Davlat rahbari bugungi kunda nodavlat tashkilotlari ayollar bandligini ta’minlash, ularni ishchi kasblarga o‘rgatish bo‘yicha xotin-qizlarga eng yaqin ko‘makchi bo‘lib kelayotganiga alohida to‘xtaldi.
Jumladan, Toshkent shahrida kadrlar topish bilan shug‘ullanuvchi Meri Poppins nodavlat tashkiloti bir yilda mingta xotin-qizni kerakli kasblarga o‘qitib, ish bilan ta’minlagan.
Ushbu tashkilot ish beruvchilardan talab yuqori bo‘lgan va tayyorlash kam vaqt talab qiladigan kasblar bo‘yicha buyurtmalar oladi va qiynalgan ayollarni mehmonxona ishi, sotuvchi, ofitsiant, enaga, kotiba, buxgalter, farroshlik kabi kasblarga o‘zining o‘quv markazida o‘qitib, kafolatli ish topib berayapti. O‘qish xarajatlari bor-yo‘g‘i 250 ming so‘m bo‘lib, bu xarajatlar Bandlik jamg‘armasidan qoplab berilmoqda.
Videoselektorda Meri Poppins nodavlat tashkiloti vakili Valida Tursunova xotin-qizlarni talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish bo‘yicha tajribasi haqida so‘zlab berdi.
Prezident tadbirkor ayoldan qanday muammolari borligini, faoliyatini kengaytirish uchun qanday yordam kerakligini so‘radi.
Valida Tursunova ko‘p yillardan buyon bino ijarasi masalasida qiynalib kelgani, agar shu masala hal bo‘lsa o‘quv kurslarini yanada ko‘paytirish imkoniyati borligini aytdi. Prezident Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga markaz uchun Toshkent shahridagi kollejning bo‘sh turgan binosini foydalanishga berish, viloyatlarda Meri Poppinsning filiallarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.
– Bularga ko‘p yil e’tibor qilmadik. Holbuki, o‘quv markazlari qanchadan-qancha xotin-qizlarimizni o‘qitib, ishli qilib, ularning jamiyatda o‘rnini topishiga ko‘maklashib kelayapti. Bizda xizmat ko‘rsatish sohasi 30 foiz rivojlangan, 70 foizi qoloq. Agar ishsiz ayollarni talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitishni kengaytirsak, bu ko‘plab muammolarga yechim bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.
O‘zA