Milliy matbuot markazida bugun, 19 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmatining navbatdagi brifingi bo‘lib o‘tdi.

Unda mahalliy va xorijiy OAV vakillariga o‘tgan hafta mamlakatimiz hayotida yuz bergan muhim voqealar haqida qo‘shimcha ma’lumotlar berildi.

Ma’lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 13 aprel kuni yoshlar masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan, uning tafsilotlari haqida batafsil xabar bergan edik.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov mazkur videoselektor yig‘ilishi davomida yoshlarimiz hayotida muhim o‘zgarish yasaydigan yangiliklar haqida to‘xtalib o‘tdi.

– Mana o‘zingiz guvohi bo‘ldingiz, yoshlarni ishga olgan tadbirkorlarga bir qancha imtiyozlar beriladigan bo‘ldi. Bu yerdagi ko‘pchilik jurnalistlarning o‘zi ham o‘sha yig‘ilishda qatnashdi. Davlat tomonidan yoshlar uchun bir necha yuz milliard mablag‘, subsidiyalar ajratilyapti. Shu bilan birga, yig‘ilishda “1+1” dasturi, monomarkazlarda yoshlarni kasbga o‘qitish, hokimliklarning yoshlar bilan ishlashi qattiq tanqid qilindi. Jurnalistlarimiz joylarda shu masalalarni manzilli o‘rganib, davlatimiz tomonidan berilayotgan imkoniyatlarni yoshlar hayotiga ta’sirini jonli misollar bilan yoritsa yaxshi bo‘lardi, – dedi Prezident matbuot kotibi.

Brifingda 14 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xonning videoanjuman shaklidagi uchrashuvi haqida ham aytib o‘tildi.

Ma’lumki, joriy yil boshida mamlakatlarimiz Afg‘oniston ham ishtirok etadigan muhim loyiha – O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘li qurilishi haqida kelishuvga erishgan edi. Transafg‘on temir yo‘li deb nomlangan mazkur ulkan loyihaga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “asr loyihasi” deb ta’rif berayotgani bejiz emas.

Chunki ushbu loyiha mintaqamiz qiyofasini butunlay o‘zgartirib, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishdek dolzarb muammoning yechim topishiga va Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishiga yordam beradi.

Bu strategik yo‘l qurilishi natijasida Pokistonni Markaziy Osiyo bilan bog‘laydigan hamda Karachi, Gvadar va Qosim portlariga chiqadigan eng yaqin va samarali koridorga aylanadi.

Bosh vazir Imron Xon ushbu loyihani shaxsan o‘zi nazorat qilishini ta’kidladi, – dedi Sherzod Asadov.

Brifing davomida Pokiston Bosh vaziri iyul oyida Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bog‘liqligi bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etishga tayyorligini bildirgani hamda davlatimiz rahbarini Pokistonga tashrif bilan kelishga taklif etgani ham alohida qayd etildi.

O‘sha kuniyoq Prezidentimiz Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi, Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Ann Linde boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashgan edi. Unda Ann Linde xonim so‘nggi yillarda O‘zbekistonda inqilobiy o‘zgarishlar bo‘layotgani, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari tufayli Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhiti shakllanganini qayd etgani ham jurnalistlar uchun yangilik.

– Shu o‘rinda bir narsani eslashni xohlardim. Ko‘pchilik biladi, 1997-2002 yillarda Shvetsiya hukumati xotin-qizlar va yoshlar uchun “Bilimlar yuksalishi” (Knowledge Lift) yirik ta’lim dasturini amalga oshirgan. Ushbu dastur malakasi yetarli bo‘lmagan fuqarolarni o‘qitish, ishga joylashtirishga xizmat qilgan. Ann Linde O‘zbekistondagi “temir daftar”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlari ham ijtimoiy rivojlanishga qaratilgan noyob tajriba ekanini, aholi uchun “ijtimoiy lift” bo‘lishini ta’kidladi, – dedi Sherzod Asadov.

 

O‘zA