Jizzax viloyatida deputatlar sohaning mas’ul rahbarlari hamrohligida joylarga chiqib tibbiyot muassasalari faoliyatini o‘rganmoqda.
Prezidentimiz Oliy Majlisga qilgan Murojaatida 2021 yilda sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirishni, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kuchaytirishni, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishni alohida ta’kidladi. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilidagi ushbu vazifalar ijrosini ta’minlashda deputatlarning joylardagi vaziyatni o‘rganishlari ham muhim ahamiyatga ega.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlari Muqaddas O‘razaliyeva va Muqaddas Tirkasheva viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ozoda Mahmudova hamrohligida viloyatning eng chekka hududidagi Yangiobod tumanida bo‘lib aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishning holati bilan tanishdi.
Deputatlar tumandagi sog‘liqni saqlash muassasalarining faoliyati bilan tanishish davomida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordami sifati va samarasi, muassasalarning moddiy-texnik bazasi, kadrlar ta’minoti, sanitariya-epidemiologik barqarorlikni ta’minlash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va sog‘lom ovqatlanish madaniyatini targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratishdi. Tibbiy xatlov yakunlari ko‘zdan kechirildi.
Tibbiyot xodimlari, bemorlar, aholi vakillari bilan uchrashuvlar davomida sohada amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar haqida muloqot o‘tkazildi.
Deputatlarning tumanlardagi tibbiyot muassasalari bo‘ylab safari davom etayotir.
T.Beknazarov, O‘zA