21 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Buyuk Britaniyaning inson huquqlari bo‘yicha elchisi, Buyuk Britaniyaning BMTdagi doimiy vakolatxonasi va Jeneva shahridagi boshqa vakolatxonalari rahbari o‘rinbosari Rita French bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan tadbirda Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Tim Torlou ham ishtirok etdi.
Dastlab qatnashchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy o‘zgarishlar, xususan, inson huquqlarini himoya qilish va ta’minlash sohasidagi islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Yangi tahrirdagi «Vijdon erkinligi va diniy munosabatlar to‘g‘risida»gi qonunni tayyorlash, Buyuk Britaniya “Global Partners Governens” tashkiloti bilan hamkorlikda hukumatning inson huquqlari sohasidagi faoliyatini monitoring qilish yuzasidan parlament kuzatuv komissiyasi rolini kuchaytirish bo‘yicha loyihani amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston tomoni Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyani bosqichma-bosqich amalga oshirish, bolalar mehnatini yo‘q qilish, xalqaro mehnat standartlari va me’yorlari, qabul qilingan yangi qonunlar, ayollar huquqini mustahkamlash, nodavlat notijorat tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini soddalashtirish, ommaviy axborot vositalari erkinligini kuchaytirishga doir ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.
Muzokara chog‘ida parlamentlararo aloqalarni yanada chuqurlashtirish muhimligi qayd etildi. Ayni jarayon munosabatlarni yangi bosqichga olib chiquvchi xalqaro shartnomalarni o‘z vaqtida ratifikatsiya qilinishida muhim ekani ta’kidlandi.
Muloqot ishtirokchilari koronavirusning dunyo bo‘ylab tarqalishi ko‘lamiga ham to‘xtalib, ushbu global tahdidga qarshi kurashish borasida O‘zbekiston va Buyuk Britaniyada ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida fikr almashdilar. Shu nuqtai nazardan, pandemiyaning o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarga salbiy ta’siri oldini olish maqsadida ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish zarurligi e’tirof etildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro majburiyat tasdiqlandi.
G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA