Vatanimiz tarixidagi 22 yanvar sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1273 yil (bundan 748 yil oldin) – Chingizxonning nevarasi Huloku asos solgan Hulokuiylar davlati qo‘shini Buxoro shahrini ishg‘ol qildi. Shaharda talonchilik va qirg‘in boshlandi, bu to‘s-to‘polonlar vaqtida Buxorodagi eng yirik va chiroyli madrasa bo‘lgan Mas’udiya madrasasi va undagi ko‘plab qimmatbaho qo‘lyozma kitoblarga ega bo‘lgan kutubxona yonib ketdi.
Manbalarda Mas’udbek Chig‘atoy ulusini boshqargan yillarda (1254–1289) musulmonlar va ilm toliblari uchun oliy madrasa bino qilgani to‘g‘risida ma’lumotlar yozib qoldirilgan. Buxoroda ham bir qancha yirik imoratlar qurilib, shaharda qaytadan hayot jonlanadi. Aytishlaricha, mazkur madrasada qariyb ming nafar talaba ilm olar ekan. Unda ko‘plab qimmatbaho kitoblar to‘planib, boy kutubxona tashkil etilgan.
Tarixchi Abdusattor Jumanazarning qayd etishicha, Sayyid Muhammad Nosir ibn Muzaffar dushman bosqini oqibatida ro‘y bergan mudhish voqea va kutubxonaning anyachli qismati haqida shunday yozadi: “Buxoroliklar darvozalarni yopib qarshilik ko‘rsatishga urinishdi. Bir kunlik jangdan so‘ng Sadri Jahon sulhni ma’qul ko‘rib Oqbekniig Hindu nomli o‘gay o‘g‘li ishg‘ol etishga tayinlangan darvozani ochdi. Lashkar shaharga bostirib kirib, qatl va g‘orat qilmoqqa kirishdi. Qon daryolari oqa boshladi. Buxoro madrasalarining eng yirigi va hashamatlisi Mas’udbek madrasasiga o‘t qo‘yishdi. Bu madrasa va unda saqlanayotgan nafis kitoblardan kuldan boshqa narsa qolmadi”. Shaharda ur-ur, sur-sur, talash va o‘ldirishlar bir haftagacha davom etdi.
1868 yil (bundan 153 yil oldin) – Turkistondagi dastlabki rasmiy statistika organi – Turkiston statistika qo‘mitasi tuzildi. Uning raisi Turkiston general-gubernatori sanalgan. Mazkur tashkilot butun Turkiston general-gubernatorligiga oid statistik ishlar bilan shug‘ullangani tufayli unga “Turkiston statistika qo‘mitasi” nomi berilgan.
Qo‘mita Statistik yillik to‘plamlar nashr qilgan (jami 5 ta nashri chiqqan). O‘lka haqidagi statistik ma’lumotlarni ko‘paytirish uchun 1879 yili qo‘mitaning Zarafshon va Yettisuv bo‘limlari tuzilgan. 1887 yili ularning o‘rniga Sirdaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari statistika qo‘mitalari tashkil etilgan.
1911 yil (bundan 110 yil oldin) – Xiva xoni Asfandiyorxonning xonlikda islohot o‘tkazish to‘g‘risidagi farmoni asosida uch kun davomida – 20, 21, 22 yanvarda Xiva shahrida oliy martabali amaldorlar kengashida xonlikdagi islohotning 10 bo‘limdan iborat dasturi ishlab chiqilib, qabul qilindi. Islohot dasturini ishlab chiqish, mamlakat va fuqarolar uchun uning mohiyatini izohlab berishda bosh vazir Islomxo‘ja uzoqni ko‘ruvchi katta aql sohibi, tashabbuskor tashkilotchi, vatan ravnaqi uchun jonkuyar davlat arbobi ekanligini ko‘rsatdi.
1927 yil (bundan 94 yil oldin) – Samarqand Oliy pedagogika instituti (hozirgi Samarqand davlat universiteti) ochildi. Institut obro‘sini oshirish maqsadida sobiq Ittifoq respublikalaridan ko‘zga ko‘ringan professor va o‘qituvchilar taklif etildi. Tashkil etilgan o‘quv yurtida uchta bo‘lim, to‘rtta kafedra ochilib 11 nafar o‘qituvchi ish boshladi. 1927 yilning 1 dekabriga oid ma’lumotlarga ko‘ra, institutning 1-bosqichida 100 nafar, 2-bosqichida 57 nafar talaba o‘qigan. Bu talabalar orasida keyinchalik mashhur arxeolog olim, akademik Yahyo G‘ulomov ham bo‘lgan.
1962 yil (bundan 59 yil oldin) – O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi byurosining yig‘ilishi chaqirildi. Yig‘ilish tanqidiy ruhda bo‘lib, kun tartibi “O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi faoliyati masalasi” deb belgilangan bo‘lsa-da, unda asosan akademiya prezidenti Habib Abdullayev faoliyati ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda shaxsan Habib Abdullayev faoliyatiga nisbatan bir qator asossiz tanqidiy fikrlar bildirildi.
Tarixchi Jasur Hasanovning qayd etishicha, Habib Abdullayev ushbu yig‘ilishida so‘zlagan nutqida akademiya faoliyatiga bildirilgan bir qator kamchiliklar asossiz ekanligini ta’kidlagan. Lekin, shunga qaramay, Habib Abdullayevning kasalligi bahona qilinib, Fanlar akademiyasi prezidenti lavozimidan “o‘z arizasiga asosan” ozod qilindi. Bo‘lib o‘tgan ishlar olimning sog‘lig‘i, ruhiyatiga salbiy ta’sir o‘tkazdi.
1992 yil (bundan 29 yil oldin) – Filippin Respublikasi O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligini tan oldi.
2018 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi tasdiqlandi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi