Poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanli tadbir davom etmoqda.

Prezidentimiz nutqida “Ayollar daftari” bilan manzilli ishlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ular o‘rtasida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ayollarimiz ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama ko‘maklashish, ularning muammolarini o‘rganish va hal etish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar hamda erishilayotgan natijalar xususida ham so‘z yuritildi.

Gender siyosati masalalariga alohida to‘xtalib, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, bu yo‘ldagi muhim qadamlardan biri sifatida joriy yil yurtimizda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti va xotin-qizlarning mintaqaviy biznes forumi o‘tkaziladi. Yig‘ilganlar buni olqishlar bilan qo‘llab-quvvatladi.

“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida yoshlarimiz, jumladan, qizlarning hayotiy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan. Ayniqsa, qizlarimiz tarbiyasi, ularni mustaqil hayotga tayyorlash, zamonaviy bilim va hunarlarni egallashi, ish joyiga ega bo‘lishi, jamiyatda munosib o‘rnini topishiga alohida ahamiyat berishimiz zarur. “Ayollar daftari” bo‘yicha boshlangan ishlar bundan buyon ham qat’iy davom ettirilishi aytildi. “Mahallabay”, “xonadonbay” ishlash usuli orqali har bir mahalla, har bir xonadonga kirib borish, ularning muammolarini ijobiy hal etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Davdatimiz rahbarining joriy yil 4 mart kuni qabul qilingan “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonga muvofiq, yurtimizda olib borilayotgan tub islohotlarda faol qatnashib, yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish yo‘lida tashabbus va ibrat ko‘rsatib kelayotgani uchun bir guruh ayollar faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlan. 3 martdagi Prezident qaroriga ko‘ra, yigirma sakkiz nafar faol qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Hozirgi kunda bunday yuksak e’tirofga sazovor bo‘lganlar soni 339 nafarni tashkil etmoqda. Ularning aksariyat ko‘pchiligi hayotimizning turli sohalarida samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Tantanali bayram tadbirida ushbu yuksak mukofotlar o‘z egalariga topshirildi.

Shuningdek, joylarda o‘zining kasb sohasida katta natijalarga erishgan, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etib kelayotgan 297 nafar opa-singillarga “Mo‘’tabar ayol” nishonlari berildi.

Davlatimiz o‘z nutqida mo‘’tabar onalar, opa-singillarimiz, dilbar qizlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni nafaqat vazifa, balki insoniy burch ekanini alohida ta’kidladi.

– Ayol baxtli bo‘lsa, oila va jamiyat ham albatta baxtli bo‘ladi. Shuning uchun ham barchamiz – Prezidentdan tortib eng quyi bo‘g‘indagi rahbar va mutasaddilar ana shu oliy mezonga amal qilib ishlashimiz zarur. Shundagina xalqimiz ham, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Z.Jonibekov, O‘zA