9 may – Xotira va qadrlash kuni

Mazkur voqea Qodir boboning o‘g‘li – Odamboy Qodirov

 tilidan yozib olingan.

Jang uzoq cho‘zildi, to‘kildi ko‘p qon,

Boqardi tog‘lar ham qaltirab, cho‘chib.

Jangda g‘olib chiqqan askar ham bu on

yig‘lardi ukasin jasadin quchib.

Har yili 9 may sanasi yaqinlashgani sayin ko‘nglimizni o‘sha og‘riqli kunlarning ohu-faryodi chulg‘asa, bir tomondan esa, bunday yorug‘ kunlarimizga bo‘lgan shukronalik hissi jo‘sh uradi.

1941 yilda boshlangan urush qanchadan-qancha xalqlarining, ne bir oilalarning yostig‘ini quritmadi. 1-jahon urushi talofatlaridan o‘ziga kelib ulgurmagan xalqimiz endi yana 2-jahon urushiga safarbar qilindi. Favqulodda e’lon qilingan ommaviy safarbarlik bizning oilamizni ham chetlab o‘tmadi.

Biz uyda 6 jon – dadam, onam, ukam va ikkita singlim bilan birga yashardik. Oilada ukam bilan birgalikda temirchilik qilib, xalqning ro‘zg‘origa kerakli anjomlar va qishloq xo‘jaligi uskanalarni yasardik. Meni shu yerda qolib, front ortida xalqqa kerakli bo‘lgan buyumlar yasash ishlariga jalb qildilar va endigina 19 yoshni qarshi olgan ukam Aminboyni urushga olib ketishdi.

1941 yil sentyabr oyining boshlari edi. Uy oldida bir guruh harbiylar qishlog‘imizdan 50 nafargacha yigitni olib ketishga keldi. Kuzatish uchun mahalla, qo‘ni-qo‘shnilar, yoshu-qari hamma yig‘ilgan. Onam dag‘-dag‘ titragancha hech narsa deyolmas, bitta nonni tishlatib, ukamni quchoqlab yig‘layverar edi. Kuzatish oldida dadam sekin ukamni yoniga borib bag‘riga bosdi va peshonasidan bitta o‘pib: “Aminboy o‘g‘lim, biz Senga ishonamiz va Sen bilan doim faxrlanamiz. Tez orada g‘alaba bilan qaytasizlar, shunda akang Odamboy bilan ikkalangizni to‘ylaringni qo‘shib qilamiz. Unutma, o‘g‘lim – Vatan sha’ni doim oringdan ulug‘ bo‘lsin! Oq yo‘l, oy borib, omon qaytinglar”, deb xayrlashdi. Ukam esa, iliq tabassum bilan hammamiz bilan quchoqlashar ekan, faqat bitta so‘zni takrorlayverdi: “Xayr, yaxshi qolinglar, biz albatta, qaytamiz”…

Dastlab har 2-3 oyda o‘zi va qishloqdan birga ketgan safdoshlari haqida, qayerda xizmat etayotgani haqida xatlar kelib turardi. Xat kelgan kun uyda bayram boshlanar, hammamiz xatni qayta-qayta o‘qirdik. Onam xatni yostig‘i ostiga qo‘yib uxlardi. Xatning kelish vaqti cho‘zilsa, Onam darrov o‘g‘limdan xat kelmadimikan, deb necha bor xat tashuvchini uylarigayam borardi.

Shu zaylda oradan uch yil vaqt o‘tdi. Keyinchalik uyga xat ham kelmay qo‘ydi… 1943 yil – urushning suronli yillari, qish yaqinlashib qolgan havoning avzoyi buzuq izg‘irinli kunlardan birida, odatdagidek ustaxonada bel, ketmon yasayotgan edim. Otam yonimga kelib o‘tirdi va qilayotgan ishlarimni zimdan kuzatdi. Men hassaga suyanib o‘yga cho‘mgan otamning, gapirmasdan dilida nimalar kechayotganini tushunardim. Chunki, qariyb 6 oydan buyon ukamdan xat kelmasdi. Qishlog‘imizdan birga ketgan ayrim yigitlarning mash’um o‘limi haqida “qora xat” kelar va Vatan uchun jon bergan shu yigit sha’ni uchun butun qishlog‘imiz aza ochar edi…

Shu o‘y-xayollar bilan ishimni qilayotgandim, kimdir eshikni ohista taqillatdi va sekin ochdi. Qishlog‘mizning xat tashuvchisi… Otam u bilan salomlasharkan, qo‘liga xatni oldi va majolsizgina joyiga o‘tirib: “Buni ertaroq sezgandim, o‘g‘lim, oxirating obod bo‘lsin, allohu akbar!” deb fotiha tortdi…

“O‘g‘ling 19 yoshida urushga ketib, 22 yoshida “vafot etdi”, degan bu sovuq xabar oilamiz, ayniqsa, onam uchun judayam og‘ir zarba bo‘ldi. Deyarli har kuni: “hech bo‘lmasa murdasini ko‘rsam edi yo qabrini ziyorat qilsam edi”, – deb ko‘zi yoshlanardi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, otamning ham qaddi bukilib, to‘shak tortib og‘rib qoldi…

Otam ukamni albatta, qaytishiga ishonar edi, dushman ustidan g‘alaba qozonib, o‘g‘lim qahramon bo‘lib qaytadi deb, qayta-qayta duo o‘qirdi.

Bu “qora xat” oilamizga hali yetib kelmagan qishning qahratonli sovuqlarini olib keldi, osmonimizni qora bulut qopladi.

Oradan ko‘p o‘tmay otam to‘shakka mixlanib qoldi. Qo‘limda jon berarkan, hech nima gapirmas, faqat bir nuqtaga qaragancha nimalarnidir hayol surardi. Mening qo‘limni mahkam siqqanicha, ko‘zimga uzoq tikilib, menga metin iroda, kuch-quvvat, oilamiz nomusi va sha’nini senga topshirib ketayapman, deganday bo‘ldi va ohista ko‘zlarini yumdi.

Otam elimizda (hozirgi To‘rtko‘l tumani) Qodir bo‘lish (bo‘lish – tuman hokimi, oqsoqoli ma’nosida) nomi bilan shuhrat qozongan, diniy va dunyoviy ilmlarni puxta egallagan savodli kishilardan bo‘lgan. O‘zining mehnatkashligi, qat’iyatliligi va adolatparvarligi bois xalqimiz hurmatiga sazovor bo‘lgan inson edi.

Dunyoni larzaga keltirgan urush…

1944 yil erta bahor kunlarining birida, dalada ketmon chopib yurgan edim, uzoqdan odamlarning Seyitmambet qaytdi, Seyitmambet qaytdi degan ovozlari eshitildi va qo‘limdagi ketmonni tashladimu uyimiz ro‘parasidagi Seytmambetning uyiga qarab yugurdim.

Chunki, Seytmambet ukam bilan birga ketgan, bitta frontda, bitta joyda xizmat qilayotgan edi. Bir zumda barcha qishloq ahli shu uyda jam bo‘ldi. Yig‘ilganlar urushda bir oyog‘idan ayrilib kelgan Seyitmambet bilan ahvol so‘rashar va tinimsiz savollarga tutar edi.

O‘zimda zo‘rg‘a kuch topdimda: “Seytmambet, yoningda birga ketgan ukam, Aminboy taqdiri qanday bo‘ldi?”, deb so‘radim. U biroz vaqt o‘tib menga ba’zi voqealarni so‘zlab berdi: “Dastlab bizni Moskvaga yaqin joyga olib borishdi va o‘sha yerda tank haydash, tank batalonini boshqarish, turli pozitsiyalarda tank orqali hujumga o‘tish mashg‘ulotlari bo‘yicha o‘qitishdi. Ichimizda Aminboy qisqa fursat ichida mashg‘ulotlarni a’lo baholarga topshirdi, keyinchalik u rotamizdagi eng kuchli “tankchi” unvoniniyam oldi. Biz urushda asosan, Moskva atrofidagi bir qator shaharlarda va Stalingradda bo‘ldik.. Biz urush o‘chog‘iga kirgach, olti oydan keyin Aminboy “7-zona tank bataloni komandiri” lavozimiga ko‘tarildi. Urush davrining eng og‘ir va dahshatlisi Stalingrad jangi bo‘ldi, desam adashmayman. Stalingradda nemislar bilan ayovsiz janglar bo‘lib o‘tdi. Aminboyning o‘tkir zehni, favqulodda qarorlar qabul qilish qobiliyati va mukammal urush taktikasini bilganligi bois, bir necha bor nemislarni yakson qildik, ularning katta harbiy bazalariga qahshatqich zarbalar berdik, xullas, har bir g‘alabamiz biz uchun mislsiz quvonch, shodu xurramliklar olib kelardi.

Ana shunday ayovsiz urush kunlarining birida tank boshqarib borayotgan Aminboy – hamqishloq safdoshlarining jang maydonida o‘q jarohatidan jon talvasasida yotganini ko‘rdi. Nemislar tomonidan biz tomonga yomg‘irday yog‘ilayotgan o‘q va bomba kuchlariga qaramasdan, Aminboy darrov tankdan tushib, ikki nafarini ko‘tarib panaroq joyga o‘tayotgan paytda uning chap buyragiga o‘q tegdi.

Men esa uzoqdan Aminboyning behol yiqilganini ko‘rdim, lekin shu payt men ham bir oyog‘imdan o‘q yeganim va har ikki tomondan yomg‘irday yog‘ilayotgan o‘qlar sababli uning yoniga shu paytda borishning imkoni bo‘lmadi, kech botishini kutib yotdim. Kech tushishi bilan darhol Aminboy yotgan joyga sudrala-sudrala yetib bordim. Borsam Aminboy tirik ekan, lekin juda ko‘p qon yo‘qotgan, peshonasidan ter quyilar, har zamonda ingragan ovozi chiqar edi. Men unga dalda berib, yaralangan joyini tozalab, yaxshimisan, desam, ikkala ko‘ziniyam mahkam qisib, iliq tabassum qilib qo‘ydi.

Bir payt qarasam, uzoqdan qo‘llarida fonar, yonlarida bahaybat itlari bilan 30-40 kishidan iborat nemis askarlari saf tortib kelar, uchragan har qanday holatdagi askarlarni – u yaradormi, hatto o‘likmi barchasini birma-bir tepib, qo‘llaridagi o‘tkir tig‘li burovni ko‘kragiga tiqib olardi. Men bu holatni ko‘rib, shosha-pisha shu yerda yotgan o‘liklarni Aminboy ikkimizni ustimizga torta boshladim. Sekingina Aminboyga: “ovozingni chiqarma, o‘zimiznikilar bizni albatta, olib ketishadi”, dedim. Bu orada nemis askarlari kelib qoldi va meni ustimdagi o‘likni bir tepdida, o‘tkir tig‘li xanjarni tiqib oldi. Aminboy tomonga o‘tib, uning ustidagi o‘likni ham tepgandi, tepilgan zarb Aminboyning jarohatiga ta’sir qilganligi bois, og‘riqni zo‘ridan ingrab yubordi va buni bilgan nemislar ustida yotgan o‘liklarni surib tashlab, Aminboyning ko‘kragiga tig‘li burov bilan zarba berdi.

Men u yerda qancha yotganimni bilmayman, ko‘zimni ochsam, harbiy gospitalda o‘ng oyog‘im kesilgan holatda yotgan ekanman.

Aytishdiki, ertasi kuni komanda kapitanlari, rotamiz askarlari va safdosh do‘stlarimiz hamma birgalikda – mening jondan aziz do‘stim – ukangiz Aminboyga hurmat bajo keltirib, shu joyning o‘zida munosib tarzda dafn qilishgan ekan…”

O‘limidan keyin Aminboy Qodirov urush frontida nemis fashizmiga qarshi kurashda ko‘rsatgan qahramonliklari uchun “Qizil Yulduz” ordeni bilan taqdirlangan.

Shukrlar bo‘lsin, Istiqlol tufayli, ayniqsa, keyingi yillarda Vatanimizning o‘tmish tarixi ilmga asoslangan haqqoniy fakt va dallilar bilan qayta yoritilib boshlandi. Har safar Nukus shahrining markazidagi hamda Toshkent shahridagi “Xotira maydoni”ga tashrif buyurib, ajdodlarimizni ziyorat qilganimda, shu yerda Vatan uchun, shu el uchun jon bergan bobomning ham nomi zarhal harflar bilan yozilib turganligi – ko‘nglimga doim faxr va iftixor tuyg‘usini baxshida etadi.

Tinchlikning ortida mas’uliyat bor

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020 yilda buyuk G‘alabaning 75 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimida ikkinchi jahon urushi yillariga bog‘liq bo‘lgan butunlay yangicha ilmiy dalillarga asoslangan ma’lumotlar keltirdi: ikkinchi jahon urushi boshlangan paytda yurtimiz aholisi 6 million 551 ming kishini tashkil etgan va ulardan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgan. Demak, har uch nafar o‘zbekistonlikdan bittasi qo‘liga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgan.

Tarix sahifalaridan ma’lumki, urush yillarida Qoraqalpog‘iston aholisining umumiy soni 476 ming bo‘lgan bo‘lsa, 66 mingdan ziyod vatandoshimiz frontga safarbar qilingan.

1941 yilning o‘zida 4300 ga yaqin qoraqalpog‘istonlik vatandoshimizdan iborat “97-qoraqalpoq o‘t ochish birigadasi” tuzilgan. Mazkur brigada Moskva va Stalingrad janglarida mardonavor ishtirok etganligi manbalardan ma’lum.

Shuningdek, yangi ma’lumotlarga ko‘ra, bu urushda O‘zbekiston bo‘yicha 538 mingdan ziyod vatandoshimiz halok bo‘lgan. Bundan tashqari, frontda bedarak yo‘qolgan hamyurtlarimiz soni 158 mingdan ko‘proq ekanligi aniqlandi.

bugungi kunda olib borilgan ilmiy izlanishlar tufayli jangovar orden va medallar bilan mukofotlangan O‘zbekiston vakillarining soni bo‘yicha ham oydinlik kiritildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani aniqlandi. Jumladan, o‘zbekistonlik Sovet Ittifoqi Qahramonlarining soni 301 nafar, 70 nafar yurtdoshimiz esa, uchala darajadagi “Slava” ordeniga sazovor bo‘lgani hujjatlar orqali o‘z tasdig‘ini topdi.

Tarix manbalarida yozilishicha, 1941-1945 yillar oralig‘ida Qoraqalpog‘istondan frontga safarbar qilinganlarning 20 nafari “Sovet Ittifoqi Qahramoni”, 6 nafari I, II, III darajali «Shon-shuhrat» ordeni va yana bir qancha vatandoshlarimiz boshqa yuksak darajadagi jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.

Insoniyat tarixidagi eng dahshatli qirg‘in – Ikkinchi jahon urushining tugaganiga 76 yil to‘lgan bo‘lsa-da, afsuski, yer yuzining turli burchaklarida, jumladan, mintaqamizga yaqin hududlarda qarama-qarshilik, qonli to‘qnashuvlar davom etmoqda.

Shunday ekan, bugungi yoshlarimiz zimmasida ajdodlarimizga munosib voris bo‘lib, ilmu-ma’rifatni puxta egallab, yurtimizni turli xil yot g‘oyalardan asrab, yanada obod qilish mas’uliyati turibdi.

Negaki, bugun mamlakatimiz ezgu maqsadlar bilan «Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari» tamoyili asosida 3-renessans poydevorini, yangi O‘zbekistonni barpo etishga kirishdi, bu, yoshlarimizdan fidoyilik va bunyodkorlikni, oliy maqsadlarga yo‘g‘rilgan buyuk safarbarlikni talab etmoqda. Zero, tinchlikning ortida yuksak mas’uliyat bor.

 

Quvondiq Qodirov,

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti

Prorektori.

O‘zA