2021 yil 20 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Madaniyat va san’at sohasidagi davlat-xususiy sheriklik asosida beriladigan davlat mulki ob’ektlarining ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan davlat-xususiy sheriklik asosida beriladigan 172 ta davlat mulki ob’ektining ro‘yxati tasdiqlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va “O‘zbekkino” Milliy agentligi bilan kelishmasdan quyidagilarga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi:
– ularning tizimidagi kinoteatrlar, madaniyat markazlari, madaniyat va istirohat bog‘lari, teatrlar, bolalar musiqa va san’at maktablarining ko‘chmas mulklarini xususiylashtirish;
– ularning hududidagi yer maydonlarini mahalliy hokimliklar zaxirasiga olish.
Mazkur turdagi ob’ektlar ularning madaniyat va san’at sohasidagi faoliyat turini saqlab qolish sharti bilan davlat-xususiy sheriklik asosida beriladi.
Bunda tashabbuskorlarga qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida madaniyat va san’at sohasiga yaqin bo‘lgan xizmat ko‘rsatish, kichik ishlab chiqarish, savdo faoliyati turlari bilan shug‘ullanishga ruxsat etiladi.