Buxoro shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Sessiya ishida Vazirlar Mahkamasi, respublika vazirlik va idoralari, viloyat, tuman va shahar sektorlari rahbarlari, faollar qatnashmoqda.
Davlatimiz rahbari 2020 yilda dunyo hamjamiyati boshiga katta sinovlar tushgani, bu Buxoro viloyatida ham jiddiy yo‘qotishlarga sabab bo‘lgani, jumladan, viloyatning sobiq rahbarlari O‘ktam Barnoyev va Karim Kamolov pandemiya qurboni bo‘lganini qayd etdi.
Dunyodagi hozirgi epidemiologik vaziyat, koronavirus pandemiyasi hali davom etayotgani, Yevropadan chiqqan yangi shtamm xatarli sur’atda tez tarqalayotgani, bu har birimiz sog‘lig‘imizga hushyor va yanada e’tiborli bo‘lishimizni taqozo etayotgani ta’kidlandi.
Raqobat, qarama-qarshilik kuchayib borayotgan hozirgi zamonda kattayu kichik rahbarlar mas’uliyatni his qilib, xalqimizning ertangi kuni yaxshi bo‘lishi uchun jiddiy ishlashi va tinim bilmasligi zarurligi ta’kidlandi.
– Kecha Olot tumanida mahalla raislari, sektor rahbarlari bilan uchrashdim. Bugun tuman hokimlari, sektor rahbarlari to‘g‘ri qadam qo‘yayaptimi, degan savol hammamizni qiynashi kerak. Qabul qilinayotgan qarorlarni joylardagi ijrosi qanday bo‘layotganini Murojaatnomada, yaqinda o‘tkazilgan yig‘ilishda ham aytdim. Prezident qarorlarini 60 foiz tuman va shahar hokimlari tushunmaydi. Nimaga? O‘zining ustida ishlamaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident sessiya kun tartibiga bugungi sharoitni hisobga olib, Buxoro viloyatiga vatanparvar, fidoyi, qattiqqo‘l rahbarni tayinlash masalasi qo‘yilganini aytdi.
– Biz uch oydan beri viloyat hokimi lavozimiga Botir Zaripovni sinayapmiz. Albatta unga og‘ir, oson bo‘lmaydi. “Men Toshkentda yurgan ekanman, odamlarni safarbar qilish, yangi g‘oyalarga ishontirish, o‘zgartirish juda og‘ir masala ekan”, deb o‘zi aytdi. Bu ham to‘g‘ri. Tushungani uchun menga hamma savollarni qo‘yayapti. Yechimi bor bu savollarni. Deputatlar, faollar, tuman hokimlari, mahalla raislari ishlashi kerak. Endi mahalla katta kuch bo‘layapti. Agar mahalla dunyoqarashini o‘zgartirolsa kayfiyat ham, iqtisodiyot ham o‘zgaradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
So‘zga chiqqanlar nomzod haqidagi fikrlarini aytdi. Mahalliy kengash deputatlari Prezident tavsiya etgan nomzodni qo‘llab-quvvatlab, Botir Zaripov Buxoro viloyati hokimi etib tasdiqlandi.
Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasi davom etmoqda.
Matnazar Elmurodov, O‘zA