar yetishmayapti. Shuning uchun davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni ko‘paytirish, 170 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmasini kompyuter tomograflari bilan ta’minlash, ulardan foydalanish bo‘yicha xodimlar malakasini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar boshlandi.

Tibbiyotdagi yana bir murakkab muammo – yuqori malakali kadrlar yetishmasligidir. Shu bois yangi o‘quv yilidan boshlab klinik ordinaturaning qabul kvotasi ikki barobar oshiriladi. Viloyat hokimliklari o‘z hududi uchun zarur bo‘lgan ana shunday mutaxassis-shifokorlarni tayyorlashga mahalliy byudjetdan grantlar ajratadi.

Mamlakatimizda inson a’zolarini transplantatsiya qilish bo‘yicha qonuniy asoslarni ishlab chiqishni boshladik. Bu borada normativ-huquqiy bazaning mavjud emasligi tufayli ilgari, donorlik qiluvchi shaxs bemorning yaqin qarindoshi bo‘lmasa, transplantatsiya uchun ruxsat berilmas edi. Ko‘pchilik fuqarolarimiz bunday tibbiy operatsiyani chet elda o‘tkazar, xorijga borishga qurbi yetmaganlar esa chorasiz ahvolda qolar edi.

Bizni eng qiynaydigan masalalardan biri – sog‘liqni saqlash sohasidagi korrupsiya holatlaridir. O‘tgan yilning o‘zida tizimda 30 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilish holatlari aniqlandi va aybdorlar qonuniy jazoga tortildi. Shuning uchun bu sohada ta’sirchan nazorat tizimini o‘rnatishga, avvalo, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga jiddiy ahamiyat berilmoqda.

Aholining tibbiy madaniyatini oshirish, odamlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng targ‘ib etish nafaqat tibbiyot sohasi, balki butun jamiyatimiz oldidagi dolzarb vazifadir. Har bir inson o‘z sog‘ligi haqida avvalo o‘zi o‘ylashi, g‘amxo‘rlik qilishi kerak. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi butun yer yuzida, jumladan, yurtimizda ham davom etayotgan hozirgi paytda buning ahamiyati beqiyosdir.

Shu bois beparvolikka, loqaydlikka berilishga aslo haqqimiz yo‘q. Koronavirus hali ham yonimizda, biz bilan birga yashamoqda. Shuning uchun mamlakatimizda tegishli tibbiyot markazlari, dori-darmon va himoya vositalarining yetarli zaxirasi shakllantirildi. Hududlarda 60 ta kislorod stansiyasini ishga tushirib, reanimatsiya va intensiv davolash bo‘limlarini kislorod bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha ishlar jadal olib borilmoqda. Yurtimizda vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi.

Respublikamizda shu yil 1 apreldan boshlab aholini koronavirusga qarshi emlash jarayonlari uzluksiz davom etmoqda.

Fursatdan foydalanib, xalqimizni o‘z sog‘lig‘iga mas’uliyat bilan qarab, bu xavfli kasallikka qarshi emlash tadbirlarida faol ishtirok etishga yana bir bor chaqiraman.

Oltinchi ustuvor vazifa: biz yangi sharoitda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirishga intilmoqdamiz. Bunday yondashuv – bugungi va kelgusi rivojlanishimiz uchun mustahkam poydevordir.

Shu ma’noda, Yangi O‘zbekistonni barpo etish – yaqin va olis tariximiz, betakror va noyob madaniy boyliklarimizni yanada chuqur o‘rganib, ularga tayanib, mustaqil milliy taraqqiyot yo‘limizni yangi bosqichda davom ettirish demakdir.

Keyingi yillarda madaniy-gumanitar yo‘nalishda – madaniyat, kino, raqs va tasviriy san’at sohalarini, adabiyot va kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarimiz xalqimizga yaxshi ma’lum, albatta. Xususan, xalqaro maqom anjumani, baxshichilik va milliy hunarmandchilik festivallarini tashkil etganimiz va yuksak saviyada o‘tkazganimiz Yangi O‘zbekistonni dunyoga keng targ‘ib etishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Milliy tariximizni xolis va haqqoniy tadqiq etish uchun bugungi kunda O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi, Fanlar akademiyasi qoshida O‘zbekistonning yangi tarixi markazi, “O‘zbekiston tarixi” telekanali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Islom dini rivoji yo‘lida beqiyos xizmat qilgan buyuk muhaddis bobolarimizning diniy va ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida Samarqandda – Imom Buxoriy, Surxondaryoda – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, Toshkentda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib bormoqda.

Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning boy diniy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish, yosh avlodimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos o‘rin tutadigan ilm-ma’rifat markaziga aylanadi.

Biz hozirgi murakkab va shiddatli zamonda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning o‘rni va ta’siri tobora ortib borayotganini hisobga olib, bu sohadagi faoliyatimizni yanada kuchaytirishga alohida ahamiyat bermoqdamiz. “Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida” hamda “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” shu yil mart oyida qabul qilingan Prezident qarorlari ayni shu sohadagi vazifalarni samarali hal etishga qaratilgandir.

Yangi O‘zbekiston nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda barcha sohalar qatori ma’naviy-ma’rifiy masalalarga oid tashabbuslarni ham dadil o‘rtaga qo‘ymoqda. Bu haqda so‘z yuritganda, mamlakatimiz tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini qabul qilish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbus xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi. Yaqinda mazkur rezolyutsiya qabul qilinganini alohida ta’kidlash lozim.

Shuningdek, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining videoanjuman shaklida o‘tgan sammitida ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarini, shuningdek, turkiy dunyo birligini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shaxslarni rag‘batlantirishga qaratilgan yana bir muhim tashabbusimiz qabul qilinib, Turkiy kengashning Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti ta’sis etildi. Biz buni barcha turkiy xalqlarning faxru iftixori bo‘lgan hazrat Alisher Navoiy bobomizga, shunday ulug‘ zotlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan xalqimizga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtirom ifodasi, deb bilamiz.

Savol. Yangi O‘zbekistonni barpo etishda tashqi siyosatga, dunyodagi olis va yaqin davlatlar bilan do‘stona hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Bu borada ichki va tashqi siyosatning o‘zaro bog‘liq va uyg‘un jihatlari nimalarda namoyon bo‘ladi?

Javob. Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, biz mamlakatimiz yangilanish davriga qadam qo‘ygan birinchi kunlardan boshlab ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosat yuritish, dunyodagi barcha taraqqiyparvar mamlakatlar, ayniqsa, qo‘shni davlatlar bilan yaqin do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz. O‘zbekiston o‘tgan davrda ana shu strategik yo‘lga doimo sodiq qolib, o‘z sheriklari hamda xalqaro tashkilotlar oldidagi majburiyatlarini to‘liq bajarib kelmoqda.

O‘tgan tarixan qisqa davrda yurtimizning Markaziy Osiyo mintaqasi va jahon miqyosidagi siyosiy o‘rni va nufuzi keskin oshdi. Dunyoda Yangi O‘zbekistonga nisbatan ishonch ruhi va mamlakatimiz bilan hamkorlikka intilish tamoyillari kuchaydi.

Birinchi navbatda, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarimizda yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar hal etildi. Chegaralar ochildi. Qo‘shni – qo‘shnisi bilan, aka – ukasi, ota – bolasi, qarindosh – qarindoshi bilan uzilib qolgan aloqalarni tiklab, bir mamlakatdan ikkinchi davlatga emin-erkin borib kela boshladi. Viza masalalari hal etildi. Savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarimiz jadal rivojlanmoqda.

Azal-azaldan o‘zaro qardosh va birodar bo‘lgan mamlakatlarimiz ko‘pgina mintaqaviy va global masalalar, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot bo‘yicha yaqin hamkorlikda harakat qilishni boshladi. Jahon siyosatshunosligida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora paydo bo‘ldi.

Shu yilning 5-6 avgust kunlari Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi bu jarayonga yangi mazmun va kuch bag‘ishlashi bilan e’tiborlidir.

Ana shu misollarning o‘ziyoq ichki va tashqi siyosatning bir-biriga naqadar bog‘liq va hamohang ekanini ko‘rsatadi. Eng muhimi, ichki va tashqi siyosatimizdagi ana shunday uyg‘unlik xalqimiz manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilmoqda va buning natijasini oddiy odamlar o‘z hayoti va taqdirida his etmoqda.

Yana bir muhim tomoni shundaki, O‘zbekiston bugun o‘zining uzoqni ko‘zlagan siyosati bilan mintaqamiz va jahondagi siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylandi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Parlamentlararo Ittifoq, Yevropa Ittifoqi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorligimiz yangi bosqichga ko‘tarildi.

Mamlakatimiz Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘ldi, Yevroosiyo iqtisodiy hamkorlik ittifoqi huzurida kuzatuvchi maqomini oldi. O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi marta BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo etib saylandi va uning 2021 yil 22 fevralda Jeneva shahrida videoanjuman shaklida bo‘lib o‘tgan 46-sessiyasida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

O‘tgan yili mamlakatimiz ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkilotiga raislik qildi va pandemiyaga qaramasdan, MDH doirasida ko‘zda tutilgan 60 dan ziyod barcha xalqaro tadbirlar samarali o‘tkazildi, 70 ga yaqin muhim hujjatlar qabul qilindi.

O‘zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalaridagi integratsiya va hamkorlik jarayonlarini faollashtirishda tobora muhim rol o‘ynamoqda. Shu yil 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada mamlakatimiz tomonidan ilgari surilgan yangi taklif va tashabbuslar nafaqat ushbu bepoyon mintaqalar davlatlarida, balki jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otdi. Xususan, Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bog‘laydigan yangi transport yo‘llarini barpo etish masalalari ham muhokama qilindi. Konferensiya Toshkent ruhini yana bir karra namoyon etdi.

bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi takomillashtirilmoqda. Ushbu muhim hujjatda tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va o‘zaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekistonning asosiy xorijiy sheriklari hisoblangan Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlar bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli aloqalari yanada kengaymoqda.

O‘zbekiston Afg‘onistonning yaqin qo‘shnisi sifatida bu mamlakatda tezroq tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishidan manfaatdordir.

Ma’lumki, O‘zbekiston 2021-2022 yillarda Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qiladi. Hozirgi vaqtda biz bu muhim siyosiy tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish uchun jiddiy tayyorgarlik ishlarini olib bormoqdamiz.

Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, so‘z va diniy e’tiqod erkinligi, gender tenglik bo‘yicha erishayotgan yutuqlarimiz nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda izchil mustahkamlanib bormoqda.

Dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash va ular bilan aloqalarimizni yanada mustahkamlash maqsadida “Vatandoshlar” jamg‘armasi tashkil etildi.

Jamiyatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarimiz sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Har yili Xalqaro do‘stlik kuni sifatida keng nishonlanadigan 30 iyul sanasi O‘zbekistonda “Xalqlar do‘stligi kuni” deb e’lon qilindi. Bu yil ushbu bayram mamlakatimizda birinchi bor keng nishonlandi. Buni ham ichki va tashqi siyosat omillari birlashadigan mushtarak hodisa sifatida qabul qilish mumkin.

Butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham ekologik muammolarni hal etishga jiddiy e’tibor berilmoqda. Qo‘shni davlatlar va jahon jamoatchiligi bilan birgalikda Orol dengizi halokati oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojialar ta’sirini yumshatishga qaratilgan harakatlarni qat’iy davom ettiryapmiz. Dengizning qurigan tubida yuz minglab gektar o‘rmon va butazorlar tashkil etilmoqda, Orolbo‘yi hududlarida ulkan qurilish va obodonchilik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda tuzilgan Orolbo‘yi mintaqasida inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘p tomonlama Trast fondi faoliyati muhim rol o‘ynamoqda.

Bu haqda so‘z yuritganda, O‘zbekistonning Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish haqidagi muhim tashabbusi 2021 yil 18 may kuni Assambleya tomonidan bir ovozdan ma’qullanganini qayd etish o‘rinlidir. Ushbu rezolyutsiyani ishlab chiqishda AQSH, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Ozarbayjon kabi dunyodagi nufuzli davlatlar, jami 50 mamlakat hammuallif sifatida ishtirok etgani bu tashabbus jahon hamjamiyatida qanday katta qiziqish uyg‘otganidan dalolat beradi.

Savol. Ma’lumki, islohotlar samarasi ko‘p jihatdan rahbar kadrlar, ayniqsa, mahalliy hokimlarning bilim va tajribasi, siyosiy saviyasi va madaniyatiga bog‘liq. Shu ma’noda, Prezidentning joylardagi vakillari bo‘lgan hokimlarning ish faoliyati Sizni qoniqtiradimi?

Javob. Men bu haqda o‘tgan yili Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomada ham alohida to‘xtalib o‘tgan edim. Nafaqat hokimlar, balki barcha bo‘g‘indagi aksariyat katta-kichik rahbarlarda bilim va tajriba, tashkilotchilik salohiyati, el-yurt ishi uchun fidoyilik tuyg‘usining yetishmasligi meni qiynaydigan eng murakkab masaladir.

To‘g‘ri aytdingiz, joylarda islohotlarning samarali amalga oshirilishi birinchi navbatda hokimlarga, ularning bilim va tajribasi, ishbilarmonlik xususiyatlariga bog‘liq. Eng muhimi, ular odamlarning ishonchini qozongan bo‘lishi shart. Aholi joylardagi rahbarlarga, ularning ishi, xizmat va muomala madaniyati, siyosiy, huquqiy va axloqiy saviyasiga qarab, davlat hokimiyatiga baho beradi. Lekin ochiq aytadigan bo‘lsak, hokimlar, umuman, quyi bo‘g‘indagi rahbarlarning barchasi ham el-yurt o‘rtasida yetarli obro‘-e’tiborga ega emas.

Afsuski, ko‘pchilik rahbarlar xalqning ichiga kirib, odamlarning dardu tashvishlari bilan yashashni qandaydir ikkinchi darajali ish, deb hisoblaydi. Shuning uchun ham ular ko‘p-ko‘p masalalarda zaif va ojiz bo‘lib qolmoqda.

Aslida xalq bilan muloqot, doimo insonlar tashvishi va muammolarini o‘ylab yashash har qanday rahbar uchun birinchi va muqaddas vazifa bo‘lishi shart. Rahbarlik va boshqaruv madaniyati, hayotiy bilim va tajribalar qayerdan boshlanadi? Xalq bilan bevosita muloqot qilishdan boshlanadi. Ayniqsa, quyi pog‘onadagi rahbarlar o‘z dunyoqarashini o‘zgartirib, oddiy fuqaroga yelkadosh bo‘lib, tadbirkorga do‘st bo‘lib ishlamasa, biz qanchalik ko‘p kuch va mablag‘ sarflamaylik, farmon va qarorlar qabul qilib, sharoit yaratmaylik, joylarda islohotlarimizning oldinga yurishi qiyin bo‘ladi.

Yashirishning hojati yo‘q – juda og‘ir, tahlikali va shafqatsiz raqobat zamonida yashayapmiz. Dunyo shunday shiddat bilan o‘zgaryaptiki, kechagi siyosiy-iqtisodiy tahlil va bashoratlar bugungi kunga to‘g‘ri kelmayapti. O‘zaro qarama-qarshilik, “savdo urushlari”, ekologik muammolar kuchayib bormoqda. Ana shunday murakkab sharoitda el-yurt bilan hamdard, hamnafas bo‘lib yashamaydigan, hayotning o‘zi taqozo etayotgan oddiy haqiqatlarni tushunmaydigan mansabdorlarning rahbar sifatida kelajagi yo‘q. Ularga biron-bir mas’uliyatli vazifani ishonib ham bo‘lmaydi.

Bir paytlar men ham hokim bo‘lib ishlaganman. U vaqtlardagi sharoitni hozirgi imkoniyatlar bilan mutlaqo solishtirib bo‘lmaydi. Ko‘p-ko‘p masalalarda qo‘l-oyog‘imiz bog‘langan edi, hamma narsani “tepa”ning qosh-qovog‘iga qarab bajarishga to‘g‘ri kelardi. Eng yomoni, quyi bo‘g‘indagi muammolar bo‘yicha yuqori idoralardagi salqin kabinetlarda o‘tirgan, qishloq yoki ovullarda qiynalib yashayotgan odamlarning dardu tashvishlaridan butunlay yiroq bo‘lgan, joylarda ahvol qanday ekanini tasavvur ham qilolmaydigan vallomatlar qaror qabul qilardi.

Bugun esa hokimlar mustaqil qaror qabul qilib, mustaqil ish olib borish vakolatiga ega. Ulardan ilgarigidek har bir qadamini Toshkentda, markaziy idoralardagi mutasaddilar bilan kelishish, bo‘lar-bo‘lmasga ijozat so‘rash talab etilmaydi.

Hokim, rahbar inson sifatida, nimanidir bilmasligi yoki ko‘zdan qochirishi, xatoga yo‘l qo‘yishi mumkin, buni tushunsa bo‘ladi, lekin u ana shu xatolarini tan olmasa, ularni tuzatishni istamasa, o‘qib-o‘rganishga, yangicha ishlashga, o‘z bilim va tajribasini oshirishga intilmasa, manfaatparastlik va maishatga berilgan bo‘lsa, bu holatni mutlaqo kechirib bo‘lmaydi.

Mening asosiy talabim – odamlarni tushunish, ularning quvonchu tashvishlari bilan yashash, yon-atrofdagi vaziyatga oddiy xalqning ko‘zi bilan qarash va baho berish, el-ulusdan ajralib qolmaslik kerak. Shundagina hudud yoki tarmoqni boshqarish va muhim qarorlar qabul qilishda aniq samara bo‘ladi.

Har bir rahbarning faoliyat mezoni – bu xalqning orzu-umidlarini o‘zi uchun asosiy maqsad qilib, ularni izchillik bilan ro‘yobga chiqarishdan iborat.

Hokim va vazirlarimiz, kompaniya va banklarimiz rahbarlari orasida faol, ishning ko‘zini biladigan, chuqur fikrlaydigan yangi avlod vakillari yetishib kelayotgani meni quvontiradi. Ular xalq bilan ochiq muloqot qilmoqda, tashabbus ko‘rsatmoqda, yuqoridan ko‘rsatma kutib o‘tirmasdan, mustaqil va dadil ish olib bormoqda.

Afsuski, ba’zi yetakchi va mutasaddilar manmanlikka berilib, havolanib, oyog‘i yerdan uzilganini bilmay qoladi. Bu – ular uchun haqiqiy fojia. Albatta, bunday rahbarlarga bizning safimizda o‘rin bo‘lishi mumkin emas. Bu nafaqat Prezidentning, ayni paytda xalqimizning, hayotning talabidir.

Savol. Siz davlat rahbari uchun xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotda bo‘lish o‘ta muhim ahamiyatga ega ekanini doimo ta’kidlab kelasiz. Lekin hayotda barcha masalalar bo‘yicha xalq bilan gaplashish, uning fikrini olish imkoni bormi? Siz ana shunday “bo‘shliq”ni to‘ldirishga qanday erishasiz?

Javob. Men Prezident sifatida ish boshlagan birinchi kunlardanoq o‘z komandamni haqiqiy holatga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan balandparvoz gaplar va “chiroyli” raqamlarni yoqtirmasligimni aytib, qattiq ogohlantirganman.

Qanchalik achchiq va noqulay bo‘lmasin, men faqat to‘g‘ri va haqqoniy ma’lumotni bilishni istayman. Bu men uchun to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga yordam beradi.

Albatta, bu talabni hamma ham tushunib yetgani yo‘q, haliyam eskicha usulda ma’lumot berishga urinishlar bo‘lib turadi. Lekin men bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilaman. Ana shu haqiqatni tushunmaganlarning ko‘pchiligi bilan xayrlashdik va bu masalada talab doimo qattiq bo‘ladi.

Xalqimiz, Vatanimiz manfaatlari, jamiyatimizning kelajagi, farzandlarimizning baxtini ta’minlashga qaratilgan bugungi islohot jarayonlarining o‘zi shuni talab etmoqda. Bu borada boshqacha yo‘l tutishga haqqimiz yo‘q.

Yana bir bor aytaman, rahbar va mutasaddi shaxslar o‘rtasida kimki ana shu o‘tkir talabni tushunmasa, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, ular bilan xayrlashamiz.

Mening mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshiradigan har bir tashrifimdan asosiy maqsad – xalq qanday yashayotgani, nima bilan nafas olayotganini bilishdan iborat. Bu – o‘ta muhim masala. Shuning uchun ko‘p hollarda safar davomida yo‘nalishni to‘satdan o‘zgartirishimga to‘g‘ri keladi. Bunday kutilmagan, hech qanday protokolda qayd etilmagan “marshrut”lar joylardagi rahbarlarni bo‘shashmasdan, doimo ishchan holatda turishga o‘rgatadi, deb o‘ylayman.

Afsuski, necha bor aytishim, ogohlantirishimga qaramasdan, joylarda faqat mening tashrifim oldidan ko‘cha va maydonlarni tozalash, bir kechada binolar oldida “maysazor” va “gulzor”lar paydo qilish, umuman, haqiqiy holatni bo‘yab ko‘rsatishdek xo‘jako‘rsin ishlar davom etmoqda. Ko‘zbo‘yamachilik, odamlarni qiynash, soxta va balandparvoz gaplarga o‘chlik yillar davomida ba’zi rahbarlarning qon-qoniga shu qadar singib ketgan ekanki, ulardan qutulish qiyin bo‘lyapti. Lekin qanday bo‘lmasin, bu kabi illatlarga butunlay chek qo‘yishimiz kerak. Chunki bunday holatlar rostgo‘y, soxta gap va ishni umuman qabul qilmaydigan xalqimizning asl tabiatiga mutlaqo yotdir.

Mahalliy hokimiyat idoralarining ishi Prezident kelib ketishi bilan tugamasdan, aksincha, tashrifdan keyin yangitdan boshlanishi, hatto oldingidan ham ko‘payishi lozim. Shundagina ishimizda sur’at va sifat bo‘ladi, natija uchun ishlashga o‘rganamiz. Ilgari hokimlar tashrifdan tashrifgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida bamaylixotir, ta’bir joiz bo‘lsa, yallo qilib yurardi, endi esa ular o‘z oldiga aniq maqsad va vazifa qo‘yib, xalq bilan maslahat asosida astoydil ishlamoqda. Chunki ular biladi: Prezident kelgusi safar albatta har bir masala bo‘yicha aniq natijani so‘raydi.

Biz mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi yangi bosqichida oldimizda turgan dolzarb vazifalarni tezkor hal qilishda vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini kuchaytirish, vazifa va vakolatlarini aniq belgilash, shuningdek, ularning faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi tizimni joriy etishga alohida ahamiyat bermoqdamiz. Shu maqsadda maxsus qaror ham qabul qildik. Yuqorida aytib o‘tilgan toifaga mansub rahbarlarning o‘rinbosarlari o‘zlariga biriktirilgan tarmoq va sohalardagi faoliyatining samaradorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti oldida shaxsan javobgar hamda Vazirlar Mahkamasi oldida hisobdor ekani belgilab qo‘yildi. Boshqacha aytganda, turli bo‘g‘indagi rahbar o‘rinbosarlari o‘z boshlig‘ining soyasida yuradigan vaqt o‘tdi. Endi ular ham aniq vazifalar uchun javob beradi. Shaxsiy mas’uliyat va javobgarlik barcha boshqaruv idoralari xodimlari uchun bosh mezon bo‘ladi.

Hozirgi kunda odamlarni qiynayotgan muammolarni joylarda, mahallaning o‘zida hal etishga alohida e’tibor beryapmiz. Viloyat, tuman va shahar hokimlari haftada ikki kunni fuqarolarni qabul qilishga ajratmoqda. Shuningdek, kunlik qabullar o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Umuman, har bir hokimning kabineti “Xalq qabulxonasi”ga aylanishi lozim. Shunda har qaysi rahbar hududdagi haqiqiy ahvoldan to‘la xabardor bo‘ladi, ishida unum va samaraga erishadi.

Albatta, bugungi kunda odamlarni qanday masala va muammolar o‘ylantirayotgani, tashvishga solayotganini yaqindan bilishda yordam beradigan ochiq manbalar, axborot tarmoqlari ko‘p. Ayniqsa, televideniye, matbuot, Internet hayot nafasini, ta’bir joiz bo‘lsa, har bir sohaning “yurak urishi”ni aniq-ravshan his qilishda muhim ahamiyatga ega. Shaxsan o‘zim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan yangiliklar, ular orqali bildirilayotgan dolzarb fikrlar, jamoatchilikning diqqat-e’tiborini tortayotgan voqea-hodisalar bilan imkon qadar bevosita tanishib borishga harakat qilaman.

Bir so‘z bilan aytganda, zamonaviy axborot texnologiyalari rivojlangan bizning davrimizda real hayotdan butunlay uzilib qolish mumkin emas. Shunga qaramasdan, xalq bilan turli ko‘rinishdagi, deylik, bu rejadagi tadbir bo‘ladimi yoki mahalla, tuman, qaysidir muassasaga kutilmagan holatda kirib borish orqali bo‘ladimi, umuman, bevosita muloqot hamisha kerak, deb hisoblayman.

Fuqarolar, keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilinayotgan barcha muammolar e’tibor qaratishni talab etadi. Ularni inkor qilish mumkin ham emas. Albatta, jamiyatdagi qonun buzilishi, adolatsizlik, inson huquqlariga bepisand munosabat, korrupsiya bilan bog‘liq holatlarga beparvo qarab bo‘lmaydi. Tizimli tus olgan yoki juz’iy muammo bo‘ladimi, ularning barchasiga darhol munosabat bildirib, tagiga yetish va hal etish zarur.

