Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda Senat a’zolari, Hukumat mutasaddilari, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Mazkur yalpi majlis ishi Senatning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda “UzReport” telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirda namoyish etildi.
Dastlab senatorlar “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini muhokama qildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun mamlakat milliy statistika tizimi huquqiy asosini yaratib bermoqda.
Amaldagi statistika tizimida ochiq ma’lumotlar oshkoraligi va sifat darajasining pastligi, ma’lumotlarni fuqarolar va jahon hamjamiyatiga yetkazish mexanizmining xalqaro talablarga to‘liq javob bermasligi, shuningdek, mavjud “Davlat statistikasi to‘g‘risida”gi qonun faqatgina davlat statistika organlari faoliyatini tartibga solib, statistik ma’lumotlarni ishlab chiqish bo‘yicha boshqa vazirlik va idoralarning faoliyatini qamrab olmagani kabi muammolar mavjud.
Mazkur muammolarni bartaraf etish, belgilanadigan qamrov va sifat talablari kengligi va to‘liqligini ifodalash maqsadida qonun bilan “davlat statistikasi” yoki “milliy statistika” atamasi o‘rniga “rasmiy statistika” atamasi joriy qilinmoqda.
Davlat statistikasi statistika organlari tomonidan shakllantiriladigan statistik ma’lumotlarni nazarda tutgan bo‘lsa, rasmiy statistika barcha tayyorlovchilar tomonidan tayyorlangan va tarqatiladigan statistik ma’lumotlarni qamrab oladi.
Natijada milliy statistika tizimiga kiruvchi barcha sub’ektlarning faoliyatiga huquqiy asos va rasmiy statistikaning xalqaro darajada tan olinishiga institutsional baza yaratilmoqda.
Shuningdek, milliy statistika tizimi, rasmiy statistikani tayyorlovchilar, ma’muriy ma’lumotlarni yetkazib beruvchilar, respondent va foydalanuvchilarning o‘zaro munosabati qoidalari ham nazarda tutilgan.
Rasmiy statistikaning umumfoydalanish uchun ochiqlik holati, ma’lumotlarning oshkoralik va sifat darajasi, ularni fuqarolar va jahon hamjamiyatiga yetkazishning amaldagi mexanizmlari xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirilgan.
Umuman joriy etilayotgan o‘zgarishlar statistika hisobotini ishonchli yuritish, axborotdan foydalanish samaradorligini oshirish, mamlakat nufuzi va investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlash hamda boshqaruvda ochiqlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining Qonuniylikni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish doimiy komissiyalari a’zolari, ekspertlar, mutaxassislar ishtirokida mazkur qonun o‘rganilib, dastlabki tarzda ko‘rib chiqilgan.
Qonunning maqsadi vijdon erkinligi kafolatlarini kuchaytirish, har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqini ta’minlashning qonuniy mexanizmlarini mustahkamlash, shuningdek, davlatning din ishlari bo‘yicha siyosatini takomillashtirishdan iborat.
Ushbu qonun o‘tgan davr mobaynida fuqarolarning diniy e’tiqodini amalga oshirishda duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish, diniy ta’lim olish va diniy tashkilotlarning erkin faoliyat yuritishini ta’minlash, dinlararo va millatlararo nizolar kelib chiqishining oldini olishga xizmat qiladi.
Mazkur qonun bilan mamlakatimizda yashovchi millatlar va elatlar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarining muvozanatini saqlab qolish, ularning turli diniy e’tiqodlari va his-tuyg‘ularini hurmat qilishni ta’minlashning imkoni yaratiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan keyin “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhokama markazida bo‘ldi.
Qayd etilganidek, davlatda kuchli sud hokimiyatining mavjudligi inson huquqlari va erkinliklarini to‘liq ravishda ta’minlashga qaratilgan fuqarolik jamiyatini va demokratiyani barqaror rivojlantirish garovidir. Bu esa mamlakatning barqaror iqtisodiy taraqqiyotni va investitsiyalarni jalb etish nuqtai nazaridan jozibadorligini ta’minlashdagi muhim omildir.
O‘zbekiston Respublikasining 1993 yilda qabul qilingan “Sudlar to‘g‘risida”gi amaldagi qonuni mustaqillikning dastlabki yillarida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda sud tizimidagi chuqur o‘zgarishlar to‘liq aks ettirilmagan va u zamon talablariga javob bermaydi.
Shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash yuzasidan yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqilgan.
Yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonun bilan odil sudlovning asosiy prinsiplari va sud hujjatlarini qayta ko‘rish tartibi takomillashtirilmoqda, sudyalarning maqomi, ularning mustaqilligi kafolatlari kuchaytirilmoqda, sudyalik lavozimiga nomzodlar va saylanadigan shaxslarga nisbatan qo‘yiladigan talablar xalqaro standartlarga moslashtirilmoqda, sudyalarning intizomiy javobgarligi qayta ko‘rib chiqilmoqda, sudyalar vakolatlarini to‘xtatib turish, shuningdek, tugatish asoslari va tartibi aniqlashtirilmoqda hamda sudyalarning ijtimoiy himoyasi ta’minlanmoqda.
Qonunning qabul qilinishi esa O‘zbekiston Respublikasida sud tizimining faoliyat ko‘rsatish tartibini va sudyalar mustaqilligi kafolatlarini takomillashtirishga, sudyalik kasbining obro‘sini ko‘tarishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyulda qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining 11-bandida belgilangan vazifalarining bajarilishiga xizmat qiladi.
Senatorlar tomonidan ushbu qonun ma’qullandi.
So‘ngra “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhokama qilindi.
Hozirgi vaqtda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etishi uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
Ayni vaqtda yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning madaniyati va urf-odatlarini, xususan, ularning ona tillarini rivojlantirish uchun ham zarur sharoitlar yaratilmoqda. Turli hududlarda tashkil etilgan 140 ga yaqin milliy madaniyat markazlari ana shu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Ko‘plab ta’lim-tarbiya maskanlari, ommaviy axborot vositalari o‘zbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman tillarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Ya’ni, davlatimiz barcha millatlar tili va madaniyati rivojlanishiga yetarlicha sharoit yaratgan.
“O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda Senat Kengashining “Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Toshkent shahrida ijro etilishini o‘rganish natijalari to‘g‘risida”gi qarori asosida ishlab chiqilgan.
“Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy o‘rni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, Prezident Farmoni bilan 21 oktyabr sanasi yurtimizda O‘zbek tili bayrami kuni sifatida belgilandi. Bu bayram haqidagi norma yangi qonunda ham o‘z ifodasini topgan.
Shuningdek, qonunda amaldagisida mavjud bo‘lmagan ko‘pgina me’yorlar belgilanmoqda. Xususan, amaldagi “Davlat tili haqida”gi qonunda mazkur qonunning amalga oshirilishini ta’minlaydigan, bu sohada yagona davlat siyosatini olib boruvchi maxsus davlat organi va uning huquqiy maqomi bilan bog‘liq masalalar umuman ochib berilmagan.
Bundan tashqari, davlat xizmatchilariga nisbatan davlat tilini bilishga oid talablarning belgilanmaganligi ham ushbu qonunning amalda ishlamasligiga olib kelmokda.
Shundan kelib chiqib, huquqiy sohada hamda milliy qonunchilikda amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘liq aks ettirish va “Davlat tili haqida”gi qonunning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishini ta’minlash maqsadida u yangi tahrirda ishlab chiqildi.
Unda qonunning maqsadi va qo‘llanish sohasi, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasining davlat tili, O‘zbekiston Respublikasida boshqa tillarning maqomi, til bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘yilmaslik, davlat tilini rivojlantirishdagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, Vazirlar Mahkamasining davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha vakolatlari, davlat organlari va tashkilotlarining davlat tilini rivojlantirish sohasidagi vakolatlari, davlat tilini rivojlantirish va davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazorati kabi yangi normalar mavjud.
Mazkur qonunda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida davlat tilining qo‘llanilishi, ish yuritish tili, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda davlat tilining qo‘llanilishi, normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar, shuningdek, ularning loyihalarida foydalaniladigan til, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ishlatiladigan til, sud ishlari yuritiladigan til, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, fuqaroning shaxsini va huquqlarini tasdiqlashda qo‘llaniladigan til masalalari ham batafsil belgilangan.
Qonun qabul qilinishi davlat tilining ijtimoiy hayotning barcha sohalarida qo‘llanilishiga, uning rivojlanishi va ommalashuviga katta turtki beradi. Jumladan, davlat tilini rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining davlat tilini rivojlantirish sohasidagi vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi qonuni darajasida belgilanishi barcha sohalarda o‘zbek tilining adabiy til me’yorlari asosida ifoda etilishiga xizmat qiladi. O‘zbek tili bilan bog‘liq tarixiy-ma’naviy merosimizni asrab, kelgusi avlodlarga yetkazilishini ta’minlaydi.
Senatorlar davlatimiz rahbarining har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim, degan fikrlarini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning o‘tgan davrida qabul qilingan qarorlar, tasdiqlangan dasturlardagi ustuvor vazifalar ijrosi qo‘shimcha moliyalashtirish manbalarini talab etmoqda.
Shu maqsadda qonun bilan makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash, iqtisodiy o‘sish sur’atlarini oshirish, shuningdek, aholi farovonligini ta’minlash kabi maqsadlarda olib borilayotgan islohotlarni faol davom ettirishning moliyaviy asoslari barqarorligi belgilanmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash uchun Davlat byudjeti xarajatlarining 13,1 trln so‘mga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi 6155-sonli Farmoniga binoan:
– turizm ob’ektlari atrofidagi yer maydonlari, suv va yo‘l infratuzilmalarini yaxshilash uchun 410 mlrd so‘m;
– erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarini zarur infratuzilmalar bilan ta’minlashga 350 mlrd so‘m;
– endokrin kasalliklarni erta aniqlash va davolash hamda muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga 124,2 mlrd so‘m;
– “El-yurt umidi” jamg‘armasiga nufuzli xorijiy oliygohlarda o‘qishga yuboriladigan yoshlar sonini 5 barobarga (82 tadan 350 taga) oshirish uchun 80 mlrd so‘m;
– 2021/2022 o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasalariga davlat grantida qabul ko‘rsatkichlarini 25 foizga oshirish, ehtiyojmand oilalar qizlariga grantlarni 2 barobarga ko‘paytirib, 2 mingtaga yetkazish uchun 64,4 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, mahallalarda ishsiz yoshlar va xotin-qizlarni daromadli mehnat bilan band qilish, ularning o‘z biznesini tashkil etishiga ko‘maklashish tadbirlarini davom ettirish maqsadida qabul qilingan Prezident qarori (2021 yil 27 martdagi 5041-son) ijrosini ta’minlashda:
– oilaviy tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun vakolatli banklar ustav kapitalini 1,3 trln so‘mga oshirish;
– oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarini moliyalashtirishga qo‘shimcha 1,5 trln so‘m mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, qonun bilan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining xarajatlari uchun 6,4 trln so‘m (13,4 dan 19,8 trln so‘mga) yo‘naltirilmoqda.
Ushbu mablag‘lardan:
a) respublika byudjetiga ichki yo‘l va ichimlik suvi ta’minoti (3,2 trln so‘m) va oilaviy tadbirkorlik (1,5 trln so‘m) dasturlari hamda boshqa ijtimoiy soha ob’ektlarini (1,1 trln so‘m) barpo etish uchun 5,8 trln so‘m;
b) oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida limonchilik loyihalarini moliyalashtirish maqsadida “Turon bank”ning ustav kapitalini oshirish uchun 100 mlrd so‘m;
v) charmdan tayyor mahsulotlar, charm-attorlik, shuningdek, mo‘yna va jundan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalari uchun kredit liniyalarini moliyalashtirishga 550 mlrd so‘m ajratish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Turizm va sport vazirligining tashkil topishi hamda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tugatilishi ham amaldagi qonunga tegishli o‘zgartishlar kiritishni talab etgan.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
So‘ngra “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhokama markazida bo‘ldi.
Qayd etilganidek, qonunning maqsadi jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi tomonidan O‘zbekiston milliy tizimini baholashning ikkinchi bosqichini muvaffaqiyatli o‘tkazishga tayyorgarlik doirasida FATF tavsiyalarini qonunchilikka implementatsiya qilishdan iborat.
Qonun bilan amaldagi 2 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Birinchidan, “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish kiritish orqali jinoiy yo‘l bilan olingan mol-mulkni aniqlash, xatlash va musodara qilishni ta’minlash maqsadida bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni prokuror sanksiyasiga asosan prokuratura, dastlabki tergov, surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv va tezkor-qidiruv organlariga taqdim etish tartibi belgilanmoqda.
Ta’kidlash joizki, bu borada qonunchilikda huquqiy bo‘shliqlar mavjudligi sababli jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi ekspert baholovchilari tomonidan milliy qonunchilik FATFning 40 ta tavsiyasidan 6 tasiga qisman muvofiqligi haqida birlamchi baho berilgan. Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan BMTning konvensiyalari talablari to‘liq ijro etilmayotganligi ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish kiritish orqali tergovga qadar tekshiruv materiallari va jinoyat ishi doirasida Markaziy bankning ma’lumotlar bazasidan hisobvaraqlar haqidagi ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan rejimda olish tartibi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, prokuratura, dastlabki tergov, surishtiruv organlari va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar, shuningdek, chet davlatlarning vakolatli organlari o‘rtasida bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni almashish tartibi belgilanmoqda.
Ikkinchidan, “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish kiritish orqali 6 ta tezkor-qidiruv faoliyatni amalga oshiruvchi organlar tomonidan prokuror sanksiyasi bilan bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlardan foydalanish tartibi belgilanmoqda.
Jumladan, bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar prokurorning sanksiyasi bilan quyidagilarga taqdim etilishi belgilanmoqda:
birinchidan, prokuratura, dastlabki tergov va surishtiruv organlariga – ularning ish yurituvidagi jinoyat ishlari bo‘yicha ish uchun ahamiyatli bo‘lgan holatlarni aniqlash, yetkazilgan zararni undirishni yoki mol-mulkni xatlashni ta’minlash maqsadida tergovchining yoxud surishtiruvchining asoslantirilgan qaroriga ko‘ra;
ikkinchidan, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga – ularning ish yurituvidagi tezkor-qidiruv ishlari bo‘yicha o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan asoslantirilgan qaror asosida.
Qonunning qabul qilinishi:
– BMT konvensiyalari talablari hamda FATF tavsiyalari milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishiga;
– Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi tomonidan O‘zbekistonning milliy tizimini baholashning ikkinchi bosqichi muvaffaqiyatli o‘tishini ta’minlashga;
– Respublikaning investitsion jozibadorligi oshishiga hamda xalqaro reytinglardagi o‘rni yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Senatorlar tomonidan ushbu qonun ma’qullandi.
Shundan keyin “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, BMTning korrupsiyaga, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni g‘ayriqonuniy ravishda muomalaga kiritishga, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka hamda terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash to‘g‘risidagi Konvensiyalari talablari ijrosini ta’minlash, jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha nufuzli xalqaro tashkilotlarining (FATF standartlari, Yevroosiyo guruhi hamda Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti) tavsiyalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishda ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur qonun bilan 3 ta kodeks va 8 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Jumladan, Jinoyat va Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi, “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi, “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi va “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi, shuningdek, “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish kiritilmoqda.
Muhokama davomida senatorlar tomonidan qonunni ishlab chiqishda milliy qonun hujjatlari, xorijiy mamlakatlar tajribasi va yurist-olimlar fikrlari o‘rganilmagan va tahlil qilinmaganligi qayd etildi.
Bundan tashqari, qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ekti hamda qonun loyihasi tashabbuskorlari tomonidan sohada vujudga kelgan muammolarni kompleks tahlil qilib, so‘ngra amaldagi qonunchilik normalarini tubdan takomillashtirish masalasini o‘rganib chiqish va shundan so‘nggina Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga maxsus musodara qilish choralarini belgilash maqsadga muvofiq hisoblanishi bildirildi.
Shu bois qonun senatorlar tomonidan rad etildi.
Yalpi majlisda 19 ta masala, shu jumladan, 7 ta qonun muhokama qilindi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati