Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Avvalo, ushbu muhim tadbirda ishtirok etishga taklif etgani uchun Prezident Mun Chje In Janobi Oliylariga o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman.

Koreyalik sheriklarimiz tomonidan barqaror rivojlanishning dolzarb muammolarini hal etish va global miqyosda “yashil iqtisodiyot” masalasini kun tartibiga qo‘yish borasidagi tashabbus va sa’y-harakatlarni olqishlaymiz hamda ularni yuksak baholaymiz.

Fursatdan foydalanib, barchangizni, xususan, Pan Gi Mun janoblarini Global yashil iqtisodiy o‘sish instituti tashkil etilganining 10 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.

Hurmatli forum qatnashchilari!

Pandemiya inson salomatligi va atrof-muhitning holati, shuningdek, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot bir-biri bilan naqadar bog‘liq ekanini yaqqol ko‘rsatdi.

bugungi kunda ona tabiatning o‘zi bizga yo‘llayotgan ogohlik qo‘ng‘irog‘iga beparvo bo‘lmasligimiz kerak.

Afsuski, iqlim o‘zgarishlari tobora kuchayib bormoqda. Biz yashayotgan Markaziy Osiyoda so‘nggi 30 yilda o‘rtacha yillik harorat taxminan bir darajaga ko‘tarildi.

Mintaqamizdagi asosiy daryolarning havzasi va biologik xilma-xillikning qisqarib borayotgani jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.

Bug‘lanish darajasini oshiradigan gazlar va atmosferaning keng miqyosda ifloslanishi muammolarni yanada chuqurlashtirmoqda.

bugungi kunda “yashil taraqqiyot” borasidagi maqsadlarga erishish uchun mamlakatlarning harakatlari yanada faol va samarali bo‘lishi kerakligiga hech kim shubha qilmayapti. Boshqa choramiz ham yo‘q.

Biz O‘zbekistonda shu yo‘nalishdagi muhim ishlarni boshladik.

“Yashil iqtisodiyot”ga o‘tishning keng qamrovli strategiyasini, shuningdek, Qayta tiklanadigan va vodorod energetikasini rivojlantirish dasturini amalga oshirmoqdamiz.

Parij bitimi doirasida biz 2030 yilga borib havoga zararli gazlar chiqarishni 10 foizga kamaytirish majburiyatini zimmamizga oldik.

Biz mintaqada birinchi bo‘lib Global yashil iqtisodiy o‘sish institutiga qo‘shildik va ushbu tuzilmaning vakolatxonasini O‘zbekistonda ochish niyatidamiz.

“Yashil iqtisodiy tiklanish” sohasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlari haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Birinchidan, “yashil texnologiyalar”ni keng joriy etish hisobidan Orol dengizi halokatining global oqibatlarini bartaraf etish muhimdir.

Ushbu masala bo‘yicha biz sheriklarimiz bilan, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti qoshida tuzilgan maxsus Trast fondi hamda P4G platformasi doirasida faol hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchimiz.

Kuni kecha O‘zbekistonning tashabbusi asosida Orol dengizi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida BMTning maxsus rezolyutsiyasi qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun minnatdorlik bildiraman.

Ikkinchidan, “yashil energetika”ni rivojlantirish orqali uglerod yoqilg‘isiga bog‘liqlikdan qutulishga intilmoqdamiz.

Biz quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirishni boshladik. Yaqin o‘n yil davomida qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini uch barobar ko‘paytirishni maqsad qilganmiz.

Bundan tashqari, mintaqamizning gidroenergetika sohasidagi ulkan salohiyatini ishga solishda qo‘shni davlatlar bilan yaqindan hamkorlik qilayapmiz.

Kelgusi yili O‘zbekistonda “Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun yashil energetika” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazishga tayyormiz.

Uchinchidan, “yashil iqtisodiyot”ni barpo etishda yoshlarni faol jalb etish bo‘yicha Maxsus dasturni amalga oshirishga kirishishni taklif etamiz.

Bu kelajakda “yashil”, ya’ni ekologik toza mahsulotlarni iste’mol qilish madaniyatini shakllantirishga katta imkoniyat yaratadi.

To‘rtinchidan, moliya sektori va investorlarning “yashil texnologiyalar”ga tobora ortib borayotgan ishonchini rag‘batlantirish niyatida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tarafdorimiz.

Shu maqsadda O‘zbekiston P4G yo‘nalishidagi sheriklikka qo‘shilish va uning to‘laqonli ishtirokchisiga aylanishga tayyor.

So‘zimning yakunida bugungi sammit natijalari mazkur muhim xalqaro ekologik platforma doirasida bizning amaliy hamkorligimizni kengaytirishga xizmat qiladi, deb ishonch bildiraman.

Barchangizga muvaffaqiyatlar tilayman.

E’tiboringiz uchun rahmat.