Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 8 aprel kuni tadbirkorlikni rivojlantirish va joriy yilda aholi bandligini ta’minlash dasturi ijrosi bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlikni rivojlantirishga yetarli e’tibor qaratmagan bir qator tuman hokimlari ishdan bo‘shatilishini ta’kidladi, deb xabar bermoqda O‘zA muxbiri.

Bundan tashqari, Markaziy bank, uning hududiy boshqarmalari va tijorat banklari faoliyati ham talab darajasida emasligi tanqid qilindi.

Shu sababli Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari B.Zohidovga “hayfsan” berildi. Agar 2 oy ichida ish uslubida o‘zgarish bo‘lmasa, mahallagacha tushib ishlamasa, tashabbus ko‘rsatmasa, u ham ishdan olinishi aytildi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari J.Qo‘chqorov, S.Umurzoqov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromovga viloyatlarda o‘rta tadbirkorlar bilan, viloyatlar sektor rahbarlariga tumanlarda kichik biznes vakillari bilan har hafta uchrashib, yer, infratuzilma, kredit kabi eng muhim masalalarni hal etish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Tuman va shahar hokimlari sektor rahbarlari bilan birga, kichik tadbirkorlar bilan kuniga 3 marta o‘z sektorida uchrashib, muammolarini hal qilishi vazifasi yuklatildi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish hamda investitsiya va tashqi savdo vazirlarining birinchi o‘rinbosarlari va Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov viloyat, tuman va shahar sektor rahbarlarining tadbirkorlar bilan muloqot qilish va muammolarini hal etish borasidagi faoliyatini tahlil qilib, yaxshi va yomon ishlayotganlari bo‘yicha har oyda Prezident Administratsiyasiga axborot kiritishi qayd etildi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari J.Qo‘chqorov, S.Umurzoqov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Biznes-ombudsman D.Qosimovga hududlarda tadbirkorlar bilan ishlash bo‘yicha ijobiy tajribani umumlashtirib, har chorakda hokimlar, ularning o‘rinbosarlari, sektor va bank rahbarlarini rag‘batlantirishi aytildi.

O‘zA