O‘tgan yil shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmatining xodimlari uchun ancha sertashvish yil keldi, desak, adashmaymiz.

Yurtimizda shakllangan ushbu xizmatning inson hayoti va salomatligini asrashdagi o‘rni nihoyatda muhim ekanligi yana bir bor ayon bo‘ldi.

Jumladan, «103» xizmati 2019 yilda 10 millionga yaqin chaqiriqni qabul qilgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 11 yarim millionga yaqinlashdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lumot berdi. Shundan o‘tgan yilda eng ko‘p chaqiriqlar Farg‘ona, Andijon, Toshkent, Namangan viloyatlari va poytaxtimizda (1 milliondan ziyod) kelib tushgan bo‘lib, eng kam murojaat Navoiy (355 mingdan ortiq) hamda Sirdaryo (384 mingdan ortiq) viloyatlarida kuzatilgan.

2020 yilgi murojaatlar soni oshganligini pandemiya sharoiti bilan bog‘lash mumkin. Chunki karantin davrida «COVID-19» ni yuqtirish xavfi tufayli uydan chiqishni afzal ko‘rmaganlarning aksariyati «tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qildi.

Eslatib o‘tish lozimki, tez tibbiy yordam tizimi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi dasturchilar markazining Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan hamkorlik loyihasi amalga oshirilmoqda.

Toshkent shahrida «Tez tibbiy yordam xizmati faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish» xizmati mutaxassislari qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish va qayta ishlashni avtomatlashtirish, ma’lumot almashish va tez tibbiy yordam brigadalarini boshqarish bo‘yicha o‘qitildi.

Yangi tizimga ko‘ra, bir marotaba olingan ma’lumotlar tizimda elektron tarzda brigadaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatiladi va bu vaqtning bir necha marotaba kamayishi hamda  tejalishiga olib keladi. Bu tizim o‘rnatilishidan avval esa chaqiriq haqidagi barcha ma’lumotlar dispetcher tomonidan qog‘ozga tushirib olinardi. Shundan so‘ng, telefon orqali brigadalarni yo‘naltiruvchi ikkinchi dispetcherga aytilib, u ham qog‘ozga yuqoridagi ma’lumotlarni qayta tushirib, brigadaga shu ikkinchi marta to‘ldirilgan qog‘oz bilan xabar uzatar edi.

Qolaversa, yangi tizim orqali chaqiriqdan bo‘sh bo‘lgan va chaqiriq manziliga eng yaqin bo‘lgan tez tibbiy yordam brigadasiga xabar uzatish imkoni yaratilgan va ularning harakati onlayn kuzatib boriladi.

Bundan tashqari, yurtimiz bo‘ylab shoshilinch yordam ko‘rsatish xizmatlari tizimida sall-markazlar tashkil etilib, u yerda shifokorlar ham faoliyat yuritishi va lozim bo‘lganida, bemorlarga «tez yordam» mashinasi yetib kelgunicha telefon orqali konsultatsiya qilib, uning yonidagi insonga birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berib, bemorning hayotini qutqarib qolishga ko‘maklashishi aholi salomatligini muhofazalashda muhim omil bo‘lmoqda.