Oiladagi maishiy zo‘rovonlik ayrim hollarda oddiy hodisa sifatida qabul qilinadi. Turmush o‘rtog‘i tomonidan kamsitilgan yoki kaltak yegan ayollar bu holatni ko‘pincha bekitishga urinadi.
Ammo shu kabi holatlar gazak olib ketishi, oxir-oqibat biror fojia ro‘y bermasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Shunday holatlar ro‘y berayotgani esa hech kimga sir emas.
Himoya orderi esa zo‘rovonlikka uchragan xotin-qizlarni faqat himoyaga olish emas, balki shu holatning sabablarini aniqlash va bartaraf etishga xizmat qiladi.
Himoya orderi berish amaliyoti bundan bir yilcha muqaddam, ya’ni Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 4 yanvardagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq joriy etilgan.
Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi muhim topshiriqlar bo‘yicha inspektori Nilufar G‘iyosovaning aytishicha, 2020 yilda tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 14 ming 774 xotin-qizga himoya orderi berilgan.
Bu ko‘proq Toshkent shahri, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona, Qashqadaryo, Andijon viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Xotin-qizlar 56 holatda jinsiy, 121 holatda iqtisodiy, 6 ming 836 holatda jismoniy zo‘ravonlikka uchragan bo‘lsa, 6 ming 281 holatda ruhiy bosimni boshidan o‘tkazgan. 1 ming 480 holatda tazyiq ostida qolgan.
Himoya orderi olgan ayollarning 11 mingga yaqini eridan himoyalangan.
Taassuf, ayol turmushga chiqayotganida eri timsolida o‘z himoyachisini ko‘radi. Haqiqatan, har qanday tarafdan qaralganda ham erkak oilaning asosiy ustuni va himoyachisi bo‘lishi kerak.
To‘g‘ri, qars ikki qo‘ldan chiqadi. Ayollar ham kamchiliklardan holi emas. Lekin nima bo‘lishidan qat’iy nazar, erkak baribir bosiqroq bo‘lishi, mulohaza bilan ish tutishi chinakam er kishiga xos.
Himoya orderi berilishi natijasida 14 ming 774 jinoyatning oldi olingan. Faqat himoya orderi olgan ikki nafar shaxs jinoyatdan jabrlangan.
Himoya orderi berilayotganlar orasida voyaga yetmagan shaxslar ham bor. 125 nafar voyaga yetmagan qizga himoya orderi berilgan. Himoya orderi olayotganlarning asosiy qismini 30 yoshdan oshgan ayollar tashkil etgan. Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning 73 foizi ularning oilalarda, qolgani jamoat joyida, ishxona va ta’lim muassasalarida sodir etilgan.
– Himoya orderi berilayotgan xotin-qizlar bilan ishlashda profilaktika inspektorlari va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar o‘zaro hamkorlikda faoliyat olib bormoqda, – deydi IIV inspektori Nilufar G‘iyosova. – Bu jarayonda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash tizimi xodimlari, psixologlar yordamida muammoning sabab va yechimlari ustida ish olib borilmoqda.
Himoya orderi berilgan oilalarda mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari bilan hamkorlikda olib borilgan profilaktik ishlar natijasida 8 ming 166 oilada er va xotin yarashtirilgan. 5 ming 46 oiladagi nizolar bartaraf etilib, qolganlari bo‘yicha profilaktik ishlar davom ettirilmoqda.
Tazyiq o‘tkazgan yoki zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan 146 nafar shaxs himoya orderi talablarini bajarmagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Ichki ishlar vazirligi va Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazi bilan hamkorlikda tuzilgan “Aholi o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi va ijtimoiy hamkorlik to‘g‘risida”gi memorandum asosida notinch va muammoli oilalar aniqlanib, ularning manzilli ro‘yxatlari shakllantirilmoqda.
Og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan, oilaviy muammolar va turmushida zo‘ravonlikka duch kelgan, shuningdek, o‘z joniga qasd qilishga moyil bo‘lgan 302 nafar xotin-qiz “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari”ga joylashtirilgan.
Ko‘rinib turibdiki, himoya orderi xayrli vositaga aylangan. Demak, oilada ro‘y beradigan turli noxushliklarni bartaraf etish o‘rniga uni xaspo‘shlashga urinishimiz behuda ish. Aslida, muammolar haqida gapirish – uning yechimi bo‘yicha tashlangan ilk qadam, deb bejiz aytilmagan.
Norgul Abduraimova, O‘zA