Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish, yoshlarda g‘oyaviy, mafkuraviy xurujlarga qarshi ma’naviy immunitetni shakllantirish, yoshlarning kitob o‘qish ko‘nikmasini, mutolaa madaniyatini yuksaltirish yurt taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim omillardan ekanligi ta’kidlandi. Bu boradagi islohotlarda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi ham munosib hissa qo‘shmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 28-iyuldagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida imzolangan mazkur memorandum jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda o‘zaro hamkorlikdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Memorandumni imzolashdan ko‘zlangan asosiy maqsad – kitob targ‘iboti orqali xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, kitobxonlik an’analarini keng targ‘ib qilish, jamiyatda ma’naviy-ma’rifiy sohadagi mavjud muammolarni aniqlash, ularni tanqidiy tahlil qilish va yechimini topish borasidagi hamkorlikni mustahamlash hamda bu bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iboratdir.

Tadbirda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan nashrlarning chop etilishi bo‘yicha maqsadli dasturlarni tayyorlash va ijrosini tashkillashtirish masalalari ham muhokama etildi. Mazmunan sayoz, milliy ma’naviyat va qadriyatlarimizga, axloq me’yorlariga mos kelmaydigan, g‘oyaviy hamda matbaa sifati past adabiyotlarni tayyorlash, bosib chiqarish va tarqatilishining oldini olish choralarini ko‘rish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Kitob mahsulotlarining milliy va xalqaro kitob bozorida o‘z mavqei va salmog‘iga ega bo‘lishida nashriyotlarga ko‘maklashish, xorijda o‘zbek tili va adabiyotini keng targ‘ib qilishni yo‘lga qo‘yish borasida hamkorlikda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan masalalar yuzasidan kelishib olindi.

 

Go‘zal Sattorova, O‘zA