Nukus shahridagi «Istiqlol» istirohat bog‘ida «Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilish kerak» shiori ostida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan «Adliya sayli»da barcha davlat organlari va tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirok etib, aholini o‘z faoliyatlari bilan yaqindan tanishtirdi va ularga huquqiy xizmat ko‘rsatdi.
Tadbir doirasida notariuslar, advokatlar, davlat xizmatlari agentligi, sudlar, tijorat banklari, Ichki ishlar vazirligi va boshqa bir qator tashkilotlar tomonidan 200 nafardan ortiq fuqaroga bepul huquqiy maslahat berildi. Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shu muqaddas zaminning har qarich yerini himoya qilish har birimizning asosiy vazifamiz ekanligini targ‘ib qiluvchi harbiy chiqishlar, madaniyat xodimlari tomonidan tashkil etilgan konsert dasturi barchaga xushkayfiyat bag‘ishladi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bilan ishtirok etdi. «Adliya sayli»da Davlat xizmatlari agentligi tomonidan 40 ga yaqin davlat xizmatlar ko‘rsatildi. Aholini har xil favqulodda vaziyatlarda qanday yo‘l tutishni tushuntirish maqsadida Favqulotda vaziyatlar boshqarmasi saylga jalb etildi.
Sog‘liqni saqlash va Jismoniy tarbiya va sport vazirliklari xodimlari «Biz sog‘lom turmush tarafdorimiz. Siz ham bizga qo‘shiling» shiori bilan tadbir ishtirokchilariga xizmat ko‘rsatdi. Eng ahamiyatlisi «Adliya sayli»da nodavlat notijorat tashkilotlari ham faol ishtirok etdi. Jumladan, «Biz birgamiz» aksiyasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nogironlar jamiyati, Hunarmand uyushmasi a’zolari ham o‘zlari ishlab chiqargan va qo‘l mehnati bilan tayyorlagan mahsulot ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Saylga tashrif buyuruvchilar orasida yoshlarning ham ko‘pligi quvonarlidir. Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabalaridan tashkil topgan “Street law”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yuridik texnikumi o‘quvchilaridan tashkil topgan «Adolat qanotlari» guruhi a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan huquqiy viktorinalarda yoshlar faol ishtirok etib, g‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan @huquqiyaxborot telegramm kanalida tashkil etilgan «Sovrinli viktorina»da g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar ham munosib taqdirlandi.
Kitob – bu har birimiz uchun eng qimmat sovg‘adir. Tadbirda Adliya vazirligi tizimidagi xodimlar «Istiqlol» istirohat bog‘ida joylashgan «Bolalar kutubxonasi»ga ana shunday sovg‘alar bilan tashrif buyurdi. “Street law”, «Adolat qanotlari» guruhi a’zolari aholining kundalik hayotida eng ko‘p uchraydigan masalalar va qonunchilikdagi yangiliklar aks etgan buklet, flayerlarni tarqatib, huquqiy tushuntirish ishlarini olib bordi.
Adliya sayliga tashrif buyuruvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan «Hayotiy muhim masalalar bo‘yicha huquqiy qo‘llanma» kitobchalari tarqatildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA