Vatanimiz tarixidagi 24 yanvar sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1556 yil (bundan 465 yil oldin) – tarixiy manbalarda nihoyatda saxovatpesha, kutubxonaga alohida e’tibor qaratgan ma’rifatli hukmdor sifatida qayd etilgan boburiyzoda Humoyun mirzo halokatli jarohat oldi.

Tarixchi olim Akbar Zamonovning qayd etishicha, Humoyun podshoh Dehlidagi o‘z saroyining tom qismida “Dini panoh” deb nomlangan maxsus kutubxona qurdirgan bo‘lib, har kuni kechqurun u yerda kitob mutolaasi bilan mashg‘ul bo‘lgan. Uning eng ko‘p o‘qiydigan kitoblari Boburning “Vaqo’i”, Navoiyning “Xamsa” va Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy” asarlari bo‘lgan.

Shunday mutolaali oqshomlarning birida, 1556 yilning 24 yanvar kechasi shom namoziga aytilgan azonni eshitgach, o‘z kutubxonasidan pastga tusha boshlaydi va mohir ustalar silliqlagan zinapoyaga qo‘yilgan hassasining uchi sirg‘anib, tomdan yiqiladi hamda boshi bilan marmar zinaga uriladi. Hayoti faoliyatining baland-past bo‘lishi, ziddiyatli, g‘amgin va sitamli davrlarning ko‘p bo‘lganligi sabab jismi ham zaiflashib qolgan podshoh shu yiqilishda hushidan ketgan.

Akbar Zamonovning yozishicha, ikki kun davomidan o‘ziga kelmagan Humoyun mirzoning joni 26 yanvarda uzilgan edi. Bu paytda Humoyun 49 yoshda bo‘lgan (Otasi Zahiriddin Muhammad Bobur 47 yoshda vafot etgan edi). Uning o‘limi holati bobosi, Bobur mirzoning otasi Umarshayx mirzo halokatiga o‘xshashdir. Umarshayx ham 1494 yil Axsi qo‘rg‘onidagi kabutarxonadan yiqilib halok bo‘lgan va bu paytda u 39 yoshda bo‘lgan.

1909 yil (bundan 112 yil oldin) – Farg‘ona viloyati harbiy gubernatori, general-mayor Susaninning buyrug‘iga asosan Andijonning 2 qismdan iborat Eski shahri 4 qismga ajratildi. Xudoyorliq qismi 2 ga bo‘linib, biri Olayliq, ikkinchisi Uyliq qismdan iborat bo‘ldi. Bobotavakkul qismi Bobotavakkul va Qirliq qismiga bo‘lindi. Bu to‘rtda dahaning har biri shahar oqsoqollari tomonidan boshkarilgan.

1992 yil (bundan 29 yil oldin) – Mali, Slovakiya, Ukraina, Chexiya Respublikalari O‘zbekiston Respublikasi suverenitetini tan oldi.

1997 yil (bundan 24 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Temuriylar tarixi davlat muzeyi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2003 yil (bundan 18 yil oldin) – Osiyo Olimpiya Kengashining Quvaytda o‘tgan yigirma ikkinchi Bosh Assambleyasida sportning Kurash turi, O‘zbek kurashi Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritildi. O‘zbek kurashi jahonga yuz tutishi bilan birgalikda yana baynalmilal xarakter kasb eta boshladi. Endilikda kurash gilamida Kurash Xalqaro Assotsiatsiyasiga a’zo bo‘lgan davlatlar va millatlarning o‘nlab kurashchilarini ham ko‘rish mumkin.

Xalqaro Assotsiatsiyada va dunyo davlatlari kurash arenalarida o‘zbekcha terminlar: chala, dakki, tanbeh, g‘irrom, yonbosh, halol – hammasi bo‘lib 12 ta o‘zbekcha atamalar qo‘llanilmoqda. Bu, albatta, o‘zbek xalqi madaniyatining so‘zlari vositasida dunyoga yuz tutganidan dalolatdir.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, qadimdan kurashni boshqarish, polvonlarni tanishtirish, sovrinni berish kabi vazifalarni bakovul bajargan. Har bir polvon o‘z qishloq, ovulining ori uchun olishgan. Yiqilgan polvon ori uchun qishloqdosh polvon kurashga davraga tushgan. Qaysi polvon raqib polvonni yiqitib, yelkasini yerga tekkizgandagina “halol” hisoblangan.

2003 yil (bundan 18 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan Ispan hamda o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekiston Respublikasi bilan Ispaniya Qirolligi o‘rtasida samarali o‘zaro manfaatli munosabatlarni chuqurlashtirish borasidagi ulkan xizmatlari, shuningdek tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun Ispaniya Qiroli Xuan Karlos I «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan, Ispan va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirish ishiga katta hissa qo‘shgani, ilmiy, ijtimoiy va xayriya faoliyatidagi ulkan xizmatlari uchun Ispaniya Qirolichasi Sofiya de Burbon i Gresia Zoti Oliyalari «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi.

2018 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi tasdiqlandi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi