Yuridik klinika

– Xodimning malakasi yetarli bo‘lmasa, ish beruvchi o‘z tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilsa bo‘ladimi?

 Ha, bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 100-moddasi 2-qismi 2-bandiga asosan ish beruvchi o‘z tashabbusi bilan xodimning malakasi yetarli bo‘lmagan taqdirda u bilan mehnat shartnomasini bekor qilishi mumkin. Shu o‘rinda, ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilish niyati haqida xodimni kamida ikki hafta oldin yozma ravishda (imzo chektirib) ogohlantirishi shart!  

Ammo O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi xaqida”gi qaroriga muvofiq, mehnat shartnomasi yuqorida qayd etilgan band asosida bekor qilinayotganda ish beruvchi xodimni shu korxonaning o‘zida ishga joylashtirish choralarini ko‘rishga majbur. Ya’ni, xodim malakasi yetarli bo‘lmaganligi uchun bajarayotgan ishiga noloyiq, deb topilganligi sababli unga mutaxassisligi bo‘yicha kamroq malakali ish taklif etilishi, u ham mavjud bo‘lmasa, korxonada mavjud bo‘lgan kamroq malakali boshqa ish taklif etiladi.

Agar ish beruvchi xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli kamida ikki hafta oldin yozma ravishda (imzo chektirib) ogohlantirmasdan va Mehnat Kodeksining 237-moddasi va boshqa hujjatlarda ko‘rsatilgan majburiyatlarini bajarmasdan mehnat shartnomasini bekor qilgan bo‘lsa, ishchi o‘z xuquqlarini tiklash uchun tegishli bo‘lgan Fuqarolik sudiga murojaat qilishi mumkin. Va bunday hollarda Kodeksning 277-moddasiga asosan xodim mehnatga doir huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan talablar bo‘yicha sudga murojaat etganligi uchun sud xarajatlarini to‘lashdan ozod etiladi.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, Mehnat Kodeksining 237-moddasiga binoan homilador va bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishda kafolatlar belgilangan. Ushbu moddaga ko‘ra, agar homilador va yoki uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarning malakasi yetarli bo‘lmagan taqdirda ish beruvchi ular bilan mehnat shartnomasini bekor qila olmaydi.

Bunday hollarda mehnat shartnomasi ularni, albatta, ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinishi mumkin. Mazkur ayollarni ishga joylashtirishni mahalliy mehnat organi ularni ishga joylashtirish davrida qonun hujjatlarida belgilangan tegishli ijtimoiy to‘lovlar bilan ta’minlagan holda amalga oshiradi.

O‘zA

Ushbu material TDYUUning “Yuridik klinika”si talabalari tomonidan o‘qituvchilar nazorati ostida tayyorlandi.