Joriy yilning 22 yanvar kuni soat 05:30 lar atrofida O‘zbekiston tumani “Bozor Yaypan” mahalla fuqarolar yig‘ini Ibn Sino ko‘chasida joylashgan “Yangi Bozor SMR” mas’uliyati cheklangan jamiyati savdo majmuasida yong‘in kelib chiqqan. Bu haqda Farg‘ona viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inning kelib chiqishiga kuchli shamol va elektr simlarining qisqa tutashuvi sabab bo‘lgan. Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.

Yong‘in tegishli kuch vositalar yordamida o‘z vaqtida bartaraf etilgan. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi hamda FVB xodimlari tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.

 

M.Sulaymonov, O‘zA