Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar soni rekord darajaga ko‘tarildi. Mazkur oliygohning sirtqi bo‘limidagi yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishiga joriy yilda xorijiy (qo‘shni) davlatlarning oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotan 765 nafar talaba o‘qishini ko‘chirib keldi.

Qoraqalpoq davlat universitetining sirtqi bo‘limi dekani Farhod Qutlimuratovning ta’kidlashicha, bu hali oxirgi raqam emas, o‘qishni ko‘chirish jarayoni hanuz davom etmoqda. 2019-2020 o‘quv yilida tashkil etilgan sirtqi bo‘limda 18 ta ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lib, ularning ichida yurisprudensiya yo‘q. Ammo, qo‘shni davlatlardagi universitetlardan mazkur yo‘nalish bo‘yicha o‘qishini ko‘chirganlar uchun ta’lim yo‘nalishi ochildi.

Ayni paytda universitetning sirtqi bo‘limi 3 kursida 18 ta ta’lim yo‘nalishida jami 4600 nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda. Sirtqi bo‘lim uchun o‘quvlar onlayn o‘tkazilmoqda. 2020-2021 o‘quv yilining bahorgi semestridagi o‘quv jarayonlarini an’anaviy tarzda amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Hammasini birdaniga chaqirsa, auditoriya bilan ta’minlash muammo bo‘lishi mumkin, shu bois, kurs va ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha jadval asosida navbat bilan o‘qitish amalga oshiriladi.

Sirtqi bo‘limda yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishi uchun bir yillik shartnoma puli summasi – 10 million 189 ming 950 so‘mni tashkil qiladi.

Universitetning kunduzgi va kechki bo‘limlarida ham yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishiga hamon talabalar qabul qilinmoqda. Ular asosan imtiyozlar orqali o‘qish huquqini qo‘lga kiritganlar sanaladi. Hozirgi kunda kunduzgi va kechki bo‘limlarga 400 nafarga yaqin talabalar qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalgi yillarda yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonda faqat 3 ta oliy o‘quv yurtida kadrlar tayyorlanar edi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan Samarqand, Namangan va Termiz davlat universitetlarida ham yuridik fakultetlar tashkil etildi.

Ye.Qanoatov, O‘zA