O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 4 martdagi “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi, sog‘lom va barkamol avlod tarbiyasi, oila va jamiyat asoslarini mustahkamlash yo‘lidagi munosib xizmatlari uchun bir guruh xotin-qizlar yuksak unvon, orden va medallar bilan mukofotlandi.
Vazirlar Mahkamasida shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda taqdirlanganlardan bir guruhiga Davlatimizning yuksak mukofotlarini Prezidentimiz nomidan Bosh vazir Abdulla Aripov topshirdi.
Taqdirlash marosimida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etdi.
Mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida xotin-qizlarning jamiyatda tutgan o‘rni va mavqeini mustahkamlash, gender tenglikni ta’minlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ular uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida ayollarimizning siyosiy-ijtimoiy jarayonlardagi ishtiroki tobora kuchayib borayotgani, ularni hayotdan rozi qilish, ertangi kundan ko‘ngli to‘q bo‘lishini ta’minlash, og‘irini yengil qilish borasidagi ishlar o‘zining yuksak samaralarini berayotganini ta’kidlab, kamtarona mehnatlarini munosib baholayotgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi
Bosh vazirining Matbuot xizmati