Poytaxt aeroporti. Soat millari 20.40 ni ko‘rsatmoqda. Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tgan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida jonajon Vatanimiz – O‘zbekistonning shonu shuhratini olamga tarannum etgan sportchilarimiz mamlakatimizga qaytib kelishmoqda.

Shu munosabat bilan bu yerga jam bo‘lgan keng jamoatchilik vakillari, sportchilar, olimpiyachilarning ota-onalari, yaqinlari, jurnalistlar, sportimiz faxriylari, barcha-barchaning ko‘nglida olam-olam zavqu hayajon.

Sportchilarimizni olis Tokiodan olib kelayotgan samolyotning muazzam poytaxt aeroportiga qo‘nishiga 15 daqiqacha vaqt bor. Guldastalar ko‘targan yurtdoshlarimizning quvonchi cheksiz. Ayniqsa, “Tokio-2020” o‘yinlarida O‘zbekiston bayrog‘ini sarbaland etgan sportchilarimiz – Bahodir Jalolov, Ulug‘bek Rashitov, Akbarjon Jo‘rayev, Davlat Bobonov, Bekzod Abdurahmonovning yaqinlari behad xursand.

Soat millari 21:00 ni ko‘rsatdi. G‘olib sportchilarimizni Tokiodan olib kelgan maxsus avialayner Toshkentga qo‘ngani e’lon qilindi. Dillar shodlikdan hapriqadi. Tokio sport maydonlarida yurtni sharaflagan sportchilarimiz davlatimiz bayrog‘ini baland ko‘targan holda ona Vatan zaminiga qadam qo‘yadi. Karnay-surnay sadolari yangradi. Tokio olimpiadasi qahramonlariga gullar taqdim etildi…

Toshkent aeroportining keng maydonida tashkillashtirilgan marosimda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva, O‘zbekiston xalq shoiri M.Toir, O‘zbekiston xalq artisti Yo.Sa’diyev, 32-olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari,  ularning onalari  yosh avlodni intellektual salohiyatli insonlar qilib kamolga yetkazish, iqtidorini namoyon etishi uchun davlatimiz tomonidan yaratilgan shart-sharoitlar natijasida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, xususan, dunyodagi murakkab epidemiologik vaziyatga qaramasdan Tokio olimpiadasida sportchilarimizning matonat ko‘rsatganliklarini alohida ta’kidlashdi.

– Shodligimning chek-chegarasi yo‘q. Barcha-barchasi uchun katta rahmat, – deydi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Bahodir Jalolov. – Davlatimiz, shaxsan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan biz, sportchilarga ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik, alohida e’tibor, yaratib berilgan shart-sharoitlar natijasida ushbu g‘alabaga erishdik. Mening oltin medalim Mustaqilligimizning 30 yilligiga sovg‘amdir.

– Tokio olimpiadasini katta hayajon bilan kuzatib bordim, – deydi taekvondo bo‘yicha olimpiya chempioni Ulug‘bek Rashitovning onasi Oksana Rashitova. – Juda xursandman. Har bir ona o‘z jigarbandining Vatani uchun kurashishini, g‘olib chiqishini, bayrog‘i ko‘tarilishini, madhiyasi yangrashini istaydi. Ulug‘bek ishonchimizni oqladi. Uni  g‘alaba qozonishi uchun qo‘llab-quvvatlagan murabbiylariga rahmat.  Sportchilarimizning shug‘ullanishi uchun yaratilgan barcha sharoit, hattoki, biz, ota-onalarga ko‘rsatilgan moddiy va ma’naviy e’tibor uchun davlatimizdan cheksiz minnatdorman.

“Tokio-2020” o‘yinlarida jasorat ko‘rsatgan sportchilar, murabbiylar, mutaxassislar va ularning yaqinlari O‘zbekiston bayroqlari bilan bezatilgan avtobuslarda poytaxtimizning Bobur, Nukus, Oybek, Sh.Rashidov, I.Karimov nomidagi ko‘chalari va Amir Temur xiyoboni bo‘ylab ketma-ket yo‘lga chiqishdi. 32-olimp maydonida Vatan sha’nini ulug‘laganlarni xalqimiz, ming-minglab yosh sportchilar yo‘l chetida turnaqator bo‘lib qarshilashdi, qutlashdi.

O‘zbekiston sport tarixida 19 yoshli sportchimiz Ulug‘bek Rashitov Tokio olimpiadasida mamlakatimizga oltin medal taqdim etgan ilk sportchiga aylandi. Uning yorqin g‘alabasi tufayli jahon sport sahnasida madhiyamiz yangradi.

Og‘ir atletikachimiz Akbarjon Jo‘rayev “Tokio-2020” Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekistonga ikkinchi oltin medalni keltirdi. U 109 kilogramm vazn toifasidagi sportchilar bahsida  dast ko‘tarishda 193 kilogramm, siltab ko‘tarishda 237 kilogramm  shtanga ko‘tarib, umumiy hisobda 430 kilogramm  natijani qayd etib, “Tokio-2020” Olimpiya o‘yinlarining oltin medaliga sazovor bo‘ldi.

Dzyudochimiz Davlat Bobonov va erkin kurashchimiz Bekzod Abdurahmonovning olimpiya o‘yinlaridagi shiddatli va murakkab kurashlar natijasida bronza medali sohiblari bo‘lishi va nihoyat alpomishlar avlodi Bahodir Jalolov  “Tokio-2020”ning so‘nggi kunida 32-olimpiya o‘yinlarining oltin medalini qo‘lga kiritishi xalqimiz g‘ururini yuksaltiribgina qolmay, barchamizda bir maqsad – O‘zbekistonning ertangi kelajagi, yangi g‘alabalari yo‘lida birlashish, jipslashish tamoyilini qalbimizga jo eta oldi.

Milliy Olimpiya qo‘mitasida 32-olimpiya o‘yinlarida zafar quchgan sportchilarimizni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tokio sport maydonlarida medallarga musharraf bo‘lgan har bir sportchimizga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovg‘alari – yengil avtomashinalar va uy-joylarning kalitlari  tantanali ravishda topshirildi.

Muzaffar sportchilarimizni kutib olish va taqdirlash marosimlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.Abduvoxitov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov ishtirok etdi.

To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA