Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Ispaniyaga tashrifi doirasida qirol Filipp VI qabulida bo‘ldi.
Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qilgan.
Ispaniya qiroli “Palacio Real de Madrid” saroyida xorijiy delegatsiyalar rahbarlari sharafiga rasmiy qabul tashkil etdi. Marosimda turizm sohasining Ispaniya iqtisodiyotidagi muhim o‘rni, aholi bandligini ta’minlashdagi salmoqli hissasi qayd etilib, pandemiyadan keyin mamlakatni rivojlantirishda turizm va davlatlararo do‘stlikning alohida ahamiyat kasb etishi xususida so‘z yuritildi.
Rasmiy tadbirlardan so‘ng, Ispaniya qiroli bilan O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari o‘rtasida yuzma-yuz muloqot bo‘lib o‘tdi. A.Abduhakimov Ispaniya qiroli va uning oila a’zolari, shuningdek, ispan xalqiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda o‘zbek xalqining qizg‘in salomini, samimiy tilaklarini yetkazdi.
Qirol Filipp VI, o‘z navbatida, 2017 yilning iyun oyida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Ostona shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lgan uchrashuvni iliq xotiraladi.
– Qirol Ispaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar uzoq tarixga ega ekani, o‘zaro aloqalar olti asr ilgari Ispaniya qiroli elchisi Rui Gonsales de Klavixoning Samarqandga amalga oshirgan tashrifi va Amir Temur bilan uchrashuviga borib taqalishini esladi, – dedi Aziz Abduhakimov. – Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikning amaliy davomi sifatida O‘zbekiston tomonidan Ispaniya kompaniyasining “Talgo” rusumli poyezdlari sotib olingani, shu asosda turizm shaharlari bog‘langani hamda yana ikkita poyezd olib kelinishi rejalashtirilayotgani e’tirof etildi.
Shuningdek, Ispaniya qiroli pandemiya bilan bog‘liq vaziyat yumshaganidan so‘ng O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan borish istagi borligini bildirdi.
O‘zA