bugungi kunda foydalanuvchilarning shaxsiga doir ma’lumotlar xarid qilish yoki sotish mumkin bo‘lgan tovarga aylanib ulgurdi. Fuqarolar istalgan raqamli servisdan foydalanib, yoki veb-saytlarga tashrif buyurib, o‘zlar bilmagan holda shaxsga doir ma’lumotlarini noma’lum shaxslarga berib qo‘yishmoqda. Buning uchun ularni hatto yozib berishning ham hojati yo‘q, resursdagi algoritmlar barcha kerakli ma’lumotlarni o‘zi topadi.
Garchi shaxsga doir ma’lumotlar konsepsiyasi eskirgan bo‘lsa-da, aloqa tarmoqlari va ma’lumotlarni avtomat tarzda tahlil qilishning rivojlanishi shaxsga doir ma’lumotlarni o‘g‘irlash, markazlashgan tarzda yig‘ish va ommaviy tarzda sotish imkonini bermoqda. Ushbu ma’lumotlar fuqaroni kuzatish, unga qarshi jinoyat rejalashtirish yoki o‘zini boshqa inson qilib ko‘rsatishga yordam beradi. Shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanishning eng tinch usuli – bu reklama yuborish.
Shaxsga doir ma’lumotlar – texnik emas, yuridik tushunchadir. Shunday bo‘lsa-da, ma’lumotlarni tahlil qiladigan zamonaviy texnologiyalar qo‘shimcha belgilar orqali bir insonni boshqasidan ajrata olish imkoniga ega.
Aksariyat internet-servislar o‘z xizmatlarini yaxshilash va mijozlariga ko‘plab imkoniyatlarni taqdim etish maqsadida o‘z foydalanuvchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘playdi. Ular mazkur ma’lumotlarni suiiste’mol qilishi bilan muammolar boshlanadi. Agarda kompaniya foydalanuvchilarning shaxsga doir ma’lumotlaridan foydalangan holda, o‘z daromadini oshirish uchun manipulyativ usullarni qo‘llasa, bu ochiqchasiga huquqbuzarlik hisoblanadi. Foydalanuvchilar xulqini o‘rganish va ularni “kit”, “delfin” va “tanga baliq”larga ajratishga asoslangan tizimning joriy qilinishi bunga yaqqol misoldir. Hozirgi paytda ayrim yirik kompaniyalar bu kabi algoritmlarni ishlab chiqish uchun millionlab dollar mablag‘ sarflabgina qolmay, bu boradagi tegishli hisobotlarni ham chop etmoqda. Bunday algoritmlar har bir foydalanuvchining yuzlab turdagi shaxsga doir ma’lumotlarini o‘rganadi. Ular uchun fuqaroning jinsi, yoshi, millati, yashash joyi va oilaviy ahvoli kabi ma’lumotlar birikuvi ayniqsa, qiziqarli. Ular shuningdek, masofadan turib ham brauzer tarixini o‘rganishi mumkin. Ayni damda, foydalanuvchi ularning xizmati uchun qancha ko‘p pul to‘lasa, unga nisbatan o‘tkir psixologik va texnik manipulyatsiyalar shuncha ko‘p qo‘llaniladi.
Foydalanuvchilarning shaxsga doir ma’lumotlarini to‘plashning boshqa bir salbiy ta’siri – ushbu ma’lumotlarning chiqib ketishi yoki uchinchi shaxslarga berish ehtimolining mavjudligi bilan bog‘liq. Bu nafaqat beodoblik hisoblanadi, ayni damda har qanday kompaniyaga moliyaviy zarar yetkazadi, uning obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatadi hamda jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. bugungi kunda shaxsga doir ma’lumotlarning “qora bozori” mavjud bo‘libgina qolmay, u gullab-yashnamoqda. Bu bozorda nafaqat uyali aloqa telefonlarining ma’lumotlari bazalari yoki elektron pochta manzillari, balki shuningdek, pasport va haydovchilik guvohnomalaridagi fotosuratlarni ham topish mumkin. Firibgarlar ushbu hujjatlar orqali boshqa shaxs nomiga kredit rasmiylashtirishi mumkin. Ba’zan bunday holatlarda jabrlangan shaxs o‘zining beaybligini isbotlashi qiyin bo‘ladi.
Bu kabi qonunbuzarliklarni kamaytirish maqsadida 2021 yil 14 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunchilik hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 2 iyuldagi “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartishlar kiritildi. Shunday qilib, O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlarini saqlashning yangi tartibi joriy qilindi. Endi o‘zbekistonliklarning barcha shaxsga doir ma’lumotlari O‘zbekiston hududida joylashgan va Davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tgan texnik vositalarda qayta ishlanishi kerak. Ma’lumotlarni mahalliylashtirish talabi ma’lumotlarni axborot texnologiyalari, jumladan Internetdan foydalangan holda qayta ishlashga taalluqlidir. Ayni damda, ma’lumotlarni mahalliylashtirish talabi ularni to‘plash, tizimga solish va saqlashga ham taalluqlidir. Ma’lumotlar bazasining egasi yoki operator ushbu talablarga rioya qilish uchun mas’ul hisoblanadi.
Qonunda shuningdek, asosiy tushunchalarga ham ta’rif beriladi. Xususan shaxsga doir ma’lumotlarning mulkdori –bu shaxsga doir ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bazasiga egalik qilgan shaxs, operator esa, shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlaydigan shaxsdir.
Qonunda ushbu talablarga faqat mahalliy kompaniyalar rioya qilishi kerakligi ko‘rsatilmagani bois, u xorijiy kompaniyalarga ham taalluqlidir. Ayni damda, ba’zi chet el IT-kompaniyalari O‘zbekistonda o‘z serverlarini o‘rnatishiga majbur bo‘lishi mumkin.
Roman BONDARCHUK, O‘zA