Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori, professor Bayrambay Otemuratov Rossiya Federatsiyasiga xizmat safari doirasida Kuban davlat universitetiga tashrif buyurdi.

Universitet rektori Mixail Astapov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda 2018 yildan buyon yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikning samaralari to‘g‘risida suhbatlashdi.

Ta’kidlash joiz, oliy ta’lim tizimidagi o‘zaro strategik hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasining qator yetakchi oliy ta’lim muassasalari tashabbusi bilan 2018 yil 18-19 oktyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ilk marotaba  Rossiya – O‘zbekiston ta’lim forumida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolanib, amaliy ishlar boshlangan edi. Shu asnoda Kuban davlat universitetining professor-o‘qituvchilari Nukus davlat pedagogika institutiga tashrif buyurib, talabalarga ma’ruzalar o‘qib, anjuman va seminarlarda ishtirok etdi. 2019 yil institutning 10 nafar talabasi ilmiy rahbarlari bilan birgalikda Kuban davlat universitetida tashkil etilgan yozgi maktabda o‘qish va amaliy kurslarni o‘tib qaytdi. Shuningdek, o‘tgan 2020 yil fevral-iyun oylarida institutning ikki nafar magistranti mazkur universitetda olti oylik almashuv dasturi asosida bilim va ko‘nikmalarini oshirib keldi.

Uchrashuvda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi. Chunonchi, hamkorlikda rus tili bo‘yicha sertifikat beruvchi markaz ochish, unda Kubandagi mashhur professor-o‘qituvchilar ishtirokini ta’minlash orqali xalqaro sertifikat berishni yo‘lga qo‘yish, defektologiya ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kelgusi o‘quv yilidan boshlab «2+2» tizimi doirasida qo‘shma bakalavriat dasturini tashkil etish taklifi ilgari surildi. Shuningdek, institut huzuridagi matematikaga ixtisoslashtirilgan maktabda Kuban davlat universiteti professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda o‘kuvchilarning bilimini oshirish, olimpiadalarga tayyorlash, shu bilan birga, ikki oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda darslik, o‘quv qo‘llanmalarini tayyorlash,  nashr qildirish masalalari bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan kelishib olindi.

 

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA