Milliy matbuot markazida 17 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmatining navbatdagi brifingi bo‘lib o‘tdi. Unda an’anaga ko‘ra, o‘tgan haftadagi tadbirlar haqida qisqacha ma’lumot berildi.

Davlat rahbarimizning kun tartibida nafaqat rasmiy, balki olijanob insoniy fazilatlarni ifoda etuvchi tadbirlar doimo yuqori o‘rinda turadi. Shu jihatdan olganda, o‘tgan haftaning eng esda qolarli voqeasi – bu Prezidentimizning Ramazon hayitining ikkinchi kuni Toshkent shahridagi gematologiya va onkologiya markazlariga tashrifi bo‘ldi.

Brifingda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov mazkur markazlar hamda Uchtepa tumanidagi Tepaqo‘rg‘on mahallasiga tashrif, onkologiya xizmatini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi yakunlari haqida ma’lum qildi.

Shuningdek, o‘tgan hafta Prezident tomonidan qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining moddiy ta’minotini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon va “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror mazmun-mohiyati haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi.

Ramazon hayiti arafasida, 12 may kuni Prezidentning tegishli farmoni bilan ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 100 nafar fuqaro afv etilgani O‘zbekistonda insonparvarlik tamoyiliga asoslangan siyosat yuritilayotganining yana bir ifodasi bo‘lgani ta’kidlandi.

Brifingda bu haftada kutilayotgan tadbirlar haqida ham axborot berildi. Xususan, joriy hafta Prezident ishtirokida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya tizimini takomillashtirish yuzasidan taqdimot, sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning samaradorligini oshirish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish yuzasidan videoselektor, ko‘p kvartirali uy-joylarga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari Jahon banki prezidentining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘rinbosari Anna Berdeni qabul qiladi. Shuningdek, Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etadi.

Sherzod Asadov brifing o‘tkazilayotgan daqiqalarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qilayotganini ma’lum qildi.

Tadbir yakunida jurnalistlarning savollariga javob qaytirildi.

 

O‘zA