Nukusda “Mahkumlarning va qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va xalqaro-huquqiy normalar” mavzusida hududiy seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning O‘zbekistondagi loyihalari Koordinatori bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, prokuraturasi, Ichki ishlar hamda Adliya vazirliklari, tegishli muassasalar vakillari ishtirok etdi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyati mudiri S.Azimov, YeXHTning O‘zbekistondagi huquqiy masalalar bo‘yicha loyihalar Koordinatori maslahatchisi I.Fayzullin, Qozog‘iston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili huzuridagi milliy profilaktika mexanizmi muvofiqlashtiruvchi kengash a’zosi A.Ibrayeva va boshqalar yopiq muassasalarda inson huquqlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazorati institutlari faoliyati, bu borada Qozog‘iston Respublikasi tajribasi, jamoatchilik komissiyalari monitoringi va milliy profilaktika mexanizmi o‘rtasidagi farqlar, qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki kamsituvchi muomala yoki jazoni ta’qiqlash bo‘yicha YeXHT standartlariga to‘xtaldi.
Asosiy qomusimiz Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari davlatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishi sifatida belgilab qo‘yilgan. Jumladan, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas. Chunki, huquqiy demokratik davlat barpo etishning muhim shartlaridan biri – bu inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdir.
Davlatimiz rahbari BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida qayd etganidek, 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashni ko‘zda tutadigan “hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshiriladi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 50 ming nafar vatandoshimiz O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilindi, bu yil yana 20 mingdan ziyod kishi fuqarolikka ega bo‘ladi.
Seminar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA