Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 21 yanvar kuni Buxoro viloyatiga keldi.
Davlat rahbari vertolyotda Olot tumaniga yo‘l oldi.
Bu – hududlar iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan joriy yilgi birinchi tashrif. Va u mazkur chekka tumandan boshlanayotgani bejiz emas.
2020 yil 27 aprel kuni Buxoro viloyatiga janubdan kuchli shamol kirib kelgan edi. Uy-joylar, infratuzilma va ekinlarga katta zarar yetkazgandi.
Davlatimiz rahbari zudlik bilan u yerga yetib borib, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish, turar joylar va ijtimoiy ob’ektlarni ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Qisqa muddatda zarur ishlar bajarilib, hayot o‘z maromiga qaytdi.
Bu galgi safar chog‘ida Prezident vertolyotda ushbu ishlar qamrovini ko‘zdan kechirdi.
Xususan, Olot, Qorako‘l, Jondor, Romitan, Peshku va Shofirkon tumanlarida 45 mingta uy, 204 ta ko‘p qavatli turar joy ta’mirlangan. Mingdan ortiq ijtimoiy soha va tadbirkorlik ob’ektlari, yo‘llar, elektr, gaz va aloqa tarmoqlari tiklangan.
Davlatimiz rahbariga hududlarda xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga oid loyihalar taqdim qilindi.
Unga ko‘ra qishloq joylarda, mahallalarda mobil xizmat ko‘rsatish punktlarini konteynerlarda tashkil qilish mumkin. Konteynerlar ham mahalliy ishlab chiqaruvchi tomonidan tayyorlanmoqda. Undan mini tikuvchilik sexi, go‘zallik saloni, poyabzal ta’mirlash ustaxonasi, shirinlik do‘koni kabi ko‘plab yo‘nalishlarda foydalansa bo‘ladi. Shunday platformalardan bittasida kamida 4 ta ish o‘rni yaratish mumkin.
Prezidentimiz loyiha bilan tanishib, mutasaddilarga ularning tannarxini kamida 30 foizga kamaytirish, kommunikatsiya va kanalizatsiya tizimlariga ulash masalalarini hal qilish bo‘yicha topshiriq berdi.
Shuningdek, Olot va unga qo‘shni tumanlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan arxitektura-qurilish, xususan, tuman markaziy ko‘chalarini rekonstruksiya qilish, aholi uchun zamonaviy ko‘p qavatli uylar qurish loyihalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Olot tumani markazida Olot, Qorako‘l, Jondor va Shofirkon tumanlari faollari, mahalla raislari bilan uchrashdi. O‘tgan yili sodir bo‘lgan tabiiy ofat yodga olindi.
– 2020 yil Vatanimiz uchun, shu jumladan, Buxoro viloyati uchun juda katta sinovlar yili bo‘ldi. Bu yerda yuz bergan tabiiy ofat iqtisodiyotga, infratuzilmaga, odamlar 30-40 yillab qurgan uylariga katta talafot yetkazdi. Biz xalqimizning sabr-toqati, birdamligi, hamjihatligi bilan bu balolardan qudratli bo‘lib chiqamiz, deb niyat qilgandik, mana, shu natijalarga erishdik, – dedi Prezident.
Hech bir oila e’tiborsiz qoldirilmagani ta’kidlandi. Xususan, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida Olot, Qorako‘l va Jondordagi ehtiyojmand oilalarga qariyb 14 milliard so‘m moddiy yordam ko‘rsatilgan.
Aholi farovonligini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishi, buning uchun quyi tizimdagi rahbarlar uyg‘onishi, jon kuydirishi kerakligi aytildi.
– Bugun bu yerga kelishimdan maqsad – xalqimizni ko‘proq eshitish, ertangi marralarni belgilashda to‘g‘ri yo‘l tutish. Tuman hokimlari va mahalla raislari o‘zlarini qiynayotgan muammolarni ochiq-oydin aytib, ularning yechimi bo‘yicha takliflarini bildirsa, niyatimiz amalga oshadi, – dedi davlat rahbari.
Hududlarni rivojlantirish dasturi hamda kambag‘allikni qisqartirish rejalari mahallabay tizim asosida ishlab chiqilishi ta’kidlandi.
Mutasaddilar Olot tumanida mahallabay ishlash tizimi taqdimoti chog‘ida Bunyodkor va Shayxlar mahallalari uyma-uy yurib o‘rganilgani, shunda aholi vakillari turli kasb-hunarlarni egallash istagi borligini bildirganini qayd etdi. Fuqarolarning istaklaridan kelib chiqib, bugungi kunda tumandagi kasb-hunar maktabi huzurida sakkiz yo‘nalishda kasblarga o‘rgatish o‘quv kurslari tashkil etildi.
Prezident mazkur tajriba asosida Respublika O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va uning hududiy boshqarmalari hamda mamlakatimizdagi 700 dan ortiq kasb-hunar maktabini Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga bo‘ysunadigan yangi tizim joriy qilish zarurligini ta’kidladi. Tegishli rahbarlarga joylarda aholining talab va istaklaridan kelib chiqib, o‘sha hududdagi tadbirkorlarga kerak bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitishni tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Mahalla raislariga o‘z hududidagi har bir fuqaroni rozi qilish, iqtisodiy sektor bilan birgalikda xonadonma-xonadon yurib, ish o‘rinlari yaratish, o‘sha xonadonlarda obodlik va farovonlikni ta’minlash bo‘yicha vazifalar yuklatildi.
– Mahalla raisi qachon obro‘li bo‘ladi? Xalq dardini rahbarlarga lo‘nda qilib qo‘ysa. Hamma masala avvalo mahallada hal bo‘lsagina odamlar rozi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga respublika bo‘yicha chekka hududlarda joylashgan 968 ta mahalladagi sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Jumladan, Buxoro viloyatidagi 55 ta og‘ir, olis va chegara hududlardagi mahallalar tanlab olinib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda ushbu mahallalarda obodonlashtirish ishlari va mahallabay tizimni joriy etish bo‘yicha alohida vazifalar belgilab berildi.
Bu yil yoshlar va oilaviy tadbirkorlik loyihalari uchun Qorako‘l tumaniga 36 milliard so‘m, Olot tumaniga 21 milliard, Jondor tumaniga 49 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
2021-2022 yillarda Olotda 42 ta, Qorako‘lda 56 ta, Jondorda 67 ta loyiha amalga oshirilib, 3 mingta doimiy ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Olotda loyiha qiymati 20 million dollar bo‘lgan logistika markazi, Qorako‘lda oltingugurtni qayta ishlash korxonasi, Jondorda keramik plitalar ishlab chiqarish ob’ekti ishga tushiriladi. Kichik sanoat zonalari tashkil etiladi.
Qishloq xo‘jaligida ham foydalanilmagan imkoniyatlar bor. Joriy yilda 18 kilometr melioratsiya tarmoqlari qurilib, Janubiy Olot xo‘jaliklararo kollektori rekonstruksiya qilinadi. Natijada foydalanishdan chiqqan yerlar qayta o‘zlashtirilib, bozorbop mahsulotlar yetishtiriladi.
Prezidentimiz ijtimoiy sohalarni rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtaldi. Xususan, Olot tumanida kinoteatr va kutubxonani o‘z ichiga olgan Ma’naviyat va madaniyat markazi qurilishi qayd etildi. Shuningdek, maktab, bolalar bog‘chasi, tibbiyot muassasalari, ijtimoiy xizmat ob’ektlari barpo etiladi.
Bu yil Qorako‘ldagi Xalqaro matematika maktabi rekonstruksiya qilinib, 200 o‘rinli yotoqxona qurilishi ta’kidlandi. Bu dargohning iqtidorli yoshlari IT sohasiga jalb qilinadi.
Jahon banki ishtirokidagi Olot va Qorako‘l tumanlari ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 139 million dollarlik loyiha yakunlanib, 265 ming aholi ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Bu ikki tumanda so‘nggi 30 yildan buyon ichimlik suvi ta’minoti 17 foiz bo‘lgan, joriy yilda bu ko‘rsatkich 90 foizga yetadi.
Davlatimiz rahbari uchrashuvda mahalliy aholining murojaatlarini inobatga olib, Olot – Toshkent temir yo‘l qatnovi qayta tiklanishini ma’lum qildi.
Bugun butun mamlakatda uyg‘onish davri. Loqaydlik, o‘zibo‘larchilik bilan o‘zgarish bo‘lib qolmaydi. Xalqqa sharoit yaratish, tashabbuskorlarga ko‘maklashish, tinimsiz intilish va mehnatgina natija keltiradi. Uchrashuv mana shunday ruhda o‘tdi.
Buxoro tumanidagi «Buxoro Varnet» korxonasi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yilda bu yerga kelganida ish endi boshlangan edi. Hozirgi kunda u zamonaviy agrosanoat majmuasiga aylanmoqda.
Avval bu yerda faqat issiqxona bo‘lgan bo‘lsa, endilikda uning yonida o‘quv markazi, laboratoriya hamda issiqxonalar uchun konstruksiyalar ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etilmoqda. Ya’ni, zamonaviy issiqxonalar uchun nimaiki kerak bo‘lsa, shu yerda tayyorlanadi.
Davlatimiz rahbari bu galgi tashrifi chog‘ida mazkur majmuaning yangi imkoniyatlari bilan tanishdi.
– Issiqxonalar bilan shuncha yildan beri shug‘ullanyapmiz, lekin professionallar yo‘q edi. Endi bu yo‘nalish yangi sifat bosqichiga chiqyapti, – dedi Prezident.
Buxoro viloyatining ko‘p yerlari sho‘rxok va qumloq, suv esa tanqis. Bunday joylarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun gidroponika usuli juda qulay. Shu bois 2018 yil 10 iyuldagi Prezident qarori bilan «Buxoro-agro» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgan edi. Bu zona uchun Jondor, Kogon, Peshku, Romitan va Buxoro tumanlaridan 3 ming gektar yer ajratildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etilib, klaster tizimida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish uchun keng sharoit yaratildi.
«Buxoro Varnet» korxonasi ham ana shu imkoniyatlar samarasi. Loyihaning umumiy qiymati 120 million dollardan ziyod bo‘lib, bu mablag‘ning hammasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar tashkil etadi.
bugungi kungacha 10 million dollar tashqi investitsiya o‘zlashtirilib, 13 gektar maydonda issiqxona qurib bitkazildi, 260 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. Yana 17 gektarda qurilish ishlari davom etmoqda.
O‘tgan yili qariyb 20 milliard so‘mlik mahsulot yetishtirilib, 1 million dollarlik eksport qilingan. Joriy yilda 26 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinishi rejalashtirilgan.
Korxona uchun qariyb 113 gektar yer ajratilgan bo‘lib, to‘liq ishga tushganda yillik quvvati 33,8 ming tonna bo‘ladi, jami 2 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi.
Prezident 2020 yil 12 dekabr kuni Xorazm viloyatida bo‘lganida yirik issiqxonalar huzurida o‘quv markazi ochib, shu yo‘nalishga qiziqqan tadbirkorlar va yoshlarni tayyorlash kerakligini ta’kidlagan edi. Davlatimiz rahbari «Buxoro Varnet» korxonasida tashkil etilgan shunday markazni kirib ko‘rdi.
– Bu tizim nima uchun muhim? Birinchidan, yoshlarimizga rivojlangan mamlakatlar mutaxassislari onlayn rejimda dars beradi. Ikkinchidan, issiqxonalar uchun zarur materiallar mahalliylashtiriladi. Eng muhimi, bozor talabiga mos mahsulot ishlab chiqariladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari «Buxoro Varnet» korxonasida xonadonlar uchun ixcham issiqxonalar qurib berishni yo‘lga qo‘yish lozimligini ta’kidladi.
Shu yerda 2021 yil uchun Buxoro viloyatida agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Barcha loyihalardan ko‘zlangan yagona maqsad – aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirishda qishloq xo‘jaligini drayverga aylantirish.
Buxorodagi «BCT Cluster» paxta-to‘qimachilik klasteri O‘zbekistondagi qaldirg‘och klaster hisoblanadi. U Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan klaster g‘oyasining dastlabki amaliy natijasidir.
Davlatimiz rahbari klasterga qarashli “Bukhara Cotton Textile” to‘qimachilik korxonasiga bordi.
«BCT Cluster» davlatimiz rahbarining 2017 yil 19 maydagi «Buxoro viloyatida zamonaviy paxta-to‘qimachilik klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan tashkil etilgan. U o‘zida paxta yetishtirishdan tortib, uni chuqur qayta ishlashgacha bo‘lgan barcha texnologik zanjirlarni to‘liq birlashtirgan. Xususan, Buxoro viloyatining Romitan tumanidagi 8 000 gektar ekin maydonida paxta yetishtirilsa, tola Buxoro shahrida bunyod etilgan zamonaviy to‘qimachilik majmuasida chuqur qayta ishlanadi.
Ushbu yirik loyihani amalga oshirish uchun jami 106,5 million AQSH dollari miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirildi. Zanjirli ishlab chiqarishning oxirgi halqasi hisoblanadigan “Bukhara Cotton Textile” korxonasi uchun esa 65,2 million AQSH dollarilik mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada Buxoro shahrining tashlandiq bo‘lib qolgan sobiq to‘qimachilik kombinati hududida zamonaviy ishlab chiqarish ob’ekti paydo bo‘ldi.
Mazkur yirik to‘qimachilik majmuasi tarkibida beshta – yigiruv, bo‘yash, to‘qimachilik, “Denim” jinsi matosiga ishlov berish, tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarish fabrikalarini birlashtirgan.
Aytish joizki, majmuaning umumiy maydoni 10 gektar. Bu yerda mavjud bo‘lgan bitta eski bino tubdan qayta rekonstruksiya qilinib, qo‘shimcha ravishda yana 19 ta yangi bino va inshootlar barpo etildi. Klasterning ishlab chiqarish fabrikalari Germaniyaning “Schlafhorst Zweigniederlassung der Saurer Germany Gmbh&Co KG”, “Volkmann Saurer”, “Beninger AG”, “Xetma”, “Monforts”, “Mayer”, “Menzel”, “Osthoff”, AQSHning “MORRISON”, Belgiyaning “PICANOL n.v.”, Fransiyaning “AESA” kabi dunyo to‘qimachilik sanoatida yetakchi bo‘lgan kompaniyalarida tayyorlangan eng zamonaviy texnologik liniyalar, asbob-uskuna va dastgohlar bilan jihozlandi.
Mazkur to‘qimachilik korxonasida 1500 nafar, klaster bilan qo‘shib hisoblaganda 6000 nafar xodim faoliyat yuritmoqda.
Prezident korxonadagi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi, tayyor mahsulot namunalarini ko‘zdan kechirdi.
– Jinsi matolar va mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha eng ilg‘or davlatlar bilan raqobat qilish mumkin. Chunki yerimiz, suvimiz, paxtamiz o‘zimizniki. Ishlayman degan yoshlarimiz ko‘p. Tannarxni yana pasaytirsa bo‘ladi. Lekin sifati xalqaro darajada bo‘lsa, dunyoda albatta o‘z o‘rnini topadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Klaster tomonidan yiliga o‘rtacha 26 ming tonna paxta xom ashyosi yetishtiriladi. Uni birlamchi qayta ishlash orqali 9100 tonna tola olinadi. Tola esa “Bukhara Cotton Textile” korxonasida chuqur qayta ishlanib, undan dastlabki bosqichda 8450 tonna kalava ip yigiriladi. Keyingi bosqichda esa 15 million pogon metr denim jinsi matolari to‘qiladi. So‘nggi bosqichda qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan tayyor mahsulotlarga aylantiriladi. Ya’ni tashqi va ichki bozorda raqobatbardosh bo‘lgan jinsi liboslari tikiladi.
Buning iqtisodiy samaradorligi shundaki, dunyo bozorida 1 kilogramm tola qiymati xom ashyo sifatida 1,5 dollar bo‘lsa, tayyor kiyim qilib sotilganda kamida 25 dollarga aylanadi.
Korxona ayni paytda yiliga o‘rtacha 12,5 million dona “Denim klassik” va “Denim streych” shimlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Tayyor mahsulotlarning 80 foizi eksport qilinadi.
Suv resurslaridan unumli foydalanish maqsadida 2020 yilda paxta maydonlarining salkam 1000 gektariga tomchilatib sug‘orish usuli joriy qilindi. 2021 yilda yana 1000 gektar yerda bu usul tizimlari qo‘llaniladi. Shu tariqa yaqin istiqbolda paxta yetishtirishda to‘liq tomchilatib sug‘orish usulidan foydalanila boshlanadi.
Klaster tomonidan O‘zbekistonda birinchi milliy jinsi brendi – «B Jeans» yaratilgani uning navbatdagi yutug‘i bo‘ldi. Xaridorlarga ushbu yorliq ostidagi jinsi liboslarini yetkazib berish maqsadida 2020 yilda Toshkent, Buxoro, Samarqand va Namangan shaharlarida klaster savdo tarmoqlari ishga tushirildi. Bu esa “zanjirli” ishlab chiqarishning eng muhim bo‘lgan yakuniy halqasi bog‘langanidan dalolatdir.
Klaster o‘z oldiga respublika bo‘yicha 50 ta ana shunday savdo do‘konlari ochishni maqsad qilgan. Xususan, yaqin kunlarda Andijon va Farg‘onada ana shunday firma do‘konlari ishga tushirilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning chet el davlatlardagi elchixonalari ko‘magida xorijda 100 ta savdo nuqtasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Ayni paytda Germaniyaning Myunxen, Drezden kabi yirik shaharlarida o‘zbek milliy brendi ostidagi mahsulotlar yetkazib beriladigan dastlabki 7 ta savdo do‘konini ishga tushirish sa’y-harakatlari olib borilyapti. Yaqin kunlarda esa qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh shahrida “Savdo uyi” ochilishi mo‘ljallangan. Kelgusida bunday savdo tarmoqlari faoliyati Yevropa davlatlari, Boltiqbo‘yi respublikalari, Yaponiya va hatto jinsi vatani bo‘lgan AQSHda ham yo‘lga qo‘yiladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, chet ellardagi savdo tarmoqlari orqali yiliga o‘rtacha 75-80 million yevro miqdorida valyuta tushumiga erishilishi mumkin. Bu milliy brendlarimiz tez orada dunyo bozorlarini egallashidan bir nishonadir.
Toshkent shahrida O‘zbekiston madaniy meros haftaligi doirasida tashkil etilgan “Milliy liboslar – yangi renessans durdonalari” modalar namoyishida “B Jeans” brendi ostidagi liboslar kolleksiyasi ilk namoyishdayoq muvaffaqiyat qozondi. Modalar namoyishida 50 dan ziyod liboslar kolleksiyasi taqdim etildi. “VST Cluster” jinsi matolari asosida yaratilgan liboslar 40 dan ortiq mamlakatlardan kelgan soha mutaxassislari tomonidan yuksak baholandi. Natijada o‘zida tabiiylik, qulaylik va hashamni mujassam etgan “B Jeans” kolleksiyasi “O‘zbek milliy liboslari an’analarini saqlash va rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun” maxsus diplom bilan taqdirlandi.
Darvoqe, “Bukhara Cotton Textile” korxonasida ishlab chiqarilayotgan jinsi matolari rangining tabiiyligi bilan ham ichki va tashqi bozorda ustunlikka ega. Ishlab chiqarishda zarur bo‘ladigan tabiiy bo‘yoq olish uchun esa klaster rahbariyati sa’y-harakatlari bilan xorijdan indigofera o‘simligi urug‘lari olib kelindi va 80 gektar maydonda yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Pirovardida shu yerning o‘zida tabiiy bo‘yoqlar olishga muvaffaq bo‘lindi.
Klaster jamoasi o‘z oldiga korxona faoliyatini kengaytirish, mahsulot turini ko‘paytirish va sifatini yanada yaxshilash evaziga O‘zbekiston jinsi buyumlari jahon bozoridan mustahkam joy egallashiga erishishni bosh maqsad qilib qo‘ygan.
Davlatimiz rahbari mahsulotlar turini ko‘paytirish, dunyoga mashhur brendlar bilan hamkorlikda kiyimlar ishlab chiqarish zarurligini ta’kidladi.
Shu yerda 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan Buxoro viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari, yoshlar bandligini ta’minlash rejalari taqdimoti o‘tkazildi.
– Xalq ichida yurib, har bir yoshning muammosini eshitib, nazoratga olib, oxir-oqibat hal etib bersak, vaziyat o‘zgaradi. Yoshlar ishlari agentligining asosiy vazifasi shu bo‘lishi kerak, – dedi Prezident.
Yoshlarni kasbga yo‘naltirish, tadbirkorlikka o‘qitish, biznesi va hunarmandchiligini ochishga ko‘maklashib, bandligini oshirish choralari muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahridagi davlat xizmatlari markazi va IT-Parkni borib ko‘rdi.
Bu yerda “yagona darcha” tamoyili asosida 130 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Binoda Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi, Xalq qabulxonasi, Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha qabulxona, FHDYO bo‘limi, notarial idora ham joylashgani aholiga qulaylik yaratgan. Kutish zalida kitoblar javoni tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari xizmatlar narxini arzonlashtirish, uzoq mahallalar aholisiga sayyor va onlayn xizmat ko‘rsatish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Shu yerda Korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikasi ham ochilgan. Moliyaviy va yuridik maslahatlar berish, axborot xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
Binoning ikkinchi qavatida IT-Parkning Buxoro filiali joylashgan. Bu yerda ham o‘quvchilar, ham talabalar, ham frilanser va dasturchilar uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Bolalar maktab davridan o‘yinlar orqali axborot texnologiyalariga qiziqtiriladi, keyin o‘qitilib, loyihalar ishlab chiqishga o‘rgatiladi. Bu yerda yosh havaskorlar, robototexniklar, veb-dizaynerlar, professional dasturchilar yig‘ilgan.
Prezidentimiz buxorolik yoshlarning salohiyatini yuksak baholab, bu soha mamlakatimiz taraqqiyoti uchun juda muhim ekanini ta’kidladi.
– Buxoro azaldan ilm-fan markazi bo‘lgan. Bugun ham bilimli, intiluvchan yoshlar ko‘p. Buxoroning IT sohasi bo‘yicha brendini yaratish kerak. Buning uchun barcha narsa – sharoit, resurs, intellekt bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz «Mandey LABS» korxonasiga asos solgan 25 yoshli Saidravshan Shokirov, xalqaro IT kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlayotgan dasturchi Shahrullo Tuxsanov va boshqa yoshlar bilan suhbatlashdi.
Dolzarb iqtisodiy-ijtimoiy masalalar bo‘yicha yosh dasturchilarga buyurtma berish, mablag‘, energiya resurslari va vaqtni tejovchi dasturiy mahsulotlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari IT-Parkdagi yoshlar bilan esdalik uchun suratga tushdi.
IT-Park uchun Bukhara City majmuasida 9 va 12 qavatli zamonaviy binolar qurilmoqda. Majmuada kovorking markazi, ofislar, mehmonxona, restoran va sport zallari bo‘ladi. U yerda 700 dan ziyod ish o‘rni yaratiladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Buxoroga tashrifi davom etmoqda.
Matnazar Elmurodov,
Ziyodulla Jonibekov,
Abdulaziz Musayev,
O‘zA muxbirlari