Masalan, keyingi yillarda tub islohotlar davriga qadam qo‘ygan mamlakatimizda taraqqiyot kushandasi bo‘lgan illat – korrupsiyaga qarshi izchil kurash olib borilmoqda. Misollarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2020 yilda turli darajadagi mansabdorlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar uchun 1723 shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ular tomonidan yetkazilgan zarar 500 milliard so‘mni tashkil etgan. 2021 yilning besh oyida esa 1696 nafar mansabdorga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Yetkazilgan zarar 450 milliard so‘mni tashkil etmoqda.

Hech shubhasiz, bu moddiy zararlar aybdorlardan undirib olinadi. Korrupsiya balosini jamiyatimiz hayotidan yo‘q qilishga qaratilgan siyosat kelgusida ham qat’iy davom ettiriladi.

Savol. Yurtimizda aholi uchun eng dolzarb va o‘tkir hayotiy masala bo‘lgan zamonaviy turarjoylar, jumladan, arzon uy-joylar qurishga alohida e’tibor berilmoqda. Bu yo‘nalishdagi ishlarning ko‘lami istiqbolda qanday bo‘ladi?

Javob. Mamlakatimizda keyingi yillarda zamonaviy uy-joylar qurish bo‘yicha yangi davr boshlandi, deb bemalol aytish mumkin. Buning tasdig‘ini so‘nggi to‘rt yilda avvalgi yillarga nisbatan 4-5 barobar ko‘p uy-joylar barpo etilgani, bu yilning o‘zida 54 ming oilani yangi uy-joylar bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamdagi qurilish ishlari olib borilayotgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Biz o‘z oldimizga qo‘ygan ezgu maqsad – xalqimizni rozi qilish yo‘lidagi ulkan vazifalar, islohotlarimiz, qolaversa, bugungi hayotning o‘zi zamonaviy uy-joylar qurish sur’ati va sifatini yanada oshirishni talab etmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, biz ilgari uy-joy qurilishiga zamon talablaridan kelib chiqib, bunday keng yondashmaganmiz va hozirgidek keng ko‘lamdagi qurilish ishlarini amalga oshirmaganmiz.

Biz bu yo‘lda dastlabki qadamlarni qo‘yib, katta tajriba orttirmoqdamiz. Barcha hududlarimizda aholi uchun qulay va shinam, barcha zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan uy-joylar barpo etilmoqda. Ipoteka bozori rivojlanmoqda. Hayotimizga “arzon uy-joylar”, “aqlli uy”, “aqlli shahar”, “raqamli xizmatlar” degan yangi tushuncha va ko‘nikmalar kirib kelmoqda.

Kelgusida uy-joy fondini shunday darajaga olib chiqishimiz kerakki, aholining barcha qatlamlari uy-joy sotib olish va bu borada tanlash imkoniga ega bo‘lishi lozim.

Albatta, bu borada turli muammolar ham mavjud va biz ularni joylardagi mahalliy boshqaruv organlari bilan birgalikda hal etyapmiz.

Misol uchun, ko‘pqavatli uylar oralig‘idagi bo‘sh joylarda qurilishlar qilish, moratoriy e’lon qilinganiga qaramasdan, daraxtlarni kesish, yashil hududlarni kamaytirish holatlari ko‘pchilikni ranjitmoqda. Ba’zi rahbarlarning beparvoligi yoki manfaatparastligi tufayli turarjoy mavzelarida odamlar sayr qiladigan, sport bilan shug‘ullanadigan, farzandlari bilan birga toza havoda dam oladigan ochiq joyning o‘zi qolmayapti.

Albatta, biz bunday holatlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rmasdan turolmaymiz. Shuning uchun ham Toshkentda va boshqa yirik shaharlarda yangi qurilishlarni shahar tashqarisidagi hududlarda amalga oshirish choralari belgilanmoqda. Turarjoy mavzelari ichida kommunal infratuzilmalar – gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilmasdan, yangi binolar qurish amaliyotiga barham berildi.

Savol. Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning ta’lim olishi, mehnat qilishi, bilim va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Yurtimizda 2021 yilning “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb e’lon qilingani buning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. Yangi O‘zbekistonni bunyod etish jarayonida yoshlarning o‘rni va asosiy vazifalari nimalardan iborat, deb bilasiz?

Javob. Yoshlar – xalqimizning asosiy tayanchi va suyanchi. Keng ko‘lamli islohotlarimizni samarali amalga oshirishda ular hal qiluvchi kuch bo‘lib maydonga chiqmoqda. Aynan zamonaviy bilim olgan, ilg‘or kasb-hunarlarni, innovatsion texnologiyalarni, xorijiy tillarni puxta egallagan o‘g‘il-qizlarimiz mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishda yetakchi o‘rin tutadi.

Ma’lumki, yoshlar yangicha fikrlashga, yangi-yangi g‘oyalarni dadil o‘rtaga tashlab, ularni amalga oshirishga, muammolarni ijodiy va nostandart yondashuvlar asosida hal etishga moyil bo‘ladi. Shuning uchun hozirgi kunda yosh avlod vakillarining bilim olishi, ilm-fan, innovatsiyalar, adabiyot, san’at va sport sohasidagi iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarishi, ularning jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga ustuvor ahamiyat bermoqdamiz.

Imom Buxoriy bobomiz to‘plagan muborak hadislardan birida: “Yoshlikda o‘rganilgan ilm toshga o‘yilgan naqsh kabidir”, deb aytiladi.

Buyuk allomalarimiz ana shunday hikmatlarga amal qilib, ilm-fan sohasida buyuk kashfiyotlarni amalga oshirganlari va umumbashariy tafakkur rivojiga beqiyos hissa qo‘shganlari tarixdan yaxshi ma’lum.

Ana shunday qutlug‘ an’analarni davom ettirib, yurtimizda yangi xorazmiylar, farg‘oniylar, beruniylar, ibn sinolar, mirzo ulug‘beklar, navoiylarni tarbiyalab yetkazish – nafaqat vazifamiz, balki tarix va kelajak oldidagi muqaddas burchimizdir.

Biz bu yo‘lda katta ishlarni boshladik. Mamlakatimizda yuqori bilim va malakaga ega bo‘lgan, raqobatdosh kadrlar tayyorlash maqsadida oliygohlar soni 141 taga yetkazildi, 26 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasining filiallari ochildi. Holbuki, 2016 yilda respublikamizdagi oliygohlarning soni 77 ta edi. Qisqa muddatda bu borada qariyb ikki barobar o‘sishga erishganimiz, hech shubhasiz, yoshlarimiz, butun jamiyatimizning intellektual salohiyatini oshirish, zamonaviy bilim, kasb-hunarlarga yanada yaqinlashtirish yo‘lidagi harakatlarimiz natijasidir.

