O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Energetika vazirligi tizimidagi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Jahongir Obidjonov joriy yilning 21 yanvar kunidan boshlab kuzatilayotgan sovuq havo tufayli yurtimiz ayrim hududlarida yuz bergan elektr energiyasidagi uzilishlar bilan bog‘liq holatlarga izoh berdi.
– Mamlakatimizning turli hududlarida kuni kecha boshlangan kuchli shamol, qor bo‘roni oqibatida havo elektr tarmoqlari hamda trasformator punktlariga yetkazilgan shikast natijasida respublikamizning turli hududlarida elektr energiyasi yetkazib berishda vaqtincha uzilishlar kuzatilmoqda, – dedi Jahongir Obidjonov. – Xususan, Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarining ayrim hududlarida shuningdek, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida noqulay ob-havo sharoiti tufayli aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlarida elektr energiyasida uzilishlar vujudga kelgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, respublika bo‘yicha, 110 kV kuchlanishli 7 dona havo liniyalarida va 6-10 kV kuchlanishli 476 dona havo liniyalarida uzilishlar vujudga kelgan.
Tarmoqlarda sodir bo‘ladigan avariyaviy o‘chishlarni tezkor bartaraf etish maqsadida avvaldan hududlarda jami 481 ta tezkor avariyaviy chiqish brigadasi, 378 ta maxsus avariyaviy chiqish mashinasi, maxsus texnikalar hamda rahbar xodimlardan iborat navbatchilik tashkil etilgan bo‘lib, sodir bo‘lgan avariyaviy holatlar tunu kun tashkil etilgan navbatchi brigadalar tomonidan texnika xavfsizlik qoidalariga amal qilingan holda ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilib, barcha avariyaviy o‘chgan 110-35 kV kuchlanishli tarmoqlar hamda 247 dona 6-10 kV kuchlanishli liniyalar tarmoqqa qayta ulandi.
Ayni vaqtda iste’molchilarni bosqichma-bosqich tarmoqqa qayta ulash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, elektr energiyasiz qolgan deyarli 60 foiz iste’molchi qayta tarmoqqa ulanishi ta’minlandi.
Hozir respublika bo‘yicha 6-10 kV kuchlanishli 229 dona havo liniyalarda uzilishlar mavjud bo‘lib, ushbu vujudga kelgan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining tizim korxonalari xodimlari tomonidan tunu kun ta’mirlash-tiklash ishlari davom ettirilmoqda.
Shuningdek, avariyaviy holatlarni bartaraf etish maqsadida hududiy korxonalarda 395 dona tarmoq transformator, 191,8 tonna transformator moyi, 947 dona tayanch, 53,9 tonna turli o‘lchamdagi sim, 41,5 kilometr kabel mahsulotlari hamda 638 dona kabel muftadan iborat zaxira yaratildi. Mazkur tezkor brigadalar aloqa vositalari va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlangan.
Tadbirda ob-havo injiqliklari natijasida yetkazilgan zarar oqibatida keltirilgan noqulayliklarni tezkorlikda bartaraf etish maqsadida Energetika vazirligi tizimi tarmoqlari tomonidan barcha choralar ko‘rilayotganligi ta’kidlandi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA