Odil sudlovga taraflar kerakmi yoki taraflarga odil sudlov?!

Bilasizki, Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga ham ikki xil tarzda murojaat qilish mumkin:

Oddiy – muayyan ish bilan bog‘liq bo‘lmagan murojaatlar, ya’ni ariza, taklif, shikoyatlar;

Muayyan nizo yoki ish bilan bog‘liq bo‘lgan murojaatlar, ya’ni ariza, da’vo arizasi, iltimosnoma, shikoyatlar.

Albatta, sirtdan ko‘rib chiqiladigan ishlardan tashqari, da’vo ariza va ariza (alohida toifadagi ishlar) bo‘yicha fuqarolik ishlari qo‘zg‘atilar ekan, sud majlisi taraflar vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilishi lozim. Bu qonun talabidir.

Biroq, sud majlisida taraflar to‘liq ishtirok etishi uchun nima kerak? Ular xabardor bo‘lishi kerak. Taraflar xabardor bo‘lishi uchun nima qilish kerak? Ularni xabardor qilish kerak. Buning uchun nima kerak? Sud majlisi haqida taraflarga xabar beruvchi mukammal tizim va vositalar kerak. Mana gap qayerda…

Ana shunday tizim-vositalardan biri, bu – zamonaviy pochta xizmati. Pochta xizmati bilan FIB sudlarning huquqiy munosabati. Bugun tan olib aytish kerak, iqtisodiy sudlarda sud chaqiruvlari va xabarnomalarini pochta aloqasi orqali yetkazish bir muncha yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Balki bu IIB sudlarda ishtirokchilar yuridik shaxslar bo‘lgani, aksariyat hollarda ularning pochta va yuridik manzili aniqligi uchundir.

YANA BIR MUHIM JIHAT…

FIB sudlarda ishlarni sirtdan ko‘rish vakolati ham borligini unutmaslik muhim. Ayni ana shu vakolat esa, aholining «sud ishni mening ishtirokimsiz ko‘rdi» degan haqli ba’zan haqsiz e’tirozlariga sabab bo‘laveradi. Afsuski, bu e’tiroz hali-hamon dolzarbligicha qolmoqda.

Aslida ishni sirtdan ko‘rishning nimaga yo kimga keragi bor? Ishni sirtdan ko‘rish shartmi? Nega aksariyat rivojlangan davlatlarda ish sirtdan ko‘rilmaydi? Nega mazkur davlatlarda bu tushuncha – ishni sirtdan ko‘rish hatto ularning qonunchiligida ham yo‘q. Ishni biryo‘la ko‘rib qo‘ya qolsa bo‘lmaydimi? Sudga bir taraf kelmasa-kelmabdi, uni chaqirishga mahkam yopishib olish shartmi?

“Nizo qonuniy-adolatli hal etilsa, shunisi muhim emasmi?” degan mantiqqa asoslangan haqli mushohada ham bor, biroq bu yana bir boshqa mavzuga tortadigan kattagina maqola-post bo‘lar ehtimol…

Ayni damda nizoni to‘g‘ri-qonuniy hal etish uchun esa, sud majlisining vaqti va joyi haqida taraflarni xabardor qilish va sud ishini ularning ishtirokida ko‘rib chiqish albatta muhimdir.

Ana shuning uchun ham FIB sudlari jonli sudlar deyiladi.Chunki FIB sudlarida xulosalar ko‘proq hujjatlargagina asoslanib qolinmasligi, taraflarning ko‘rsatmalari nizoni to‘g‘ri hal etishda asosiy omillardan biri bo‘lishi ham mumkin…

Shunday ekan, bugun – XXI asrning 21 yilida FIB sudlarida sud majlisining vaqti va joyi haqida taraflarni xabardor qilish tizimi qanchalik talabga javob beradi? Yo‘lga qo‘yilgan xabardor qilish tizimi (pochta xizmati, telefonagramma, faksogramma, elektron pochtaga orqali yuboriladigan xabarnoma va hokazolar) faoliyatidan aholi rozimi?

Shaxsiy fikrimga ko‘ra, katta harflarda «YO‘Q».

Chunki, aksariyat fuqarolik sudlari hali hamon pochta aloqa xizmatlari bilan shartnomaviy-huquqiy munosabatni lozim darajada yo‘lga qo‘ymagan.

Hududlarni qo‘yib turaylik. Poytaxtda ham FIB sudlarida buyurtma xabarnomalar, sifatli pochta xizmati, zamonaviy pochta aloqasi risoladagidek yo‘lga qo‘yilgan deb bo‘lmaydi.

Demak, sud xabarnomalari deyarli buyurtma pochta orqali yuborilmaydi. Shunday ekan, sud xabarnomasini taraflarga yetib borgan yo yo‘qligini o‘z vaqtida bilishning imkoni 50/50. Buni yo kechikib bilasiz yo taraf sudga xabarnomani olib kelib ishtirok etganda bilish mumkin. Bu borada muammo saqlanib qolmoqda…

Xullas, elektron pochta orqali xabarnoma yuborish, sms xabar yuborish tizimi maromiga yetguncha, FIB sudlarida sud majlisining vaqti va joyi haqida zudlik bilan qiladigan ishlarimiz:

Birinchidan, hech bo‘lmasa pochta aloqa xizmatlari bilan xabarnomalarni taraflarga yetkazishning buyurtma shakli haqida shartnoma asosida faoliyatni yo‘lga qo‘yishimiz darkor. Bu ishni kechiktirib bo‘lmaydi;

Ikkinchidan, ayrim ilg‘or davlatlardagi kabi sudning o‘z pochtasi «Sud pochtasi»ni shakllantirish vaqti keldi. Sud pochtasi taraflarning manziliga borib, «suddan salom keltirdi,k nizoni birga yechamiz, adolatni birga yuzaga chiqaramiz, nizongizni qonuniy hal etish uchun bir sudga tashrif buyuring» desin. Buni «Sud pochtasi» elektron shaklda, elektron vositalar orqali aytsa ham bo‘ladi. Agar taraflarda AKT vositalaridan keng foydalanish imkoni bo‘lsa, ular uzoq masofada bo‘lsalar, boshqa davlatlarda bo‘lib turgan bo‘lsa…;

Uchinchidan, har bir tumanlararo sudda murojaatchilarning elektron manzil zaxirasi yaratilishi va u pochta aloqa bo‘limlariga ish qo‘zg‘atilishi bilan yuboriladigan yagona integratsiyalashgan elektron tizim asosida yo‘lga qo‘yilishi kerak. Xabarnomani konvertga solib, pochta bo‘limiga olib borib beradigan tizimdan, dasturiy ta’minotga asoslangan imkon qadar integratsiyalashgan elektron tizim orqali yuboriladigan elektron xabarnomalar (video, audio, sms va hokazolar) tizimini joriy etish mumkin. Bu qisqa muddatda qilsa bo‘ladigan ish…

To‘rtinchidan, fuqarolik nizolarini ko‘rib chiqilishida faol jalb etiladigan yoki tez-tez sudga chaqirilib turiladigan yo sud tomonidan ishni mazmunan to‘g‘ri hal etish uchun yaqindan ko‘mak beruvchi va ularga juda ko‘p talabnoma, so‘rovnomalar yuborilib yoxud xulosalar so‘ralib turiladigan davlat va nodavlat tashkilotlari – masalan: davlat xizmatlari agentligi bo‘limlari, vasiylik va homiylik organlari, adliya organlari, Advokatlar palatasi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari, MFYlari, notariuslar, FXDYO, MIB, kadastr, migratsiya xizmatlari, IIV organlari, axborot markazlari va hakozolarga elektron sud xabarnomalari, sud so‘rovnoma va talabnomalari yuborishning integratsiyalashgan tizimini ishlatib yuborish foydadan xoli emas;

Eng asosiysi – yuqori muammoligicha qolib ketayotgan protsessual qonunchilikdan o‘z vaqtida voz kecha bilish… Ya’ni, taraf sudga kelish kerak, ular ishtirok etish kerak, buncha muddatda kelishi lozim, bo‘lmasa, sudya yana bir marta ishni keyinga qoldirib, 2-3 marta sud majlisida ko‘rib yuborishi mumkin, sudya shunday tarzda ishni ko‘rmasa, yuqori instansiya sudi ishni quyi instansiya sudi to‘g‘ri hal etgan-etmaganligidan qat’i nazar, protsessual qonun buzilish deb baholab, yangidan birinchi instansiya sudiga qaytaradi, kabi normalarni chiqarib tashlash, «bu borada bizning milliy qonunchilikligimizdek bo‘lmasa ham» lekin nisbatan ko‘proq yutuqlarga erishgan, maqbul tajriba to‘plagan rivojlangan davlatlarning amaliyotini ko‘chirib olsak ham, birov bir narsa demaydi. Chunki bu odil sudlov, xalq manfaatida, inson huquqlarini kengroq ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi.

Biz esa “qonunlarimiz, ayniqsa protsessual qonunchiligimiz mukammal, ularni konseptual nuqtai-nazardan ko‘p ham o‘zgarishi maqsadga muvofiq emas, kerak bo‘lsa, u davlatlar bizning qonunchiligimizdan namuna olsin” deb yuraveramiz.

Aytmoqchimanki, FIB sudlarida – protsessual qonunchilik – sudlarda taraflar ishtiroki – pochta (elektron shakllardagi xabarnomalar) – «sud pochtasi»ni yaratish bugungi kunda, olib borilayotgan shiddatli islohotlar jarayonida juda katta bir o‘yga toldiradigan masala emas. Aslida, xalqaro jamoatchilik ham tan olinayotgan sud-huquq sohasidagi bugungi islohotlarni hammamiz ko‘rib-bilib turibmiz.

Lekin, uncha katta bo‘lmagan va samarali «Sud pochtasi» tizimini amalga oshira olsak, ishni sirtdan ko‘rishga ham hojat qolmaydi, “odamlar ishni sud mensiz ko‘rdi” ham deyishmaydi, sirtdan ko‘rilib (atay sirtdan ko‘rilishini kutib), keyin sirtdan ko‘rilgan qarorga nisbatan arz qilib, shu sudning o‘zi uni bekor qilib, 90 foizdan ortiq hollarda yana o‘sha o‘zi bekor qilgan avvalgi qarorni qayta chiqarib, vaqt va mablag‘ ketkazishni ham oldi olinardi.

Balkim, ana shunda sudlardagi chaqiruv xatlari, pochta xabarnomalari, taraflarning xabardorligi, pochta xarajatlari ham alohida bir yaxlit qonun holiga kelib, «Pochta xarajati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni deb nomlanib,«Davlat boji to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘xshab sohani tartibga solishga xizmat qilar…

Demak, odil sudlovga taraflar kerakmi yoki taraflarga odil sudlov?!Avvalo, har birimiz o‘z huquqiy ongimizda ana shu chegarani aniqlab olishimiz kerak. Rivojlangan davlatlar va huquqiy madaniyat, ijtimoiy huquqiy qarashlar yuksakroq jamiyatlarda esa,albatta taraflarga odil sudlov kerak degan tamoyil amalda…

Xulosa o‘zingizdan!

Nuriddin Murodov,

Toshkent shahar

Uchtepa tumanlararo sudi sudyasi