Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida kundalik sodir etilayotgan qoidabuzarliklar va yo‘l-transport hodisalari doimiy tarzda tahlil etilib, tegishli chora-tadbirlar ko‘rib borilmoqda.
Yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan muntazam ravishda o‘tkazilayotgan reydlar ham o‘zining ijobiy samaralarini bermoqda.
Jumladan, yo‘l-patrul xizmati inspektorlari birgina 20 yanvar kuni davomida transport vositasini spirtli ichimlikdan mast bo‘lgan holda boshqarib kelayotgan 27 nafar haydovchini aniqladi. Ularga nisbatan qonunda ko‘zda tutilgan ma’muriy choralar ko‘rildi. Barcha shirakayf haydovchini aniqlanishi bu taxminan shuncha yo‘l-transport hodisasining oldini olish bilan barobar ekanini tasavvur eta olsak natijalar salmog‘i yanada oydinlashadi.
Transport vositasini mast holda boshqarishning salbiy oqibatlari to‘g‘risida juda ko‘p gapirilgan. Lekin shunday bo‘lsada mas’uliyatni his qilmaydigan, o‘zi va o‘zgalarning hayotini xavf ostiga qo‘yadigan haydovchilarning borligi achinarlidir. Jumladan, Qibray tumanida xizmat olib borayotgan xodimlar “Neksiya-3” rusumli transport vositasini tekshirganida Parkent tumanida yashovchi J.Q.ning spirtli ichimlik iste’mol qilgani aniqlandi. Inspektorlar uni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun tibbiyot muassasasiga olib bordi. Shifokorlar tomonidan haydovchining mast holatda ekanini aniqlab, tegishli xulosa berildi. Haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina vaqtinchalik jarima maydoniga qo‘yildi.
Toshkent tumanida reyd o‘tkazayotgan xodimlar ham tekshirish uchun “Matiz” rusumli transport vositasini to‘xtatganida haydovchi mast holda mashina boshqargani ma’lum bo‘ldi. Tibbiy xulosaga asosan unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, mashinasi jarima maydoniga kiritildi.
Javobgarlikdan hech kim qochib qutula olmaydi. Shu sababli harakat ishtirokchilaridan “Yo‘l harakati qoidalari”ga qat’iy amal qilishlari maqsadga muvofiq.
Toshkent viloyati IIBB YHXB
Axborot xizmati.