Poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanli tadbir davom etmoqda.

Mehmonlar to‘kin dasturxon ustida, ko‘tarinki kayfiyatda bayramni nishonlamoqda. Elimiz ardog‘idagi san’atkorlar va yosh ijrochilarning konsert dasturi namoyish etilmoqda.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston 24» telekanali bo‘lim katta muharriri, ijtimoiy tarmoqlardagi «Mikrofon ko‘targan ayol» sahifalari blogeri, “Shuhrat” medali sohibasi Aziza Qurbonovani suhbatga tortdik:

-Davlat va jamiyat mendek bitta chug‘urchuq qizni e’zozlab, ko‘ksimga medal, qo‘limga guldasta bergani, tariximga e’tirof bitgani uchun minnatdorman. Davlat mukofotiga loyiqmidim-yo‘qmi, aniq bilmadim, ammo bu mukofot onamning orzulari, oilamning sabru qanoati uchun deb ichimdan his qilaman, deydi A.Qurbonova.

-Nimaningdir ko‘zga tashlanishi uchun nur tushib yorug‘lik berishi kerak. Hayotimga kirgan va chiqib ketgan, hozir mavjud bo‘lgan barcha insonlar – yaxshi odamlar. Men ulardan yaxshilik ko‘rdim. Atrofimda doim yaxshi insonlar- oilam, ko‘nglimga yaqinlarim, ishim, jamoam…Omadim shundan.

Bu ajoyib xalq to‘lqinida men bir tomchiman. Buguncha mening tomchimda Quyosh aks etdi…

Z.Jonibekov, O‘zA