Jizzaxda qulagan 6 qavatli binoning qolgan qismi ham talabga javob bermasligi hamda yaqin orada qulab, odamlar sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkinligi inobatga olinib, hozirda atrofi tuproq bilan to‘ldirilgan holda tadbirkorning o‘z hisobidan buzib tashlanmoqda.

Xabaringiz bor, joriy yilning 10 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Jizzaxda yangi qurilgan ko‘p qavatli bino qulab tushdi. Unga rasmiy bayonot va O‘zbekiston qurilish vaziri Botir Zokirov izoh bergan edi.

Jizzax shahar, «Zilol» MFY, “Mustaqillik” ko‘chasida joylashgan 1-2 qavatlari savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 3-6 qavatlari turar joy binosi bo‘lishi kutilgan ob’ektning buyurtmachi – pudratchisi «Barakali Qorako‘l Chorvador» fermer xo‘jaligi bo‘lib, loyihani “DISCOVERY ARCHITECTS GROUP” korxonasi tayyorlab bergan.

Qurilish-montaj ishlari 2020 yilning martida boshlangan bino dastalab 3 qavatli bo‘lishi borasida loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan. Keyinchalik loyihaga o‘zgartirish kiritilgan.

Bu ham yetmaganday ushbu ob’ektda bajarilayotgan qurilish-montaj ishlarining loyihaga mosligi, bajarilgan ishlarning sifati ustidan hududiy nazorat inspeksiya inspektorlari bir necha marta nazorat ishlari o‘tkazgan va kamchiliklarni aniqlagan.

Bunda qurilish ob’ektiga olib kelingan temir-beton plita, g‘isht, armatura va sement mahsulotlariga muvofiqlik sertifikati taqdim etilmaganligi, ob’ektda umumiy va maxsus ish yuritish jurnallari yuritilmaganligi, uy-joyning poydevor va devor ishlarida bajarilgan quyma betonlarning loyihaviy mustahkamligiga mos kelishi bo‘yicha qurilish-sinov laboratoriya xulosasi taqdim etilmaganligi sababli inspeksiya yozma ko‘rsatma bergan.

Qayd etish kerakki, tadbirkorlarimiz mana shunday holatga tushmaslik uchun qurilish norma va qoidalariga amal qilsalar, ortiqcha ovoragarchilikka yo‘l qo‘yilmagan bo‘lardi.

 

 

O‘zA