“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyatida elektron tijoratni rivojlantirish hamda yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida Toshkent markaziy vokzalining nazorat punktlariga elektron yo‘l hujjatlarini elektron tarzda nazoratdan o‘tkazish uchun qurilmalar o‘rnatildi.
bugungi kunda Toshkent markaziy vokzalidan poyezdlarga chiqadigan yo‘lovchilarga vokzal nazorat punktlarida elektron tarzda rasmiylashtirgan yo‘l hujjatlarini tez nazoratdan o‘tkazib, ortiqcha ushlanib qolmasliklari uchun imkoniyat yaratildi.
Bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilayapti. Dastlab, Toshkent – Samarqand yo‘nalishida harakatlanayotgan “Afrosiyob” tez yurar poyezdi vagon kuzatuvchilari ham mazkur elektron qurilma bilan ta’minlandi. bugungi kunda faqat ushbu poyezdga chiqadigan yo‘lovchilarning elektron tarzda rasmiylashtirgan yo‘l hujjatlari nafaqat qog‘ozda, balki mobil telefonida bo‘lsa ham nazorat qilish mumkin. Ushbu vokzaldan boshqa poyezdlarga chiqadigan yo‘lovchilar esa vaqtincha elektron tarzda rasmiylashtirgan yo‘l hujjatlarini qog‘ozga chiqarib olishlari zarur.
Kelgusida jamiyat tomonidan barcha temir yo‘l vokzallariga kirishdagi nazorat punktlari va boshqa poyezdlarning vagon kuzatuvchilari ushbu elektron mobil qurilmalar bilan to‘liq ta’minlanishi rejalashtirilgan.