O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayeva, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov Beruniy hamda To‘rtko‘l tumanlariga tashrif buyurdi.
Tashrifning ilk markazi Beruniy tumani og‘ir hududlardan biri «Oltinsoy» ovul fuqarolar yig‘inida bo‘ldi. Mazkur hududda 2020 yil oxirida Davlat bojxona qo‘mitasi Maxsus jamg‘armasi hisobidan toza ichimlik suvi filtrlari o‘rnatildi. Natijada aholi uchun ichimlik suvi muammosi hal qilingan. Hudud aholisi bilan uchrashuvda ularning murojaatlari tinglandi.
Tuman Yoshlar markazi foyesida hunarmandchilik ko‘rgazmasi tashkil qilindi.
bugungi kunda yurtimizda xotin-qizlarga berilayotgan e’tibor o‘zining yuksak darajasiga yetganligi bilan ajralib turadi. Tumanda 2021 yilda 6 nafar kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan xotin-qizga uy-joylarning boshlang‘ich badallari to‘lab berilgan edi. Senat Raisi uy-joy egalariga sertifikatlarni tantanali ravishda topshirdi.
Bundan tashqari o‘tgan yili “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ni shakllantirishda Beruniy tumani namunali qilib olingan bo‘lib, bu ishlar yuksak darajada bajarildi. bugungi kunda ayollarning o‘zini o‘zi band qilish hamda ish bilan ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”ga asosan amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Shu yerning o‘zida beruniylik bir guruh ayollarga tikuv mashinalari, mini pechka, sartaroshlik bo‘yicha asbob anjomlar berildi. Tumanda faoliyat olib borayotgan “Beruniy tekstil invest” korxonasida uzoq yillar davomida mehnat qilgan ayollarga ham sovg‘alar topshirildi.
Yosh bo‘lishiga qaramasdan milliy maqom yo‘nalishida qo‘shiqlar ijro qilib, yuqori natijalarga erishib kelayotgan Beruniy tumanidagi 6-bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Murodjon Qodirberganov ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar hamda Yoshlar markazida tashkil qilingan gimnastika to‘garagi qatnashuvchilarining ko‘rgazmali chiqishlari mehmonlarda yaxshi taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisi T.Norboyevaning To‘rtko‘l tumaniga tashrifi “Dinur-jobs” kasb-hunarga o‘qitish markazi ochilishidan boshlandi. Ushbu markazida 10 ta turdagi kasb o‘qitilmoqda. Bu yerda 135 nafar ishsiz, kayta kasbga o‘qish istagidagi hamda “Temir daftar”,”Ayollar daftari”,”Yoshlar daftari”ga kiritilgan hamda Rossiya Federatsiyasida ishlash istagini bildirgan, oldin boshqa mutaxassislikda o‘qigan fuqarolar kasbga qayta tayyorlanmoqda.
Mehmonlar markaz faoliyati bilan tanishar ekan, bu yerda bugungi kun talabidagi kasblar va sohalar qamrab olinganining guvohi bo‘ldilar.
Markazda ta’lim olib, sertifikatni qo‘lga kiritgan fuqarolar tijorat banklaridan imtiyozli kredit olish imkoniyatiga ega bo‘lishi bilan birga ishsiz fuqarolar o‘z-o‘zini ish bilan band qilish va o‘zining tadbirkorlik faoliyatini boshlash imkoniga ega bo‘ladilar.
Shundan keyin O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov tuman Madaniyat saroyi binosida “Ayollar daftari”ga kiritilgan kam ta’minlangan va ko‘p bolali 20 ta oila vakili bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashdi. Uchrashuv jarayonida ayollarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA