Henri Fordning «Mening hayotim» kitobi yozilib, dunyoga shov-shuv bo‘lgandan buyon oradan qancha suvlar oqib o‘tdi. Davrlar, zamonlar o‘zgardi, ammo AQSH avtomobil sanoatining «otasi» H.Fordning hayot yo‘liga bo‘lgan qiziqish zarracha susaymadi.

Dunyoning yuzlab o‘lkalarida bu kitob millionlab nusxalarda nashr bo‘ldi. Hali-hamon qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qiladi.

Albatta, amerikalik bu milliarder haqida, uning hayoti, muvaffaqiyat sirlari xususida asrdosh «ford»shunoslar bearmon yozishgan.

«Mening hayotim» o‘tgan 20-asrning eng buyuk menejerlaridan biri, ishlab chiqarishda ilk bor konveyer yo‘lini joriy etgan, AQSH mashinasozlik sanoatiga tamal toshini qo‘ygan ishbilarmon, amaliyotchi H.Ford qalamiga mansub.

Yana bir yildan keyin bu asar yozilganiga roppa-rosa bir asr bo‘ladi.

O‘z davrining eng boy odamini shon-shuhrat aqldan ozdirmaydi, qancha-qancha dovonlarni ortda qoldirgach ham «hayratomuz yutuqlarimiz hali oldinda, biz dalani endi shudgor qildik“, deb yozadi kamtarlik bilan.

Uni boshdan oxir chuqur falsafaga yo‘g‘rilgan kitobining xaridori nega buncha ko‘p?..

Tijorat, ishlab chiqarishga bel bog‘lagan zamonaviy dunyo odami borki, bu maktabdan dars olgisi keladi.

Nega?..

Bu savollarga H.Ford hayotnomasidan birgina iqtibos:

«Kimdir mashinalar va sanoatning ortib borayotgan qudrati haqida gap boshlasa, ko‘z o‘ngimizda temir mashinalarning sovuq dunyosi gavdalanadi, bu sovuq dunyoda daraxtlar, gullar, qushlar, yam-yashil yaylovlarni ulkan zavodlar siqib chiqaradi. Biz shu bilan metall mashinalar va metall odamlar dunyosiga ega bo‘lamiz. Men bunaqa tasavvurni qabul qilmayman. Fikrimcha, mashinalardan foydalanishni puxta o‘rganib olsak, hayotning mexanik qismini to‘g‘ri anglasak, bizda daraxtlar va qushlar, gullar va o‘tloqlardan bahra olish uchun vaqt ko‘proq bo‘ladi…»

H.Fordning yana bir haqiqati:

«Ehtiyotkorona shubhakorlik tamaddunning muvozanat toshidir. Dunyodagi mavjud o‘tkir muammolar yangi g‘oyalarni astoydil tekshirmay qabul qilish oqibatida yuz beradi. G‘oya ko‘hna bo‘lgani uchungina to‘g‘ri bo‘lmaydi yoki faqat yangiligi tufayli xato bo‘lmaydi, biroq ko‘hna g‘oya amalda ishlasa, shu uning foydasiga qat’iy dalildir… G‘oyani har kim mulohaza qilib ayta oladi. Gap uni amalga oshirishdadir»

H.Fordning qarib yuz yildan so‘ng ona tilimizga o‘girilgan «Mening hayotim» kitobi chin ma’noda ibratli hayotnoma. Maqsadlari oliy, o‘z ishi, hayotini ijodiy va ijobiy tomonga o‘zgartirishga bel bog‘lagan iqtisodchi, muhandis, ruhshunos, biznes tashkilotchi va rahbarlari, boringki, hayotda katta muvaffaqiyatlarga erishishni maqsad qilgan har bir inson uchun beg‘araz qo‘llanmadir.

Kitobni o‘zbek tiliga Karim Bahriyev va Orifaxon G‘ulomovalar o‘girishgan.

Taniqli shoir, tarjimon, jurnalist – Karim Bahriyevning muxtasar so‘zboshisi esa sizni «Mening hayotim» dunyosiga olib kiradi.

 

Alisher Narzullo, O‘zA