Hozir yurtimizda aholining uy-joy xarid qilish bilan bog‘liq ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilgan ipoteka kreditlari uch yo‘nalishda berilmoqda.

Ya’ni yangi tartib asosida birlamchi uy-joy bozoridan kvartira xarid qilish uchun, birlamchi va ikkilamchi uy-joy xarid qilish (ta’mirlash) hamda “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi ishtirokida namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan arzon uy-joylar uchun ajratilmoqda.

“Qishloq qurilish bank” filiallarida yangi tartib doirasida qurilgan, yangi tartib doirasidan tashqari foydalanishga topshirilgan sanadan ko‘pi bilan ikki yildan oshmagan, pudrat tashkiloti hisobida bo‘lgan ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarni taklif etuvchi bozordan xarid qilinadigan uylar uchun kredit shartnomalari tuzilmoqda.

Mazkur ipoteka kreditlari bozor stavkalari asosida 20 yil muddatgacha, boshlang‘ich badal qishloq joylarda sotib olinadigan xonadon qiymatining 10 foizidan, shaharlarda esa 20 foizidan kam bo‘lmagan miqdorida taklif etilmoqda.

Bu haqda O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashda “Qishloq qurilish bank” ishtiroki” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Bunda esa Prezidentimizning 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2020 yil 1 maydagi “Aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yanada kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari dasturilamal bo‘lmoqda.

– Hozir xonalarga bo‘linmagan holda qurilgan ko‘pqavatli uylarni xarid qilish masalasi ham muhim, – deydi Dasturlar doirasida ipotekali kreditlash departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Hasanov. – Bu borada Toshkent shahrida umumiy maydoni 60 metr kvadratgacha bo‘lgan xonadonlar uchun – 264,0 million so‘mgacha, 60 metr kvadratdan ortiq xonadonlar uchun – 352,0 million so‘mgacha ipoteka krediti ajratiladi. Ushbu ko‘rsatkich, boshqa hududlarda mos ravishda 240,0 million hamda 320,0 million so‘mgacha miqdorni tashkil etadi.

Matbuot anjumanida yangi tartib doirasida subsidiya to‘lovlarini amalga oshirish mexanizmlari va shartlari bo‘yicha ham batafsil ma’lumot berildi.

Yangi tartib doirasida birlamchi uy-joy bozorida kvartira xarid qilish maqsadida bankka maqsadli mablag‘lar ajratilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan 1,0 trillion so‘m miqdorida shartnoma imzolangan. O‘tgan vaqt davomida 1 052 nafar fuqaroga ipoteka kreditlari ajratildi. Shundan 286 ta fuqaroga davlat byudjetidan subsidiya to‘lovlari berilgan.

Bank ajratayotgan ipoteka kreditlarining yana bir yo‘nalishi, birlamchi va ikkilamchi uy-joy xarid qilish (ta’mirlash)ga mo‘ljallangan bo‘lib, “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmoqda.

Ushbu kredit turi O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasida, uy-joy sotib olish uchun 20 yilgacha, mavjud uy-joyni ta’mirlash uchun 10 yilgacha muddatga imtiyozli davr belgilanmagan holda taqdim etiladi. Bunda kredit so‘mmasi uy-joy qiymatining 75 foizidan va 323,0 million. so‘mdan, mavjud uy-joyni ta’mirlash uchun ajratiladigan ipoteka krediti 80,0 million. so‘mdan oshib ketishi mumkin emas.

Uchinchi yo‘nalish – “Qishloq qurilish invest” ishtirokida uy-joylar qurilishi uchun ajratilayotgan imtiyozli ipoteka kreditlaridir. Bunday kreditlar 1 yillik imtiyozli davr bilan 20 yilgacha muddatga beriladi. Kredit foiz stavkasi dastlabki 5 yil davomida qat’iy belgilangan 7 foizdan Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bir me’yorda oshib boradigan stavkada va keyingi davrda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasida beriladi.

Ushbu kreditlarni olish uchun mijoz O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 fevraldagi 103-sonli qaroriga asosan tegishli tavsiyanomaga ega bo‘lishi hamda “Qishloq qurilish invest” IK MCHJ bilan uy-joy olish yuzasidan tegishli shartnoma rasmiylashtirishi talab etiladi.

Qayd etish kerakki, “Qishloq qurilish invest” IK ishtirokida 2020 yil qurilgan uy-joylar uchun fuqarolarga 787,828 milliard so‘mlik imtiyozli ipoteka kreditlari ajratilgan.

 

O‘zA