Pandemiya barcha sohalarga ta’sir ko‘rsatdi. Shu sabab 2020/2021 o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi magistraturasi va qayta tayyorlash kurslariga qabul amalga oshirilmadi. Natijada 2020 yilning sentyabr-dekabr oylari davomida professor-o‘qituvchilar o‘quv yuklamalari kamaygan.

Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan 2020/2021 o‘quv yilida davlat organlari va tashkilotlari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ular uchun qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish bilan bog‘liq ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bois 2021/2022 o‘quv yiliga qadar Akademiyada 2019/2020 o‘quv yilida shakllangan 49ta professor-o‘qituvchi shtat birligi saqlab qolinadi.

Bu O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18 yanvardagi “Koronavirus pandemiyasi sharoitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mustahkamlab qo‘yildi.

O‘zA