2021 yilning 24 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev mamlakatimizga tashrif buyurgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining katta maslahatchisi, Ehtiyojlarni baholash missiyasi rahbari Aleksey Gromov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida YeXHT/DIIHB delegatsiyasiga respublikamizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, qonun ustuvorligi, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, fuqarolar huquq hamda erkinliklarini har tomonlama himoya qilish, gender tengligini ilgari surish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda umum e’tirof etilgan xalqaro mezonlar asosida saylov qonunchiligini takomillashtirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining konstitutsion huquqlarini amalga oshirishga ko‘maklashish borasidagi faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, saylovda ishtirok etish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish, joylarga chiqib muddatdan oldin ovoz berish amaliyotini joriy qilish va boshqa amaliy tadbirlar haqida so‘z yuritildi.
YeXHT/DIIHB delegatsiyasi tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oliy sudi, Markaziy saylov komissiyasi, vazirlik va idoralarida ham bo‘lishadi. Shuningdek, siyosiy partiyalar rahbarlari hamda fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashuvlar ham rejalashtirilgan.
O‘zA