O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi majlisi bo‘lib o‘tdi. Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan majlisda sudyalar, senatorlar, deputatlar, Sudyalar oliy kengashi, Sudyalar assotsiatsiyasi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari, huquqshunos olimlar ishtirok etdi.

Oliy sud raisi K.Komilov boshqargan majlisda sud tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, ishlarni ko‘rish sifatini oshirish, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida qisqacha ma’lumot berildi.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 24 iyuldagi «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan «bir sud – bir instansiya» tamoyili asosida ish olib borish, investorlar huquqlarining ishonchli sud himoyasini ta’minlash, sud organlarining amaldagi tuzilmasini zamon talablari va xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirishga qaratilgan mexanizm yaratildi.

Farmon talablaridan kelib chiqib, qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Shu asosda «Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini apellyatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida», «Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini apellyatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida», «Sudlar tomonidan ma’muriy ishlarni apellyatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida» va «Sudlar tomonidan iqtisodiy ishlarni apellyatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida»gi plenum qarorlari loyihalari tayyorlandi.

Majlisda mazkur loyihalar muhokama qilindi.

«Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini apellyatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida»gi qaror loyihasida jinoyat ishlarini apellyatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish sud protsessi ishtirokchilarining qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlari ustidan shikoyat berishga bo‘lgan huquqini kafolatlovchi muhim huquqiy institut hisoblanishi tushuntirilgan.

Jinoyat-protsessual kodeksi talablariga muvofiq, apellyatsiya tartibida ish yuritish mahkum, oqlangan shaxs, uning himoyachisi va qonuniy vakili, jabrlanuvchi va uning vakili, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar hamda ular vakillarining shikoyati, shuningdek, prokuror va uning o‘rinbosari protesti bo‘yicha qo‘zg‘atiladi.

Apellyatsiya tartibida ish yuritish hukmning o‘z huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga daxldor qismi ustidan shikoyat berish huquqiga ega boshqa shaxslar tomonidan ham qo‘zg‘atilishi mumkin. Ular jumlasiga qonunda belgilangan tartibda protsessning u yoki bu ishtirokchisi sifatida e’tirof etilmagan, biroq o‘zining haqiqiy holatiga ko‘ra sud himoyasiga muhtoj bo‘lgan shaxslar kiradi. Shu munosabat bilan birinchi instansiya sudi shikoyat (protest)ni qabul qilish paytida apellyatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxsning bunday huquqqa egaligini tekshirishi shart.

Qonunga ko‘ra, apellyatsiya shikoyati (protesti) hukm chiqargan sud orqali beriladi. Birinchi instansiya sudi hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati (protesti) hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran yigirma kun ichida, mahkum, oqlangan shaxs, jabrlanuvchi tomonidan esa, ularga hukm nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran shunday muddat ichida beriladi.

Oliy sud plenumining «Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini apellyatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida»gi qarori loyihasi Fuqarolik protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganligi, sud amaliyotida bu borada ayrim masalalar yuzaga kelayotganligi munosabati bilan, shuningdek, qonun normalari bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritilganligi munosabati bilan sud amaliyotida yuzaga kelgan savollar hamda qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida «Sudlar tomonidan ma’muriy ishlarni apellyatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida»gi plenum qarori loyihasi ishlab chiqilgan.

Oliy sud plenumining «Sudlar tomonidan iqtisodiy ishlarni apellyatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida»gi qarori loyihasi Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganligi, sud amaliyotida ayrim masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan ishlab chiqilgan.

Iqtisodiy protsessual kodeksiga muvofiq, ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslar birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berishga haqli.

Ko‘rib chiqilgan mazkur to‘rtta muhim yangi plenum qarori loyihalarida tegishliligiga ko‘ra ishlarni ko‘rib chiqishning barcha jihatlari bo‘yicha to‘liq tushuntirish berilgan.

Majlisda Oliy sud plenumining boshqa bir qator qarorlariga o‘zgartirish kiritishga oid masalalar ham muhokama qilindi.

 

N.Abduraimova,  O‘zA