Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudyalari Nukus shahridagi qator mahallalarda bo‘lib, sayyor qabul o‘tkazdi.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi sudyasi A.Nurlipesov, Nukus tumanlararo iqtisodiy sudining raisi Z.Hasanova, jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi raisi Sh.Shamambetov hamda Nukus tumanlararo fuqarolik ishlari sudining raisi N.Abdakimov “Chimboy choyxona”, “Xalqlar do‘stligi”, “Sarvinoz” va “Naupir” mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi aholi bilan uchrashdi.
Shu kuni fuqarolar tomonidan uy-joy bilan ta’minlash, kredit olish, aliment undirish kabi masalalarda murojaat qilindi. Ularning aksariyati bo‘yicha huquqiy tushunchalar berilib, ayrim masalalarning ijrosi nazoratga olindi.
Jumladan, “Chimboy choyxona” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi G.Asenovaning kredit olish bo‘yicha murojaati shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi. Ushbu fuqarolar yig‘inidan R.Maxmudovaning aliment undirish, G.Muratboyevaning kredit olish, “Naupir” mahalla fuqarolar yig‘inidan V.Pirimbetovaning uy-joyga merosxo‘rlik masalasida murojaati yuzasidan tushunchalar berildi.
– bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan «mahallabay» ishlash bo‘yicha yangi tizimni tashkil etishda barcha darajadagi rahbarlarga o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi holatni o‘rganish vazifasi yuklanmoqda, – deydi Nukus tumanlararo fuqarolik ishlari sudining raisi Nizamatdin Abdakimov. – bugungi sayyor qabulni o‘tkazishdan maqsad, aholiga yanada qulaylik yaratishdan iborat.
Darhaqiqat, mamlakatimizda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, soha vakillari tomonidan joylarda o‘tkazilayotgan tadbirlar eng avvalo, fuqarolarning turmush farovonligini yaxshilash, ularning huquqiy bilimlarini yuksaltirish, bugungi kundan rozi bo‘lib yashashlariga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA