Sayohat inson uchun eng yoqimli lahzalarni in’om etadi. Turkiyaga safar qiluvchi bir guruh jurnalistlar qatorida men ham borligim aynan shu tuyg‘ularni qalbimga soldi.
Press-tur Turkiyaning Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan tashkil etildi. Sayohat dasturi ma’lum bo‘lgach, boradigan manzillar haqida ma’lumotlar yig‘ishni boshladim. Tabiiyki, bir haftalik ob-havo bilan qiziqdim. Borilajak manzillarda bulutli va yomg‘irli iqlim hukmron bo‘lsada sayohatga hech qanday ta’sir qila olmaydi.
Va, nihoyat bir guruh o‘zbekistonlik jurnalistlar Istanbuldagi yangi qurilgan aeroportga kelib tushdik. Uning yirikligi va hashamati, ko‘plab chiqish yo‘llari bizni biroz shoshirgani rost.
Ko‘pchilik mazkur davlatni Istanbul, Anqara, Antaliya kabi mashhur shaharlari, betakror tarixiy obidalari, turizm salohiyati, yuqori sifatli to‘qimachilik mahsulotlari, ommabop film va seriallari orqali biladi. Ish bilan yoki sayyoh sifatida kelganlar esa, albatta, bu borada yanada ko‘proq tasavvurga ega.
Istanbul – ko‘p millatli shahar. Bu yerda dunyoning istalgan davlatidan kelgan sayyohni uchratasiz. Bozorlarda habash yigit sof turk tilida soat olishni taklif qiladi. Turkchada qiynalibroq qolsangiz, sotuvchi kutilmaganda o‘zbekcha gapirib joningizga oro kiradi. Chapdast tujjorlar ingliz, arab, rus, fors tillarida murojaat qilsa ham aslo hayron bo‘lmang.
Istanbuldagi ilk kunimizda kutilganidek jala quyib berdi.
Aeroportdan mehmonxonaga yo‘lga tushdik. Yo‘llarda avtomobillar tiqilinch. Ma’lum qilishlaricha, har yili infratuzilmani yaxshilash maqsadida ko‘plab yo‘llar quriladi yoki kengaytiriladi baribir shu ahvol. Avtomobil qatnovi juda ko‘p. Bu tabiiy, chunki shaharning norasmiy aholisi 23 milliondan oshmoqda. Rasmiy ma’lumotlarda 16 million, deya qayd etilgan. Shahar ikkiga ya’ni Yevropa va Osiyo qismlarga bo‘lingan. Yevropa qismida bir-biridan ko‘rkam baland ko‘p qavatli binolar qad rostlagan bo‘lsa, Osiyo qismida tarixiy, qadimiy majmualar, muqaddas qadamjolar sizni chorlaydi.
Pandemiya shahardagi sayyohlar oqimiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Shunday bo‘lsada, sayyohlardan Istanbulning qay jihati esingizda qoldi, deb so‘rasangiz, aksari minoralari ko‘kka bo‘y cho‘zgan jomelar va bir-biriga qorishib ketadigan azon sasini xotirlaydi. Yana ayrimlar Yevropa va Osiyoni ajratib turadigan bo‘g‘ozning go‘zal manzarasini e’tirof etadi.
Shuningdek, ushbu shaharni masjidlar shahri desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Mutasaddilarning ma’lum qilishicha, hozirda birgina Istanbulda 3 ming 100 dan ziyod masjid mavjud.
Press-tur Sulton Ahmad tumanida joylashgan “To‘pkapi”, ya’ni to‘p (pushka)li darvoza, to‘rlar bilan qurollangan makon ma’nosini anglatuvchi maydondan boshlandi. Istanbul shahridagi “To‘pkapi” saroy-muzeyi Turkiyaning eng qadimiy va diqqatga sazovor tarixiy maskanlaridan hisoblanadi. Istanbulga tashrif buyurgan har bir sayyoh bu saroyni bir marta tomosha qilmasdan ketmaydi.
Konstantinopol (Istanbul)ni ilk bor ishg‘ol qilgan turkiy podsho Mahmud qariyb 7 gektar yerda ulkan saroy barpo etgan. Bu joylar 4 ming yillar avval afsonaviy Troya hukmdorlariga tegishli bo‘lgan ekan. Ma’lumki, mashhur Usmonlilar imperiyasi tarixi 1299-1699 yillar oralig‘ini o‘z ichiga oladi. Avvaliga “Yangi saroy” deb nomlangan majmua tarkibida turlicha atalgan 4 hovli va hovlilarga kirish uchun alohida 3 darvoza mavjud.
Yov hujumidan o‘ta kuchli himoyalangan, ya’ni uch tomondan dengiz bilan o‘ralgan qulay hudud egallanishi Usmonlilarni dunyoning o‘sha davrdagi eng qudratli davlatni barpo etishlarida hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. Hukmdor oilasi, saroy ahli uchun ham yashash ham ish joyi sifatida xizmat qilgan majmuadan turib mamlakatni boshqarish uchun zarur bo‘ladigan barcha sharoitlar yaratilgan. Ko‘plab turar-joylar, bog‘lardan tashqari pul, tanga yasaladigan zarbxona, xorijiy mehmonlarni qabul qilishga mo‘ljallangan alohida qarorgoh, hatto, podshoh tomonidan askarlar mashqi kuzatiladigan keng yalanglik va boshqa ko‘plab, bino, inshoot, maydonlar shunday xulosa qilish imkonini beradi.
Sulton Mahmud tomonidan 1479 yilda qurilishi boshlangan To‘pqopi saroyi salkam 400 yil mobaynida turk sultonlarining qarorgohi sifatida xizmat qilgan. Shu yillar mobaynida saroyda 25 nafar hukmdor mamlakatni boshqargan. Saroyda yashab, 4–5 mingga yaqin kishi xizmat qilgani ma’lumotlarda qayd etilgan. Sulton oshxonasida bir vaqtning o‘zida mingga yaqin oshpaz ishlagan.
Biroq saroyda qandaydir tadbir o‘tkaziladigan bo‘lsa, u o‘zida 10 mingga yaqin kishini sig‘dira olgan. Bir yilda saroyga 30 mingta jo‘ja, 23 mingta qo‘y, 14 mingta buzoq olib kelingan. Ayni damda oshxona xitoy, yapon va turk chinnilari hamda Venetsiya shishalari muzeyiga aylantirilgan. Saroy javohirlari Mahmud Fotih qarorgohida namoyish etiladi.
Tahlilchilar To‘pqopi saroyini xuddi Istanbul kabi juda ham sirli ekanini ta’kidlashadi. Saroyga bu nom sulton har gal saroydan chiqqanda va kirganda to‘p otilgani bois berilgan. To‘pqopi saroyi Sulton Ahmad va uch marta qayta tiklangan Ayo-Sofiya masjidi bilan deyarli yonma-yon joylashgan. Saroyning gullab-yashnagan davrida bu yerda 4–5 mingga yaqin kishi istiqomat qilgani aytiladi. Siz «Muhtasham yuz yil», «Ko‘sem» singari seriallarda ko‘rgan voqealarning katta qismi ana shu saroyning turli burchaklarida bo‘lib o‘tgan.
Saroy ichma-ich uch qismdan iborat bo‘lib, uning har biridan alohida darvozalar, Bobi Humoyun, Bobus-salom va Bobus-saodat darvozalari orqali kiriladi. Saroyning bosh darvozasi Bobi Humoyun bo‘lib, ushbu darvoza yanicharlar tomonidan mustahkam qo‘riqlangan. Xorijiy elchilar, fuqarolar shu darvoza orqali kiritilgan.
Bobus-salom orqali kiriladigan ikkinchi hovli asosan davlat ishlari yuritilgan, turli hujjatlar, farmonlar hozirlangan, devon majlislari o‘tkazilgan. Majlislarni sultonlar ichkari hovli darchasi oldida turib kuzatishgan, shu yerda muhokama qilinadigan masalalar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishgan.
Saroyning uchinchi qanoti bo‘lgan «Haram» – bu majmuaning eng sirli qismi. Aynan shu yerda sultonning onasi – Volida sulton o‘tirib, haramni boshqargan. Vaqti-vaqti bilan sultonning ko‘nglini xushlash uchun joriyalarni sultonning nazaridan o‘tkazilgan. Zinapoya ustidan turgan sulton «Oltin yo‘lak»dan o‘tayotgan qizlarning qay birini yoqtirib qolsa, uning ustidan zar sochgan. Haram bekalari o‘sha baxtli qizni yuvintirib, bezantirib, «xilvat»ga hozirlashgan.
Saroyning “Muqaddas omonatlar” bo‘limi Istanbulda ziyorat etish shart bo‘lgan joylardan biri. Chunki u yerda Islom tarixining eng noyob eksponatlari – Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hirqalari, soqollari, Uhud jangida singan tishlari, oyoq izlari, maktublari va qilichlari, Ibrohim alayhissalomning qozonchasi, Muso alayhissalomning asosi, Hazrati Dovudning qilichi, Yusuf alayhissalomning jubbasi, sahobai kiromlarning shamshirlari, Hazrati Fotima va Husayn r.a.larning ko‘ylaklari va boshqa qimmatli boyliklar saqlanadi. Ushbu omonatlarning aksariyati Sulton Yovuz Selimxon hukmronlik qilgan XVI asrda qo‘lga kiritilgan, XX asrgacha muzey qimmatli eksponatlar bilan to‘ldirib borilgan.
Istanbul – ikki qit’ada joylashgan dunyodagi yagona shaharligi, madaniy yodgorliklarga boyligi, xushmanzara sohillari bilan mashhur. Uning tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladigan qal’alari, muhtasham saroylari go‘zalligidan nafaqat quruqlikda balki suvda sayohat qilib ham bahramand bo‘lish mumkin.
Shunday tarixiy qal’alardan biri Galata minorasi Istanbulning Yevropa qismida joylashgan baland bino bo‘lib, buni shahar markazining barcha nuqtalaridan ko‘rishingiz mumkin. U Istanbulning eng muhim ramzlaridan biridir.
Tarixga nazar tashlasak Konstantinopol davrida ushbu minora Iso minorasi deyilgan. Genuyaliklar bu hududni Vizantiyadan tortib olib, bu yerda o‘z mustamlakasini tashkil etganlar. 1341 yilda ular uning atrofida himoya devorlarini qurishni boshlaganlar. 1348-49 yillarda genuyaliklar tog‘ning tepasida minora quradilar. Aynan shu minora shu kungacha saqlanib qolgan. Keyinchalik bu minora “Iso Masihning minorasi” deb atalgan. Bu dengizchi va savdogarlar uchun o‘ziga xos belgi bo‘lib xizmat qilgan.
Minora hozirgi nomini Usmonli imperiyasi davrida olgan. Sulton Mexmet gumbazni olib tashlash orqali minora balandligini 6,8 metrga qisqartirgan. Sulton Murod III davrida minora rasadxona sifatida ishlatilgan.
1791 yilda minora rekonstuksiya qilingan. Uning balandligi 45 metrni tashkil etadi. Keyinchalik bu yerda kuzatuv maydonchasi tashkil etilib, kecha-kunduz qorovul shaharni kuzatgan. 1875 yilda minora zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lgan. 1960 yillarda minorada konus shaklidagi gumbaz qayta tiklangan. Keyinchalik lift qurilgan.
2020 yil yozida minora restavratsiya uchun Turkiya turizm vazirligiga o‘tkazilgan va minora ma’lum muddat yopilgan. O‘tgan yilning 9 oktyabrida esa minora jamoatchilik uchun qayta ochilgan. Bu yerda muzeylar tashkil etilgan.
Minoradan butun shahar kaftdek namoyon bo‘ladi. Balanddan turib Istanbulning haqiqiy manzarasidan, go‘zalligidan bahramand bo‘lasiz.
Nurillo NASRIEV,O‘zA
Istanbuldan maxsus