bugungi videoselektor yig‘ilishida navbatdagi muhim masala – pandemiyaga qarshi kurash bo‘yicha mamlakatimizdagi vaziyat muhokama qilindi.
Ma’lumki, joriy yil boshida kuniga o‘rtacha 30-40 bemor aniqlangan bo‘lsa, mart oyi o‘rtalaridan bu ko‘rsatkich 160-180 nafarni tashkil etmoqda. Kasallikning o‘ta og‘ir kechishi, hattoki o‘lim holatlari ham qayd etilmoqda.
Buning sababi ko‘pchilik fuqarolar xotirjamlikka berilib, tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, antiseptik vositalardan foydalanish kabi karantin talablariga befarq bo‘lib qoldi. Ko‘p sonli odam bilan to‘y qilish avj oldi.
Prezident koronavirus bo‘yicha vaziyat jiddiy tus olganini inobatga olib, Bosh vazir va viloyat hokimlariga uch kun muddatda koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy shtablar faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.
– Yangidan ish boshlamasak, ahvolimiz yaxshi bo‘lmaydi. Bu kasalning oxiri ko‘rinmayapti. Eng yomoni, qo‘shni davlatlarda ham avj olayapti. Talab juda qattiq bo‘ladi, oldingi tizimga o‘tamiz. Biron joyni yopmaymiz, lekin eng yuqori darajada ehtiyot choralarini ko‘ramiz. Kasallik yonimizda yurganini unutib qo‘ydik, – dedi davlatimiz rahbari.
Mutasaddilarga dushanbagacha hamma tegishli xizmatlarni oyoqqa turg‘izish, kasallarni davolashni tezlashtirish, dori-darmon va himoya vositalarining kamida 3 oylik zaxirasini shakllantirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Yig‘ilishda aprel – iyun oylarida xavf guruhiga mansub 4 milliondan ortiq aholini koronavirusga qarshi emlash masalasi ham aytildi.Emlash ishlari 3 bosqichda tashkil etiladi. Fuqarolarni yashash hududlari bo‘yicha emlash kuni va joyi haqida aholini xabardor qilish elektron tizimini yo‘lga qo‘yiladi.
Hukumat komissiyasiga Xitoydan yana 3,5 million doza va Rossiyadan 1 million doza vaksina sotib olish bo‘yicha shartnomalarni imzolash vazifasi yuklatildi.
O‘zA