Yaqinda tahririyatimizga davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish yuzasidan o‘tkazilgan tanlov natijalari 2,5 oydan buyon hech qanday sababsiz e’lon qilinmayotgani bo‘yicha murojaat kelib tushdi.

Unda Maktabgacha ta’lim vazirligining 2020 yil noyabr oyi boshlarida Toshkent shahri bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov natijasi tanlov komissiyasi raisi M.Yuldashev tomonidan to‘xtatib turilganligi bayon etilgan.

Biz ushbu murojaatni e’lon qilishdan oldin xolisona yondashgan holda ikkinchi tomonning ham fikrlarini o‘rgandik. Tender natijalari nima uchun e’lon qilinmaganining sabablarini bilish uchun Maktabgacha ta’lim vazirining o‘rinbosari, tanlov komissiyasi raisi M.Yuldashevdan sabablarini surishtirdik.

Vazirlar Mahkamasining 25.07.2019 yildagi 626-sonli «Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Maktabgacha ta’lim vazirligi autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil qilish maqsadida tanlov o‘tkazishi belgilangan edi.

Ushbu qarorga asosan sinov tariqasida Toshkent shahridagi 780 ta Maktabgacha ta’lim tashkiloti autsorsing usuliga o‘tkazish uchun tadbirkorlar o‘rtasida tender e’lon qilingan.

M.Yuldashevning so‘zlariga ko‘ra, tanlov jarayoni 2020 yilning fevralida boshlanib, 17 martgacha tadbirkorlarda arizalar qabul qilingan. Mart o‘rtalarida pandemiya sababli barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarining faoliyati to‘xtatildi. Sentyabr oyidan boshlab bog‘chalar bosqichma-bosqich faoliyatini boshlagandan keyin tanlovni o‘tkazish oktyabr, noyabr oylarida amalga oshirildi.

Ammo 6 oylik pandemiya davrida ko‘plab tadbirkorlar tomonidan faoliyatida moliyaviy moddiy-texnik jihatdan o‘zgarishlar bo‘lganligini inobatga olinishi so‘ralgan. Tadbirkorlar bu bo‘yicha hattoki Adliya vazirligiga ham murojaat bilan chiqishgan.

Adliya vazirligi ham tanlovni o‘tkazish shartlarini o‘rganib chiqib, joriy yil 4 dekabr kuni Maktabgacha ta’lim vazirligiga taqdimnoma kiritgan. Taqdimnomada haqiqatdan tadbirkorlarning huquq erkinligiga daxl qiluvchi normalar borligi keltirilgan.

– Biz bu taqdimnomani o‘rganib chiqqanimizdan keyin vazirligimizda yana maxsus ishchi guruh tuzildi, – dedi Maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari M.Yuldashev. – Qonunga binoan tanlov e’loni 30 kun turadigan bo‘lsa, o‘tkazish jarayoni ikki oy belgilangan. Tadbirkorlardan kelgan murojaatlar muddati 10 kun etib belgilangan ekan. Shu sababli barcha haqli e’tirozlarni inobatga olgan holda tanlovni qayta o‘tkazishga qaror qildik. Qayta o‘tkazish jarayonida Adliya vazirligi ko‘rsatgan kamchiliklar ham inobatga olindi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga joriy etilayotgan autsorsing jarayoni haqida qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, bog‘chalardan bolalarni ovqatlantirishda autsorsing o‘tkazish bilan tarbiyachilarni faqat ta’lim-tarbiya bilan shug‘ullanishlari uchun imkoniyat bo‘ladi. Shuningdek, taom sifatni birgina sub’ektdan talab qilishmiz mumkin.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ma’lumotiga ko‘ra, Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida korrupsiyaning 50 foizi oziq-ovqat ta’minoti bilan bog‘liq ekan. Agar autsorsing tizimiga o‘tiladigan bo‘lsa, 50 foiz korrupsiya o‘z-o‘zidan kamayadi.

Sh.OTABOEV, O‘zA