Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha o‘tgan yil noyabr oyida qabul qilingan farmon va qarorlar ijrosi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.
Davlatimiz rahbari tibbiyotda ham “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari” kabi masalani ichiga kirib, muntazam shug‘ullanmasa islohotlar natijasini xalq sezmasligini ta’kidladi.
Shuning uchun, viloyat, tuman va shahar hokimlari, hududiy tibbiyot bo‘linmalari rahbarlari bir hafta muddatda aprel oyida va yil yakunigacha qiladigan ishlari bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqib, aniq rejalari bilan xalqqa murojaat qilishi va tizimda o‘zgarish qilishga va’da berishi aytildi.
Qayd etilganidek, ertadan boshlab quyidagi rahbarlar hududlarda qabul qilingan farmon va qarorlar ijrosini oxiriga yetkazishga shaxsan mas’ul bo‘ladi.
Bosh vazir o‘rinbosari B.Musayev – Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlariga;
sog‘liqni saqlash vaziri A.Hojiboyev – Toshkent viloyati va Toshkent shahriga;
vazirning birinchi o‘rinbosari A.Inoyatov – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy viloyatlariga;
vazir o‘rinbosari E.Bositxanova – Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlariga;
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari B.Yusupaliyev – Jizzax va Navoiy viloyatlariga;
vazir o‘rinbosari A.Azizov –Samarqand, Sirdaryo viloyatlariga biriktirildi.
Ushbu rahbarlar viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga 1 mayga qadar Sirdaryo viloyati hamda 26 ta tuman va shahar tajribasini respublikaning barcha hududlarida boshlash kerakligi ta’kidlandi.
Bunda, qishloq va mahallalarda tibbiyot brigadalarini tashkil etib, tibbiy xaritalarni shakllantirish, aholini 4 ta xavf guruhlariga ajratib, manzilli ko‘rikdan o‘tkazish va davolash ishlarini tashkil qilish zarurligi qayd etildi.
Ushbu masala bo‘yicha Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Rustam Yo‘ldoshevning batafsil hisoboti tinglandi.
Uning ta’kidlashicha, viloyatda tibbiyot brigadalari tomonidan aholining salomatlik holati xatlovdan o‘tkazilib, ular 4 ta xavf guruhiga (sog‘lom, kasalligi yo‘q bo‘lsa-da nosog‘lom turmush tarzi yuritayotganlar, bemorlar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj va nogironligi bo‘lganlar) ajratilgan va viloyatning “elektron tibbiy xaritasi” yaratilgan.
Aniqlanishicha, viloyatda aholining 154 ming nafari – sog‘lom (19,5 foiz), 356 ming kishi – nosog‘lom turmush tarzi yuritayotganlar (45 foiz), 257 ming – bemorlar (32,5 foiz), 25,5 ming – o‘zgalar parvarishiga muhtoj va nogironligi bo‘lganlar (3 foiz) guruhiga kiradi.
Yig‘ilishda Chilonzor tumanida 145 ta tibbiyot brigadasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar haqida ham ma’lum qilindi.
Tumandagi mavjud 51 ta mahallada 231 ming aholi (tumanda 258 ming aholi istiqomat qiladi) xatlovdan o‘tkazilganda, 20 ming nafar ortiqchi vaznli ekani aniqlangan.Vaholanki, ilgari bor-yo‘g‘i 1 ming 200 ta ortiqcha vaznli fuqaro ro‘yxatda turgan.Xatlov davomida Chilonzorda endokrin kasalliklar oldingi 7 mingtadan 13,5 mingtaga oshgan.
O‘zA