Keyingi besh yilda oliy ta’limga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, joriy yilda 182 ming nafar yoshlar uchun talaba bo‘lish imkoniyati yaratildi. Bu – umumiy qamrov 28 foizga yetdi, deganidir. O‘zingiz qiyoslab ko‘ring, 4 yil avval bu raqam atigi 9 foizni tashkil etardi. Bu borada davlat grantlari 21 mingtadan 47 mingtaga ko‘paytirilgani, o‘tgan yilgi tajribamizni yangi bosqichga ko‘tarib, ehtiyojmand oilalarga mansub 2 ming nafar qizlarga bu yil oliygohlarga kirish uchun alohida grantlar ajratilgani yoshlarimiz kelajagini ta’minlashga qaratilgan amaliy e’tiborimiz namunasidir.

Biz 2030 yilga qadar maktab, litsey va kollej  bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 50 foizga yetkazishni reja qilganmiz va bunga albatta erishamiz.

Bu yil Toshkent shahrida eng yuksak xalqaro talablarga javob beradigan “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etildi. Ushbu universitet mamlakatimizdagi barcha oliy o‘quv yurtlari uchun namuna bo‘ladi. Eng bilimli va iste’dodli yoshlarimiz shu yerda o‘qiydi.

Biz uzluksiz milliy ta’lim-tarbiya tizimining barcha bosqichlarini uyg‘un va mutanosib rivojlantirishga alohida e’tibor bermoqdamiz. Oxirgi to‘rt yilda bolalarimizni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi ilgarigi 27,7 foizdan 2 barobar ortib, 60 foizga yetgani, bog‘chalar soni esa 3 marta ko‘payib, 14 mingdan oshgani ana shunday islohotlarimiz natijasidir.

Hozirgi vaqtda yurtimizda “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan g‘oya asosida maktab ta’limi tizimida ham katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent shahrida va hududlarimizda Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar soni ko‘payib bormoqda.

“Besh muhim tashabbus” dasturi, “Barkamol avlod” markazlari doirasida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun bu yilning o‘zida 36 mingta qo‘shimcha to‘garak tashkil etilib, 874 mingga yaqin bola ularga jalb etildi. Shuningdek, ta’lim muassasalari, kutubxona va o‘quv markazlariga qariyb 100 mingta san’at va sport inventarlari, kompyuterlar, 600 mingga yaqin kitob yetkazib berildi.

Ayniqsa, navqiron o‘g‘il-qizlarimizning tadbirkorlik sohasidagi g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, ularni ish va daromad manbai bilan ta’minlashga davlat miqyosida katta ahamiyat berilmoqda. Ana shunday e’tibor tufayli so‘nggi to‘rt yilda 30 yoshgacha bo‘lgan tadbirkorlar soni 5 barobar ko‘payib, 500 mingdan oshgani, hech shubhasiz, ushbu soha rivojida muhim rol o‘ynamoqda. Bu yilning o‘zida 92 mingdan ziyod yoshlarning tadbirkorlik loyihalari uchun 2 trillion 300 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratilgani bunday yoshlarimiz safini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Mahallalarda tashkil etilayotgan kasb-hunarga o‘qitish kurslarida minglab o‘g‘il-qizlarimiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarni egallamoqda.

Bu yildan boshlab, har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yo‘nalishidan kelib chiqib, qishloqlarda yoshlarga 10 sotixdan 1  gektargacha yer maydonlari ajratish boshlandi. Natijada qishloqda yashayotgan 230 mingdan ortiq yoshga 61 ming gektar yer maydoni ajratib berildi. Shuningdek, g‘alladan bo‘shagan yerlardan yana 75 ming gektari 170 ming nafar yoshlarga takroriy ekinlar ekish uchun ajratildi.

Yoshlar o‘rtasida kambag‘allikni kamaytirish, ularni o‘zini o‘zi band qilishga rag‘batlantirishda “Yoshlar daftari”, yoshlar dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlarimiz muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Shu yilning 8 oyi mobaynida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 430 ming nafar yigit-qizning muammolarini hal etish uchun 300 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Jumladan, “Temir daftar”dagi oilalar farzandlari bo‘lgan 2 mingdan ziyod talabaning kontrakt pullari to‘lab berildi.

Bu yildan boshlab ish beruvchilarga ularning 25 yoshdan oshmagan ishchi-xodimlari uchun hisoblangan ijtimoiy soliq miqdorini byudjetdan to‘liq qaytarib berish tartibi joriy qilindi. Natijada joriy yilning ikkinchi yarmida 170 milliard so‘m, kelgusi yilda esa 500 milliard so‘m mablag‘ 240 ming nafar yoshni ishga qabul qilgan tadbirkorlar ixtiyorida qoladi.

Talaba yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tizim asosida yotoqxona bilan ta’minlanmagan 62 ming nafar o‘g‘il-qizlarimizga oylik ijara to‘lovining 50 foizi byudjetdan to‘lab berildi.

Albatta, bu boradagi ishlarimiz nafaqat izchil davom ettirilmoqda, balki yanada yuqori bosqichga ko‘tarilmoqda. Shu maqsadda 2021 yil 13 iyulda qabul qilingan “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon bu fikrni tasdiqlaydi.

Mazkur hujjatda mamlakatimiz yoshlari uchun qo‘shimcha 30 dan ortiq yangi imtiyoz va imkoniyatlar yaratish ko‘zda tutilgan. Ana shunday imkoniyatlardan faqat bittasi haqida fikr yuritmoqchiman. “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning oliygohlarda ta’lim olayotgan farzandlarining 2021-2022 o‘quv yilidagi kontrakt puli birinchi o‘quv yili uchun Davlat byudjeti hisobidan to‘lab beriladi. Bunday imkoniyatdan yurtimiz bo‘yicha 4 mingdan ziyod oilalar farzandlari foydalanadi. Buning uchun byudjetdan 29,2 milliard so‘m ajratiladi.

Yurtimizda ota-onasidan ajragan, mehrga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim-tarbiya olishi, ish joyi va uyiga ega bo‘lishi, jamiyatda munosib o‘rin topishi, “Mehribonlik uylari”, maxsus maktab-internatlar va “Bolalar shaharchasi”ning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyatini mustahkamlashga jiddiy e’tibor berilmoqda.

Ayniqsa, “Mehribonlik uylari”dagi bolalarni oilaga yaqin muhitda tarbiyalash, bilimli, kasb-hunarli va ma’naviyatli, vatanparvar insonlar etib voyaga yetkazish – hammamizning muqaddas burchimiz. Shularning barchasini hisobga olib, “Mehribonlik uylari” va maxsus maktab-internatlarda ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi tizimni joriy etmoqdamiz.

Ana shunday o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining muammolarini o‘rganish hamda hal etish, ularning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha yangi tizim – “Mehr daftari” joriy etilmoqda. Shuningdek, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash tartibi belgilandi. Unga ko‘ra, o‘ziga biriktirilgan uy-joyga ega bo‘lmagan va turarjoyga muhtoj sifatida hisobda turgan ana shunday bolalarga ular 18 yoshga to‘lgan yili umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali, voyaga yetgan bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan holatlarda esa 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi.

O‘ylaymanki, insonparvarlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan bunday islohotlarimiz buyuk Alisher Navoiy bobomizning bitta ko‘ngli o‘ksik odamni xursand qilish – Ka’bani obod etish bilan barobar, degan teran ma’noli so‘zlariga, mehr-oqibat, saxovat va olijanoblik kabi fazilatlarni doimo qadrlab, ulug‘lab yashaydigan xalqimizning orzu-intilishlariga har tomonlama uyg‘un va hamohangdir.

Men yurtimizning qaysi hududi, shahar va qishlog‘ida bo‘lmayin, albatta u yerdagi yoshlar bilan uchrashaman. Ochiq va samimiy suhbatlarda ularning sog‘ligi, o‘qishi, orzu-intilishlari, qishlog‘i yoki mahallasidagi shart-sharoitlar bilan qiziqaman.

Bilasizmi, dunyodagi davlatlar, xalqlarning rivojlanish darajasini ko‘rsatadigan mezonlar, parametrlar ko‘p. Lekin men uchun shu boradagi eng muhim mezon – bu yoshlarimizning baxti, kamolidir.

Yangi O‘zbekistonning nafasi, sur’ati va shiddatini avvalo aziz o‘g‘il-qizlarimizning azmu shijoati, dadil fikr va takliflarida, erishayotgan dastlabki yutuqlarida ko‘raman.

Yaqinda 30 iyun – Yoshlar kunida navqiron avlodimiz vakillari bilan yana bir bor uchrashib, ularning turli sohalardagi izlanishlarini ko‘rib juda xursand bo‘ldim.

Ishonchim komilki, farzandlari doimo izlanish va intilishda bo‘lgan, yuksak marralarni ko‘zlab, oldinga qarab intiladigan xalq va davlat o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga albatta yetadi. Chunki bunday harakatlar ertaga qudratli to‘lqinga aylanib, hayotimizni bugun kechagidan, ertaga bugungidan yaxshi va obod qilish, ongu tafakkurimizni yuksaltirishga olib keladi.

Savol. Mamlakatimizda keyingi yillarda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida erishilayotgan yutuqlar haqida so‘z borganda, xotin-qizlarning o‘qishi, bilim olishi, mehnat qilishi, ularning sog‘ligini saqlash, iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglik bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar birinchi navbatda tilga olinmoqda. Buning sababi nimada?

Javob. Buning sababi oddiy, albatta. Chunki dunyodagi har qanday xalq, davlat va jamiyatning taraqqiyot va madaniyat darajasi avvalo ularning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi.

Ayol bor ekan, oila degan muqaddas qo‘rg‘on, farzand degan bebaho ne’mat bor. Ayollarimiz baxtli bo‘lsa albatta oilamiz, jamiyatimiz ham baxtli bo‘ladi.

Xotin-qizlar barcha soha va tarmoqlarda erkaklar bilan teng huquqqa ega bo‘lib, yuksak hurmat-ehtiromda yashagan mamlakatda albatta tinchlik va hamjihatlik, o‘sish va yuksalish bo‘ladi.

Shuning uchun ham biz uchun buyuk Ona timsoli bo‘lgan ayol zotini xalqimiz azal-azaldan ulug‘lab, e’zozlaydi.

Odamzotga asrlar davomida mehr tuyg‘usini singdirib, uni go‘zallik, vafo va sadoqat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalab kelayotgan aziz va mukarram zot ham onalarimizdir.

Bu hayotda nimaga, qanday yutuq va natijalarga erishgan bo‘lsak, ularning barchasi munis va mehribon onalarimiz tufaylidir. Shuning uchun biz xotin-qizlarimiz oldida doimo qarzdorlik hissi bilan yashaymiz. Ularga har qancha mehr va e’tibor ko‘rsatsak, arziydi.

Yurtimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan muhtarama onalar, opa-singillarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish borasida davlat siyosatini olib borishda biz aynan ana shunday qadriyatlarga tayanamiz.

Keyingi yillarda bu muhim masalaning amaliy ijrosiga qaratilgan 24 ta hujjat, jumladan, 2 ta qonun, Prezidentning 6 ta farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining 16 ta qarori qabul qilingani opa-singillarimizga bo‘lgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ifodasidir.

Hurmatli ayollarimiz hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida faol ishtirok etib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga beqiyos hissa qo‘shmoqdalar. Ularning orasida deputat va senatorlar, vazir va hokimlar, akademiklar, professorlar, O‘zbekiston Qahramonlari, Xalq o‘qituvchilari, Xalq shoirlari, Xalq artistlari borligini barchamiz yaxshi bilamiz.

bugungi kunda mamlakatimizda Gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha komissiya, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi kabi tuzilmalar opa-singillarimizning manfaatlarini himoya qilishda muhim rol o‘ynamoqda.

Mamlakatimizda xotin-qizlarni ish o‘rinlari, uy-joy bilan ta’minlash, ularga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor berilmoqda. Bu borada ayollarni kasb-hunarlarga qayta o‘qitish markazlari joriy etilgani, arzon uy-joylar dasturi amalga oshirilayotgani muhim ahamiyatga egadir. Har yili og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning uy-joy bo‘yicha boshlang‘ich badallari davlat byudjeti hisobidan to‘lab berilmoqda.

Jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan, turli sohalarda ibratli natijalarga erishayotgan, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan opa-singillarimiz 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami, Mustaqillik kuni, turli kasb bayramlari munosabati bilan davlatimizning yuksak mukofotlari, shuningdek, “Mo‘’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanmoqda.

Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan qizlarning soni 367 nafarga yetgani ham ana shunday ishlarimiz qatoriga kiradi.

Suhbatimiz boshida aytilganidek, “Ayollar daftari” tizimi asosida xotin-qizlar o‘rtasida kambag‘allik va ishsizlikni tugatish bo‘yicha izchil ish olib borilmoqda.

Savol. Yurtimizda xonadonlarimizning fayzu farishtasi bo‘lgan keksa avlod vakillari, muhtaram faxriylarimizga alohida mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda. Bu boradagi amaliy ishlarning kelgusi rivoji haqida ham fikringizni bilmoqchi edik.

Javob. Men har doim bugungi tinch-osoyishta, erkin va farovon hayotimiz haqida o‘ylaganimda, bunday yorug‘ kunlarga yetib kelishda qancha-qancha avlod vakillari, ota-bobolarimiz tinimsiz mehnat qilganlari, o‘z boshiga tushgan barcha sinov va mashaqqatlarni sabr-matonat bilan yengib o‘tganlarini chuqur minnatdorlik bilan eslayman. Ular o‘zlari qiynalib bo‘lsa ham bizni shunday tinch va dorilomon kunlarga yetkazganlari – bu hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydigan ulkan jasorat, fidoyilik va qahramonlikdir.

Shuning uchun bunday mard va olijanob ajdodlarimizdan o‘tganlarining xotirasini ulug‘lab, hamisha chuqur hurmat-ehtirom bilan yod etish, bugun oramizda yashab kelayotgan muhtaram nuroniylarimizni har tomonlama ardoqlash – muqaddas burchimizdir.

Eng muhimi, bunday savobli ishlarimiz yoshlarimiz uchun ham tarbiya va ibrat maktabiga aylanadi.

Albatta, siz, jurnalistlarga yaxshi ma’lum – yurtimizda keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ularning mazmunli umr kechirishi uchun zarur sharoitlarni yaratish borasida katta ishlar qilinmoqda. Xususan, pensiya va nafaqalarni rasmiylashtirish, ularni o‘z vaqtida to‘lash, turli ijtimoiy xizmatlardan foydalanish bilan bog‘liq qiyinchilik va muammolar bartaraf etildi. Jamiyatimiz hayotida faol ishtirok etib kelayotgan otaxon va onaxonlarimiz “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan moddiy va ma’naviy rag‘batlantirilmoqda.

Keksa avlod vakillarining salomatligini asrash, ularga respublikamizdagi turli sanatoriya va dam olish uylariga imtiyozli yo‘llanmalar berish, bayram kunlarida ularni alohida qutlab-tabriklash, doimiy izzat-hurmat ko‘rsatish ezgu an’anaga aylanib bormoqda.

Takror aytaman, o‘z vaqtida bor kuch-g‘ayrati, bilim va salohiyatini Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi uchun bag‘ishlagan bunday tabarruk insonlar oldida biz bir umr qarzdormiz. Muhtaram nuroniylarimizning hayotini yanada fayzli qilish, ular o‘zlarining boy tajribasi, foydali maslahatlari bilan ijtimoiy hayotimizda, ayniqsa, Yangi O‘zbekiston yoshlarini tarbiyalashda yanada faol ishtirok etishlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratamiz.

Bu masalalarga alohida urg‘u berib gapirayotganim albatta bejiz emas. Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida xalqimizni rozi qilishni o‘z oldimizga ulug‘ maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, buni jamiyatimizning har bir a’zosi o‘z hayotida sezishi, his etishi biz uchun g‘oyat muhimdir.

Hozirgi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida uch avlod vakillari o‘rtasida samimiy uchrashuvlar o‘tkazilayotgani, ularda muhtaram nuroniylarimiz ham faol ishtirok etib, o‘zlarining mehnat va hayot tajribasi, bugungi tinch va yorug‘ kunlarning qadr-qimmati va ahamiyati haqida bildirayotgan fikrlari yoshlarimiz uchun chinakam tarbiya maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Savol. Eng ulug‘ va eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramimiz arafasida gazetamiz sahifalarida turli kasb egalari bo‘lgan yurtdoshlarimizning ezgu tilaklari berib borilmoqda. Siz Vatanimiz mustaqillikka erishgan birinchi kunlardan boshlab mamlakatimizda yangi davlat va jamiyat qurish jarayonlarida faol ishtirok etib kelgan atoqli rahbar, bugungi kunda esa Yangi O‘zbekistonni barpo etish konsepsiyasining tashabbuskori va uni amalga oshirish yo‘lidan butun xalqimizni dadil oldinga boshlab borayotgan milliy yetakchi, Prezident sifatida ushbu bayram munosabati bilan xalqimizga qanday tilaklar bildirgan bo‘lardingiz?

Javob. Albatta, mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan biz barcha soha va tarmoqlar bo‘yicha taraqqiyotimiz yakunlarini chuqur sarhisob qilib, kelgusi rejalarimizni yanada aniq belgilab olamiz. Ayniqsa, yurtimizdagi har bir insonning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash, xalqimizning yanada erkin va farovon yashashiga erishish biz uchun bundan buyon ham bosh maqsad bo‘lib qoladi.

Men uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatidagi faoliyatimning ma’no-mazmunini tashkil etadigan eng ulug‘ maqsad –xalqimizning tinch va osoyishta, erkin va farovon hayot haqidagi orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida sidqidildan fidokorona xizmat qilishdan iboratdir.

Barchamizga rizq-nasiba bergan, oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan el-yurtimiz oldida biz hamisha qarzdormiz. Aziz va ardoqli xalqimizning roziligiga erishish – biz uchun eng buyuk saodatdir. Chunki xalq bizdan rozi bo‘lsa, Yaratgan ham rozi bo‘ladi.

Necha-necha ajdodlarimiz orzu-niyat qilib o‘tgan mana shunday buyuk ishlarni amalga oshirish bugun bizga nasib etgan ekan, bu o‘zligini anglagan har bir vatandoshimiz uchun chinakam baxt va sharaf emasmi?

Ishonchim komil, biz jonajon Vatanimizga bo‘lgan cheksiz mehrimiz va sadoqatimizni muqaddas bayroq qilib, bor bilim va tajribamiz, aql-zakovatimizni ishga solib, yagona xalq, yagona millat bo‘lib, ko‘zlagan ezgu maqsadlarimizga albatta yetamiz.

Yangi O‘zbekiston jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan, har tomonlama obod va farovon  mamlakatga aylanadi.

Men bunga nafaqat ishonaman, balki shu yo‘lda bor bilim va tajribamni, kuch-g‘ayratimni safarbar etishga hamisha tayyorman. Barcha yurtdoshlarimizni ana shunday ulug‘ safda – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari qatorida bo‘lishga da’vat etaman.

bugungi imkoniyatdan foydalanib, ko‘pmillatli xalqimizni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman. Har bir xonadon, har bir vatandoshimizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, baxtu saodat doimo yor bo‘lishini tilayman.